Breaking News

Saylov - 2019: Liberal-demokratik partiyadan katta va'dalar


O'zLiDep faollari yig'ini

O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu safargi islohotlar va’dasini Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida amalga oshirmoqchi.

Yakuniga yetgan navbatdagi saylov kampaniyasi davrida hukumat partiyasi, uch yildan buyon boshqaruvda bo’lgan Prezident Mirziyoyev kabi, katta va'dalar bilan sahnaga chiqdi.

Matbuotda ham, saylov debatlari davomida ham so’nggi o’n yillik davomida nomzodlari hokimiyatda bo’lgan, mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy siyosatni belgilab kelgan liberal-demokratlar partiyasi jiddiy so’roqlarga tutilmadi.

O’zbekistondagi mavjud qonunchilikka ko’ra, partiyalar prezidentlikka, bosh vazirlikka nomzod ko’rsatish vakolatiga ega. Hukumat prezident tomonidan shakllantiriladi; Bosh vazir nomzodi parlamentda ko’pchilikka ega partiya tomonidan ko’rsatiladi.

Ayni paytda Prezident Mirziyoyev ham, Bosh vazir Abdulla Aripov ham liberal-demokratlar partiyasi tomonidan ko’rsatilgan nomzodlar sanaladi. Shu ma’noda bu partiya amaldagi hokimiyat tomonidan va’da qilinayotgan islohotlarni tamsil qiladi.

Saylov arafasidagi norasmiy so’rovnomalarga tayanilsa, aholi Liberal-demokratik partiyaga ishonishda davom etmoqda. Bu so’rovlardagi yana bir muhim ko’rsatkich saylovga bormaslik qaroridagi o’zbekistonliklarning ovoz berishga qaror qilganlardan ancha ko’pligidir.

Saylovda tanlov uchun 5 partiyadan nomzodlar taqdim qilingan. Liberal-demokratlar ulardan nafaqat prezident partiyasi ekanligi, balki yangi hokimiyat davrida ham faoliyatsizlikda tanqid qilib kelingan Oliy Majlisda ko’pchilikdagi siyosiy kuch bo’lgani bilan ham ajralib turadi.

O’zbekistonda partiyalarning prezident siyosatiga ta’siri o’ta cheklangan. Bu mavjud qonunchilik bilan emas, mamlakatda, parlamentda, saylovlarda ham muxolif partiyalar yo’qligi, ularga qo’yilgan taqiq bilan bog’liq.

Rasmiy partiyalar amaldagi hokimiyat qo’lidagi vosita o’laroq ko’riladi, hokimiyatning barcha bo’g’inlari ustidan prezident nazorati o’rnatilgan boshqaruv tizimi Mirziyoyev davrida ham jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmagan.

Parlament saylovida ham nomzodlarning qaysi partiyadan ko’rsatilishini, kimlar nomzod bo'lishini mahalliy hokimiyatlar hal etayotganiga doir da'volar bor.

2003-yilda asos solingan tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasining bosh maqsadi bozor iqtisodiyotiga o’tish, mamlakatda ishbilarmonlik harakatini rivojlantirish, tadbirkorlar manfaatini himoya qilish ekani e’lon qilingan edi.

O’zbekistonda ikki palatali parlamentga asos solingan, ammo mavjud rasmiy siyosiy partiyalarning o’zaro o’xshashligi yuzasidan tanqidlar kuchaygan bir sharoitda ta'sis qilingan mazkur partiya liberal g’oyalarni targ’ib qiluvchi yangi siyosiy kuch sifatida taqdim etilgan.

Liberal-demokratlar ro’yxatga olinganidan bir yil o’tmasdan 2004-yildagi parlament saylovlarida qatnashdi va eng ko’p deputatlik o’rinlariga ega chiqdi. 2007-yildagi prezidentlik saylovlarida Islom Karimov nomzodining shu partiyadan ko'rsatilishi liberal demokratlarni hukumatdagi partiyaga aylantirdi.

Shundan buyon liberal demokratlar prezident partiyasi maqomida. 2015- yildagi prezidentlik saylovlarida marhum Karimov, uning o’limi ortidan 2016- yilda o’tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodi ham shu partiya tomonidan ko’rsatildi.

UzLiDep raisi Aktam Hayitov o’z lavozimiga o’tgan oyda deyarli barcha boshqa siyosiy partiyalarda ham rahbarlar almashdi.

Avval Fermer va dehqon xo’jaliklari kengashi raisi lavozimida ishlagan Hayitov jamoatchilikka o’zbekistonliklar go’shtni ko’p iste’mol qilayotganiga oid iddaosi bilan tanilgan.

Aktam Hayitov O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi tarafdorlaridan biri. Prezident partiyasi tomonidan qilingan bu bayonot mamlakat yaqin kelajakda Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga a’zo bo’lishi ehtimolini yanada ko'paytiradi.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi saylov kampaniyasi davomidagi so’nggi uchrashuvlardan birida parlament oz faoliyati davomida konstitutsiyaga zid bo’lgan qonunlar qabul qilmaganini, bunday choralarni qo’llab-quvvatlamaganini ta’kidlab o’tdi.

Ammo tanqidchilarga ko’ra, Karimov o’limi ortidan Senat raisi Nig’matilla Yo’ldoshevning o’sha paytdagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyev hisobiga vaqtinchalik davlat rahbari vakolatidan voz kechishi, bu qarorni parlament tomonidan mutlaq qo’llab-quvvatlanishi Konstitutsiyada davlat boshqaruviga doir belgilangan tartib buzilganini ko'rsatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG