Breaking News

AQSh Davlat kotibi NATO sammitiga qanday rejalar bilan bormoqda?


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

AQSh va NATO terrorizm va kiber tahdidlarga qarshi kurash, energetik xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha hamkorlikni kuchaytirishga qaror qilgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 19-noyabr kuni NATOga a’zo mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari sammitida ishtirok etish uchun Bryusselga jo’nab ketdi. Tadbir doirasida AQSh diplomati NATO bo’yicha muhim ittifoqchilar bilan ham muzokaralar o’tkazadi.

Davlat Departamenti tarqatgan ma’lumotga ko’ra, NATO liderlarining dekabr oyida Londonda o’tishi kutilayotgan sammiti oldidan Pompeo Bryusselda terrorizmga qarshi kurash va energetik xavfsizlik masalalariga to’xtaladi.

“Biz terrorizm tahdidi ortgan mutlaqo yangi davrda yashayapmiz. Dunyo miqyosida kuchlar muvozanati o’zgarib turibdi. Kiber tahdidlar ortgan”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

NATO doirasidagi barcha ittifoqchi mamlakatlar ayni damda IShID jangarilariga qarshi koalitsiya tarkibiga kirgan.

Yaqinda poytaxt Vashingtonda AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning 30 dan ziyod a’zolari uchrashib, “Islomiy davlat” ustidan to’laqonli g’alabaga erishish borasida kelishib olgan edi. Tomonlar, shuningdek, Suriyaga uzluksiz gumanitar yordam ko’rsatishni maqsad qilgan.

Sammitda Xitoy va 5G texnologiyasiga doir masalalar ham muhokama qilinadi.

“Xitoy pozitsiyasi NATO xavfsizligi, xususan, kommunikatsion xavfsizligiga tahdid solmoqda. Biz blokni rivojlantirish kerakligini tushunib turibmiz”, - dedi Pompeo Xyuston shtatida Beyker Institutida nutq so’zlar ekan.

AQSh o’z ittifoqchilarini Xitoy va uning 5G texnologiyasiga qarshi keskin pozitsiyada turishga chaqirib keladi. Xususan, Xitoyning “Huawei” kompaniyasini global bozordan siqib chiqarish kampaniyasiga yetakchilik qiladi.

Vashingtonga ko’ra, Xitoy “Huawei” texnologiyalaridan josuslikda foydalanishi mumkin. AQSh rasmiylari shu kompaniya vositalaridan foydalanadigan mamlakatlar bilan maxfiy axborot almashinuvini to’xtatish haqida ogohlantirgan.

Biroq “Huawei” ma’muriyati kompaniya axborot o’g’irlash maqsadidan yiroq ekanini va Xitoy hukumati nazorati ostida ish yuritmasligini aytib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG