Breaking News

AQSh: Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligini olqishlaymiz


AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum (chapda) O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan
AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum (chapda) O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan

AQSh mustaqil hamkorlikka intilayotgan Markaziy Osiyoni, bu hamkorlikka yetakchilik qilayotgan O’zbekistonni olqishlamoqda.

AQShning O'zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum mintaqa liderlarining Toshkentda o’tgan sammiti yuzasidan shunday fikr bildirdi.

“C5+1 (+AQSh, +Yevropa Ittifoqi, +Yaponiya, +Janubiy Koreya, +Hindiston va hokazo) yaxshi. Lekin C5 har qanaqa plyussiz (yoki minussiz) undan yaxshiroqdir (Qudratli davlatlarsiz ham)! Oʻzbekistonga mintaqaviy hamkorlik yo‘lida yetakchilik qilayotgani uchun sharaflar bo‘lsin”, deb yozadi elchi Tvitterdagi rasmiy sahifasida.

Markaziy Osiyo prezidentlarining Toshkentdagi maslahat uchrashuvi AQSh Davlat kotibi yordamchisi Ellis Uellis tomonidan ham mintaqa hamkorligi, barqarorligi uchun o’ta muhim uchrashuv sifatida baholangan edi.

AQSh rasmiylarining olqishlari Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi mustaqil hamkorlikka zid bir siyosiy voqelik - O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi ehtimoli oshib borayotgan bir paytda yangramoqda.

O’n yillar muqaddam mavjud bo’lgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti faoliyati tugatilib, bu mintaqaviy tashkilotga Rossiya qo’shilgan va uning zaminida Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi paydo bo’lgan edi.

Ayni paytda O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi bu ittifoqqa qo’shilish ehtimoli yanada oshgani muhokama qilinmoqda.

6-dekabr kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Ilhom Ne’matov Toshkentdagi tadbirda shu haqda to’xtalgan.

Ilhom Ne’matovga ko’ra, Yevrosiyo ittifoqiga kirish masalasida O’zbekiston milliy manfaatlaridan kelib chiqadi; bu borada mamlakatga biror tashqi bosim ko’rsatilayotgani yo’q.

Sobiq Sovet ittifoqining besh davlatidan iborat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga O'zbekistonning qo'shilishi masalasi hal bo'lgani haqidagi dastlabki bayonot Rossiya Federatsiyasi kengashi rahbari Valentina Matvienko tomonidan Toshkentga tashrifi davomida muhokama chiqarilgan. Bu, kuzatuvchilarga ko'ra, Kreml tomonidan siyosiy bosim mavjudligini va bu a'zolikdan Moskva manfaatdor ekanini ko'rsatadi.

Taxminlarga ko’ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kelgusi yil fevral oyida Rossiyaga kutilayotgan rasmiy tashrifida O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqiga qo'shilishga qaror qilgani rasman e'lon qilinadi.

Rasmiy Toshkent Moskva tomonidan surilayotgan bu taklifga hozircha biror aniq javob bermagan.

Avvalroq Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev Yevrosiyo ittifoqiga kirish masalasi uch yildan buyon o’rganib kelinayotgani, O’zbekiston milliy manfaatlaridan kelib chiqib bir qarorga kelinishi, Prezident Mirziyoyev bosimlarga egilmaydigan rahbar ekani haqida gapirgan edi.

Rahbari yaqinda prezident qarori bilan vazir maqomiga tenglashtirilgan UzA axborot agentligida Yevrosiyo ittifoqi va O’zbekiston manfaatlariga doir yirik maqola e’lon qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi xodimi bo’lgan muallif xulosalariga ko’ra, tashkilotga a’zo bo’lish mamlakat manfaatlariga mos, savdo va bozorlar erkinlanshuviga va boshqa yutuqlarga xizmat qiladi.

Matbuotda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish O’zbekiston manfaatlariga zidligi haqidagi chiqishlar ham bor. Asosan, norasmiy nashrlar, axborot saytlaridagi bu mulohazalarda tashkilotga a’zolik mehnat muhojirlari taqdiriga ham ijobiy ta’sir o’tkazmasligi aytiladi.

Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi Armaniston, Belarus, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’zistondan iborat. Mintaqaning eng yirik davlati bo’lgan O’zbekistonning bu tashkilot tarkibiga kirishi Markaziy Osiyodagi iqtisodiy jarayonlarda, savdo-sotiq, ishlab chiqarishda ham Rossiya yetakchiligidagi ittifoq tartib-qoidalari ustuvor bo’lishidan darak beradi.

Kuzatuvchilar fikricha, uzoq yillar iqtisodi, ijtimoiy-siyosiy hayoti, taraqqiyoti Rossiyaga qaram qolgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy birlik, integratsiya g’oyasining yuzaga chiqishi shu iqtisodiy-siyosiy qaramlikdan qutilish, mintaqa taraqqiyotining muqobil yo’llarini rivojlantirish imkonini berishi mumkin.

Shu maqsadlarda tashkil etilgan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti uzoq yashamadi. Mintaqaviy hamkorlik tashkilotiga Rossiya qabul qilinishi ortidan uning faoliyati tugatildi, Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga aylandi.

O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbari marhum Islom Karimov tashkilot tarkibidan chiqishga qaror qilishi ortidan mintaqa rahbarlarining o’zaro sammiti va uchrashuvlari ham bekor bo’ldi.

Karimov vafoti ortidan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o’tkazilayotgan mintaqa davlatlarining Maslahat uchrashuvi rasmiy bir maqomga ega emas. Mamlakatni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shish harakatlari hamkorlik g’oyasiga qaytayotgan mintaqa yetakchilari uchun navbatdagi sinovdek ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG