Breaking News

Sudanda sobiq prezident partiyasi faoliyati taqiqlandi


Sudan bayrog'ini ko'tarib olgan namoyishchi, Xartum, Sudan, 2019-yil, 19-aprel

Sudan hukumati sobiq prezident Umar Bashir hokimiyatining asosini tashkil qilgan partiya faoliyatini taqiqlash haqidagi qonunni tasdiqladi. Namoyischilar bu yangilikni nishonlash uchun ko'chalarga chiqdi. Yangi qonun ayollarning kiyinishi va axloqini nazorat qiluvchi tartibni ham bekor qildi.

Adliya vaziri Nosir Eldin Abdul Borining aytishicha, yangi qonun harbiylar va namoyishchilar yetakchilari o'rtasida tuzilgan konstitutsion loyiha asosida qabul qilingan.

Uning qo'shimcha qilishicha, qonun asosida sobiq prezidentning Milliy Kongress partiyasi faoliyati to'xtatiladi va unga tegishli mol-mulk musodara qilinadi.

Aholi qonunni Sudan uchun yangi g'alaba deb atamoqda.

Namoyishchilardan biri Umar Bobning aytishicha, bu u uchun hayotidagi eng baxtli kuni. Xalq nihoyat Bashirning 30 yillik mustabid tashkilotidan qutildi, deydi u.

O'n minglab odamlar ishtirokidagi namoyishlar o'tgan yili oziq-ovqat narxining oshishiga qarshi boshlangan edi. Ular islohotlar va Bashirning iste'fosini talab qila boshladi. Shu yil aprel oyida harbiylar Bashirni hukumatdan ag'darib hibsga oldi. Shundan beri namoyishchilar sobiq davlat rahbarining partiyasi taqiqlanishini ham talab qila boshladi.

Bashir hukumatida ishlagan ko'plab rasmiylar ham hibsda. Ular, asosan, korrupsiya jinoyatlarida ayblanmoqda.

Yangi qonunga ko'ra, Bashir hukumati yoki partiyasining sobiq a'zolari 10 yilgacha siyosiy faoliyat bilan shug'ullanishi mumkin emas.

Qonun Bashir davrida qabul qilingan jamoat tartibini ham bekor qiladi. U, asosan, ayollarning axloqi va kiyinishini nazorat qilish uchun ishlatilgan.

Bashirni hokimiyatdan ag'darish harakati tepasida turgan general va namoyishchilar yetakchlari avgust oyida o'zaro kelishib, hukumatni uch yil davomida boshqarish uchun qo'shma kengash tashkil etdi. Shundan so'ng yangi hukumatni tuzish bo'yicha saylovlar bo'lib o'tadi.

Milliy Kongress partiyasi yangi qonunni tanqid qilib, mamlakatdagi iqtisodiy inqirozni hal qila olmagan "noqouniy" hukumat partiya mol-mulkini tortib olayotgani haqida bayonot chiqardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG