Breaking News

Sudanda AQSh yetakchiligida yangi hukumat tuziladi


Xartum, Sudan

Sudanda harbiy rahbarlar va muxolifat uch yillik qo'shma hukumat tuzishga kelishib olgan. AQSh - vositachi. Vashington jarayon oson kechmaydi, deya ogohlantirmoqda.

Sudanda yetti oydan beri norozilik namoyishlari tinmaydi. Uzoq yillik rahbar Umar al-Bashir ketganidan beri yangi hukumat uchun muzokara ketayotgan edi.

AQSh maxsus vakili Donald But deydiki, Xartum, Bryussel va Addis-Abebadagi muloqotlar samara bera boshlagan, lekin rishtalar hamon nozik. Yangi Sudan qanday bo'lishi kerakligi haqida tomonlar turlicha fikrda.

Gap hozir muvaqqat hukumat haqida ketmoqda, ya'ni turli taraflardan vakillarni o'z ichiga olgan vaqtincha boshqaruv.

"Suveren kengash, bosh vazir, vazirlar mahkamasi va qonunchilar... Har bir jihatdan kelishib olish kerak", - deydi But.

Bashir uch oy oldin rahbarlikdan olindi. Muvaqqat hukumat yuzasidan shundan beri muzokara kechmoqda. Yuzlab odamlar halok bo'ldi. Vaziyat tahlikali.

Ekspertlar nazarida eng xavfli jihati - muzokaralarda e'tibor kimning qay lavozimda bo'lishida, ya'ni masala emas, shaxs muhim rol o'ynamoqda. Bu esa odatda tinchlikka yetaklamaydi, deydi siyosatdonlar.

Amerika hozirda diqqatni mana shunga qaratmoqda, deydi But.

"Sudan taqdiri hal qilinmoqda. Kimki muvaqqat hukumatda bo'lishni istasa, xalqi manfaatini har narsadan ustun qo'yishi kerak. Xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh Sudan barqaror va farovon yurt bo'lishidan manfaatdor. Qurolni ishlatish haqida emas, xalq dardini tinglab, tinchlikka yetaklovchi qadamlar ustida o'ylaning", - deydi Vashington vakili.

Umar al-Bashir esa Xalqaro Jinoiy Sudda javob berishi kerak. U insoniyatga qarshi jinoyatlarda, shuningdek, urush jinoyatlari hamda genotsidda ayblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG