Breaking News

Saylov-2019: AES qurilishini qo’llayotgan O’zbekiston Ekologik partiyasi


O’zbekiston Ekologik partiyasi - huquqiy tomondan parlament saylovlarida ishtirok etayotgan eng yosh siyosiy kuch - shu yilning yanvar oyida Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tkazilgan edi.

Ammo partiya bungacha ham O’zbekiston ekologik harakati maqomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 15 deputatlik o’rniga imtiyozli tarzda egalik qilib kelgan.

Harakat siyosiy partiyaga aylanishi ortidan parlamentga kirish uchun kurashmoqda. Partiya rahbari, Qonunchilik palatasi raisi o’rinbosari Boriy Alixonov, avvaldan harakatga yetakchilik qilib kelgan.

O’zbekiston yashillar partiyasi dunyodagi turdoshlaridan farqli ravishda ekologiya va tabiat muhofazasiga oid o’zining bahsli pozitsiyasi bilan tanilgan, ayniqsa O’zbekistonda jiddiy munozaralarga sabab bo’lgan atom stansiyasi qurilishi masalasida.

Boriy Alixonovning Rossiya tomonidan bunyod etilishi kutilayotgan atom stansiyasi qurilishini yoqlab chiqishi, bu stansiyaning xavfsizlik talablariga to’la javob berishi, tabiatga zarar yetkazmasligiga doir bayonotlari jamoatchilikda bir qadar hayratli kutib olindi.

Partiya liderining bunday bayonot bilan chiqqani ekologik manfaatlarga ham, mantiqqa ham zidligi ta’kidlanadi. Ayrim mutaxassislar o’zbek ekologlarining bu pozitsiyasini dunyo miqyosida tan olingan yashillar harakatiga, ularning g’oya-maqsadlariga nisbatan xiyonat sifatida ham baholashdi.

O’zbekistonda "Rosatom" tomonidan atom stansiya qurilishi deyarli hal bo’lgan masaladir. Stansiya uchun maydon tanlangan, qurilish va tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Jamoatchilik orasida esa atom stansiyasining foyda-zarariga doir munozaralar kuchli - rivojlangan davlatlar atom stansiyalaridan voz kechayotgani, O’zbekiston iqlimining atom stansiyasi uchun emas, balki muqobil energiya ishlab chiqarish uchun qulayligi inobatga olingan holda.

Ekspertlar doirasida Rossiya-O’zbekiston hamkorligidagi yirik ko’rsatkichga aylanishi kutilayotgan bu loyiha nafaqat ekologik, balki iqtisodiy talablarga ham javob bermasligi, atom stansiyasini qurish siyosiy qaror ekanligi haqidagi xulosalar ham mavjud.

Ekologik partiyaning saylov dasturidan o’rin olgan boshqa bir tashabbus ham bevosita Rossiya bilan bog’liq. Sibir daryolari suvlarini O’zbekistonga, Orol mintaqasiga olib kelishga qaratilgan bu tashabbus yangi emas, Sovet Ittifoqi davrida ishlab chiqilgan, ammo amaliyotga tatbiq etilmagan loyihalardan hisoblanadi.

Bu tashabbus 1980-90 yillar davomida, ayniqsa Orol inqirozi keskinlashgan bir vaziyatda keng muhokama qilingan. O’zbekistonni Rossiyaga mutlaq bog’lab qo’yishi ehtimoli kuchli bo’lgan loyiha Moskva qo’lidagi geosiyosiy dastakka aylanishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar ham yuzaga chiqqan edi.

O’zbekiston ekologlarining harakatga aylanishi, siyosiy maydonga kiritilishi tarixi 2008-yildan boshlanadi.

Harakat atrof-muhit, suvdan foydalanish masalasida mintaqaviy ziddiyatlar kuchayishi ortidan marhum Islom Karimov tashabbusiga ko’ra tashkil etilgan, maxsus imtiyozlarga muvofiq Oliy Majlisda deputatlik o’rinlari bilan ta’minlangan edi.

O’zbekiston ekologiyasi, tabiati, atrof-muhit salomatligi uchun kurash maqsadida tuzilgani e’lon qilingan harakatdan, asosan, suv masalasidagi ziddiyatlarda siyosiy maqsadlarda foydalanildi.

O’zbekiston ekologlari harakatga asos solinishidan tortib, bugunga qadar atrof-muhit, tabiat muhofazasi yuzasidan mustaqil pozitsiya bilan ko’zga tashlanmagan. Aksincha ekologik jinoyatlarni yashirishda, kuzatib turishda ayblanadi.

Ayniqsa, bir necha yil muqaddam poytaxt Toshkentda yuzlab uzoq yillik chinorlarning ommaviy ravishda kesib tashlanishi, qirg’in qilinishi Oliy Majlisda deputatlik o’rinlarida o’tirgan Ekologik harakatning mutlaq sukuti ostida amalga oshgan, jamoatchilikda ekologlarga nisbatan kuchli norozilik uyg’otgan edi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishidan so’ng ekologlar uchun belgilangan alohida imtiyoz bekor qilindi, ekologlar harakatdan siyosiy partiyaga aylanishdi.

Partiya o’z dasturida mamlakatning “yashil iqtisod”ga o’tishini ta’minlash, atrof-muhitni asrab-avaylash, davlatning ekologik strategiyasini shakllantirish kabi rejalarni asosiy maqsadlari qatorida ko’rsatgan.

Ammo saylov doirasidagi tashabbuslarda atom stansiyasi qurilishi qo’llab-quvvatlanayotgani, Rossiya daryolarini O’zbekistonga burish kabi unutilgan loyihalar qayta olg’a surilayotgani o’zbek ekologlari uchun tabiat muhofazasi, atrof-muhit salomatligi emas, siyosiy maqsadlar ustuvor qolayotganidan darak beradi.

O’zbekiston Ekologik partiyasi ham parlament saylovida ishtirok etayotgan boshqa siyosiy kuchlar kabi O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini qo’llab-quvvatlaydi.

Ekologlar, shuningdek, boshqa partiyalar kabi muxoliflikka ham da’vogar emas, mavjud hukumatni, siyosatni mutlaqo yoqlaydi. Partiyaning jamoatchilikka taqdim qilingan saylov dasturi Prezident Mirziyoyev nutqlaridan keltirilgan iqtiboslar bilan boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG