Breaking News

AQSh Eronga qarshi qo'shimcha kuchlarni safarbar qilishi mumkin


Ormuz bo'g'ozida AQSh harbiy samolyotlari, 15-iyul, 2019-yil
Ormuz bo'g'ozida AQSh harbiy samolyotlari, 15-iyul, 2019-yil

Vashingtonga ko’ra, Eron mintaqa xavfsizligiga tahdid solishda davom etmoqda. Rasmiylar Yaqin Sharqda AQSh kuchlari hajmini kengaytirishga doir rejaga aniqlik kiritmadi.

Ayni damda Vashington Eron agressiyasiga qarshi minglab qo’shimcha askarlarni Yaqin Sharqqa safarbar qilish taraddudini ko’rmoqda. Biroq yakuniy qaror berilmagan. Bu haqda AQSh rasmiysi shaxsini tanitmaslik sharti bilan “Reuters” axborot agentligiga ma’lum qilgan.

Rasmiylarga ko’ra, razvedka xizmati Eronning so’nggi oylarda o’z kuchlari va harbiy texnikasini yangi bazalarga joylashtirganini bildirgan.

“Wall Street Journal” AQShning Yaqin Sharqqa qo’shimcha 14000 askar yuborish masalasini ko’rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Pentagon 4-dekabr kuni jurnal xabarini inkor etdi.

Qonunchilar Pentagonning uchinchi darajali rasmiysi Jon Ruddan mazkur masalaga oydinlik kiritishni talab qildi.

“Amaldagi tahdid yuzasidan xavotirlar ortayotgan bir sharoitda o’z pozitsiyamizni qayta ko’rib chiqishimiz ehtimoldan xoli emas. Biz Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatni kuzatib borayapmiz. Mudofaa vaziri menga sharoit taqozosiga qarab, harbiy pozitsiyamizga muayyan o’zgartirishlar kiritishimiz mumkinligini aytdi”, - dedi Rud.

Qonunchilar Rudning javobidan qoniqmagan. Respublikachi senator Josh Xouli bu xususda Mudofaa vaziri Mark Esper shaxsan bayonot berishi lozimligini aytmoqda.

“Vazir masalaga bugunoq oydinlik kiritishi kerak. Bu ommaga oshkor qilinishi lozim. Pentagon bir-biriga zid bayonot bermoqda”, - dedi Xouli.

AQSh joriy yilning may oyidan buyon Yaqin Sharqqa qo’shimcha 14000 askarni safarbar qilib ulgurgan. Havo mudofaasi va qiruvchi samolyotlar mintaqaga yetkazilgan.

Zotan, Eronda ichki vaziyat ham tahlikali tus olgan. Noyabr oyi o’rtalaridan yoqilg’i narxlarining oshishiga qarshi xalq isyoni boshlangan edi. AQShning Eron bo’yicha maxsus vakili Brayn Xukning bildirishicha, xavfsizlik kuchlari mingdan ziyod fuqaroni qatl etgan bo’lishi mumkin. Bu 1979-yilda amalga oshirilgan Islom inqilobidan buyon qayd etilgan eng qonli hodisaga aylanishi mumkin.

Joriy tanglik ko’rfazda neft tankerlariga uyushtirilgan hujum va Saudiya Arabistonida energetika inshootlariga qarshi tashkil etilgan xuruj ortidan kelib chiqqan edi. Vashington hujumlar ortida Tehron turganini aytgan. Tehron buni keskin rad etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG