Breaking News

Tramp-Erdog'an uchrashuvi: muloqot qanday kechdi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an bilan, Oq uy, 2019-yil, 13-noyabr
AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an bilan, Oq uy, 2019-yil, 13-noyabr

13-noyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashdi, ammo shimoliy Suriyadagi harbiy amaliyot va Rossiya aslahasini sotib olish bilan bog'liq ziddiyatlar bo'yicha yakuniy kelishuvga erishilmagan.

AQSh-Turkiya munosabatlari eng sovuq pallaga tushgan bir paytda Tramp Erdog'anni Vashingtonda iliq kutib oldi.

"Biz uzoq vaqtdan beri, deyarli birinchi kundan do'st bo'lganmiz", - dedi Tramp.

Har ikki mamlakat o'zaro savdo hajmini 100 milliard dollarga yetkazish niyatida. Bu hozirgi hajmdan uch barobar katta ko'rsatkich.

"Iqtisodiy aloqalarimiz ulkan salohiyatga ega va o'sishda hamda kengayishda davom etadi. Fuqarolarimizga farovon va tinch kelajakni ta'minlashda ikki davlatimiz orasida diplomatiya va to'g'ridan to'g'ri muloqot qilish muhim", - deya qo'shimcha qildi Tramp.

Erdog'anning tashrifi Turkiya askarlari Suriyaga kirishi ortidan Kongress Anqaraga yangi sanksiyalar qo'yish haqida ogohlantirgan bir paytga to'g'ri keldi. Turkiya terrorchi sifatida ko'radigan kurd bo'linmalarini AQSh IShIDga qarshi kurashda o'zining yaqin ittifoqchisi deb biladi.

"Avvalo, ikkita narsa o'rtasidagi farqni aniqlab olishimiz kerak. Kurdlar bilan hech qanday muammoimiz yo'q. Biz terrorchi tashkilotlar bilan muammoga egamiz va ularning ba'zilari kurdlar", - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an.

Turkiya qo'shinlarining shimoliy Suriyaga kirishi Vashington bilan aloqalarni yanada sovuqlashtirdi.

"Aloqalar yanada yomonlashdi. Bu narsa Vakillar palatasida armanlar genotsidi va Turkiyaga qarshi sanksiyalar bo'yicha berilgan ovozlardan ma'lum. Ayni paytda bu sovuqlik ikki yetakchi o'rtasidagi aloqa har qachongidan yaqin bo'lgan bir damda yuz beryapti", - dedi tadqiqotchi Bulent Aliriza.

NATO a'zosi bo'lgan Turkiya AQSh bilan munosabatlar buzilishi ortidan Rossiyaga yaqinlashib bormoqda. Mosvkadan "S-400" mudofaa tizimining sotib olinishi shuning natijasi bo'ldi.

Bunga javoban, AQSh Anqaraga "F-35" qiruvchi samolyotlarining sotilishini to'xtatib qo'ydi.

Oq uydagi uchrashuvda bu masala ham muhokama qilinishi rejalangan, ammo muloqot natijasi qanday tugagani ma'lum emas. Turkiya, agar AQSh samolyotlarini sotmasa, Rossiyadan ko'proq qurol sotib olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG