Breaking News

AQSh IShIDga qarshi kurashda yetakchilik rolini saqlab qoladi


AQSh “Islomiy davlat” terror guruhini yo’q qilish uchun kurashni davom ettiradi. Tramp ma’muriyati hukumatlardan bu guruh safida jang qilgan fuqarolarini qaytarib olib, jazoga tortishni talab qilmoqda.

Ittifoqchilar, shuningdek, Iroq va Suriyani qayta qurishga kattaroq hissa qo’shsin, deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo. Koalitsiya a’zolari shu hafta Vashingtonda muloqot qildi.

“Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr Bag’dodiy yaqinda AQSh maxsus kuchlari Suriyada o’tkazdan amaliyotda halok bo’ldi. Mart oyida terrorchi bu guruh xalifat deb e’lon qilgan hududlarning barchasi ozod etilgan edi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo IShIDga qarshi koalitsiyani asrning eng muvaffaqiyatli tuzilmalaridan biri deya maqtamoqda.

“Jihodchilar orzusini puchga chiqardik. Yaqin Sharq markazida terrorchi davlat tashkil topishiga yo’l qo’ymadik. Millionlab insonni zulmdan qutqardik. Hududni barqarorlashtirish va tiklash ishlari davom etyapti”, - deydi AQSh bosh diplomati.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham shu fikrda. Ammo Suriyada ahvol qaltis qolayotganini qayd etadi.

“NATO a’zolari orasida u yerdagi vaziyat bo’yicha tafovutlar borligi hammaga ma’lum. Lekin “Islomiy davlat”ga qarshi yutuqlarimizni boy bermaslik, BMT boshchiligidagi sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlashimiz kerak”, - deydi alyans rahbari.

Turkiyaning Suriyadagi kurdlarga hujumi chuqur xavotir bilan qarshi olindi. Turk amaliyoti amerikalik qo’shinlar bazalarini tark etganidan so’ng boshlangan edi.

“AQSh prezidenti qo’shinlarni olib chiqish haqida to’satdan e’lon qildi. Bu Turkiya rahbari Erdog’anning amaliyotni boshlashiga turtki bo’ldi, AQShning ittifoqchilari xavf ostida qoldi”, - deydi siyosatshunos Jonatan Katz.

Koalitsiya a’zolari barcha muammolarni ochiq muhokama qildi, deydi AQShning Suriya bo’yicha maxsus vakili Jeyms Jeffri.

“Missiya muvaffaqiyati xavf ostida. Yanada yaqinroq hamkorlik qilishimiz, birlikni saqlashimiz, muvofiqlashgan holda ish ko’rishimiz kerak”, - deydi diplomat.

Jeyms Jeffri Bag’dodiyni yo’q qilishga qaratilgan reydga ishora qilib aytishicha, AQSh global koalitsiyada yetakchilik rolini saqlab qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG