Breaking News

Mirziyoyev: Markaziy Osiyo birdamligi yangi imkoniyatlar ochadi


Toshkent, 29-noyabr, 2019
Toshkent, 29-noyabr, 2019

Markaziy Osiyo hamkorligini kengaytirish qat’iy siyosiy qaror bo'lib, kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, dedi O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi uchrashuvda.

Tojikistondan Emomali Rahmon, Turkmanistondan Qurbonguli Berdimuhammedov, Qirg’izistondan Sooronboy Jeyenbekov, O’zbekistondan Mirziyoyev, Qozog’istondan esa elboshi deya ataladigan Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.

Prezidentlarning keyingi maslahatlashuvi Qirg’izistonda o’tadi. Qozog'istonning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyevga faxriy raislik maqomi berilgan. Liderlar qo’shma bayonot imzolagan.

Maslahat prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlangan, so’ng esa kengaytirilgan tarkibdagi muhokama kechgan.

Bayonotlar mintaqa davlatlari o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish maqsadini aks ettiradi.

Toshkent, 29-noyabr, 2019
Toshkent, 29-noyabr, 2019

Mirziyoyev tadbir ketidan savol-javobsiz brifing o'tkazgan. Uning qayd etishicha, mintaqada yangi davr boshlanmoqda, hamjihatlik hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochmoqda.

“Bizning mintaqadagi o‘zaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini ta'kidlamoqchiman. U qat'iy siyosiy qarorga asoslangan bo‘lib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas”, – deydi Mirziyoyev.

Prezidentlarning maslahat uchrashuvida asosiy urg’u iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga berilgan. Mirziyoyev mintaqada transport koridorlarini rivojlantirish, undan samarali foydalanish, energetika sohasida va turizm bo’yicha yirik qo’shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan tashabbus bilan chiqqan.

“Samarali muzokaralardan keyin Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ko’ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida ko’chatlar o’tqazdi. Bu daraxtlar O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmanistonning mustahkam do’stligi va hamkorligi ramzi sifatida yonma-yon o’sadi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Toshkent, 29-noyabr, 2019
Toshkent, 29-noyabr, 2019

Muzokaralar yakunlanishi ortidan prezidentlar Toshkentda O'zbekistonning oldingi rahbari Islom Karimov xotirasiga tiklangan majmuaga borishgan, marhumning xotirasiga ta’zim qilishgan.

Maslahat uchrashuvi Mirziyoyev tomonidan ziyofat bilan yakunlangan.

Bu - mintaqa prezidentlarining ikkinchi uchrashuvi va Markaziy Osiyo hamkorligi eng ustuvor yo’nalish sifatida e’lon qilingan O’zbekistonda o’tgani bilan ahamiyatli ekani aytiladi. Sharhlovchilar bu boradagi aniq taklif, tashabbuslarni aynan Toshkent uchrashuvidan kutib kelishayotgan edi.

Mintaqaviy integratsiya masalalari bilan shug’ullanib kelayotgan siyosatshunos Farxod Tolipov nazarida, anjumanda qilingan bayonotlar umid bag'ishlaydi.

“Bu uchrashuv hech qanday izohlarsiz bir necha marta kechiktirildi, nihoyat utilning oxirida o’tkazilyapti. Bu albatta ijobiy voqea, chunki ekspertlar bu uchrashuvning o’tishini o’zini shubha ostiga olishayotgan edi. Har holda mana o’tdi. Tafsilotlariga to’xtalsak, hozirgacha bo’lgan ma’lumotlarda tomonlar mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarga qo’yilgan to’siqlarni bartaraf qilish, siyosiy kooperatsiyaga o’tish, yirik umumiy loyihalarni amalga oshirishga doir niyatlarini bildirishmoqda. Bu juda muhim. Chunki har qanday integratsiya shunday xohish, irodadan boshlanadi, turli to’siqlar yo’qotilishi, sanoat kooperatsiyasi muhim, har holda Yevropa tajribasi shuni ko’rsatadi. Albatta, bu niyatlar haqiqatda reallikka ko’chgan taqdirda. Ammo gap shundaki, to’siqlar, muammolar aniq, bunday bayonotlar esa avval ham qilingan. 1990-yillar boshida Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti doirasida bu borada nafaqat maslahatlashuv, prezidentlar qarorlar, shartnomalar imzolashgan, umumiy loyihalarni surishgan edi. Shuning uchun ham bu Maslahat uchrashuvining keyingi taqdiri, mohiyati qanday degan savol ochiq qolyapti. Chunki, uchrashuvning maslahat maqomi mavhum, o’z nomi bilan shartnomalar, qarorlar qabul qilish emas, maslahatlashishga qaratilgan. Mayli ikkinchi uchrashuv ham shunday o’tdi, lekin buyog’iga aniq institutsionalizasiya tomon yo’nalishi kerak”, - degan fikrda Tolipov.

Tahlilchi deydiki, Markaziy Osiyo miqyosdagi bu yirik anjuman yuzasidan matbuot anjumani o’tkazilmagani g’alati qaror.

“Bu uchrashuv ancha kutilgan edi, qoldirilgani bois eskpertlar orasida turli munozaralar ham uyg’otdi, shunga yarasha savollar ham ko’p edi, albatta. Shuning uchun uchrashuv yakunlari yuzasidan bir matbuot anjumani o’tkazish maqsadga muvofiq bo’radi, o’tkazilmagani, faqat brifing bilan cheklangani esa g’alati qaror. Ehtimol mintaqa rahbarlarida hali uchrashuv taqdiri, kelajagiga doir aniq bir qaror shakllanmagandir, deb faraz qilish mumkin xolos”, - deydi Tolipov.

Toshkent, 29-noyabr, 2019
Toshkent, 29-noyabr, 2019

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG