Breaking News

Nyu-Yorkliklar yangi yilni qanday qarshi olmoqda?


Nyu-York ko'chalarida yangi yil shukuhi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:42 0:00

Nyu-York ko'chalarida yangi yil shukuhi

“Katta olmada” Yangi yil bayrami shukuhi… Nyu-York shahrini mahalliy aholi shunday deb ataydi. Megapolisning xalqona nomi, bayramlari, shuningdek, an'anaviy shodiyonalari o'zbekistonlik amerikaliklar uchun ham tobora yaqinlashmoqda. Bu jamiyatning to'laqonli a'zosiga aylanib borayotgan o'zbekistonlik immigrantlar bayram kunlari Nyu-York ko'chalarini oilaviy kezadi. Ular 2020-yildan nimalar kutmoqda? Orzu-umidlari qanday?

Nyu-Yorkda Yangi yil bayrami shukuhi dekabrning ilk kunlaridanoq sezila boshlaydi. Kattayu-kichik binolar-u xonadonlarda rang-barang chiroqlar, turli-tuman bezaklar…

Amerikaning eng jo'shqin shahrida Yangi yil va “Rojdestvo” (Mavlud kuni) shodiyonalari Rokfeller markazida ulkan archa o'rnatilishidan boshlanib ketadi.

Bezatilgan archa, yaxmalak, qaynoq shokolad. Yangi yil arafasida ana shunday bayram nafasi Manxettendagi Brayant parkida ham yanvarning boshigacha ufurib turadi. Bu yerdagi savdo yarmarkasida O'zbekistonga aloqador bir do'kon ishlab turibti.

Qo'lda ishlangan mahsulotlar, xususan milliy matolardan tikilgan ko'ylaklar, tayyorlangan taqinchoq va poyafazallar sotiladi. Besh yil Turkiyada yashab, turkiy xalqlar hunarmandchiligiga mehri tushgan Suzanna Korrea-Vialning aytishicha, ularning ayrimlari O'zbekistondan.

“Kompaniyamning nomi “Suzani dizayns”, chunki ismim Suzanna, shuningdek, so'zana shaydosiman. Kashtado'zlarning so'zanalarda ajib va yorqin rangdagi naqshlarni qanday ifodalashini yaxshi ko'raman. Doira shakli men uchun juda ifodali. Kompaniyamga so'zana eng maqbul nomligini o'ylaganman”, - deya eslaydi do’kon egasi.

Suzannaning orzusi Buyuk Ipak yo'li bo'ylab sayohat qilish, O'zbekistonni ham borib ko'rish. “Mumkin, bu orzuimga 2020-yilga erisharman”, - deya kulib qo'yadi u.

Bruklindagi Dayker Hayts mahallasi oqshomlari chaqnab yonadi. Chiroqlar shousini 1980-yillarda mana bu uy egasi boshlab bergan. Spat xonimning onasi xotirasiga hovli-joyi tashqarisini chiroqlar bilan bezashi avvalida qo'shnilariga xush kelmagan, hozirda sayyohlarning suratga tushadigan sevimli joyi.

Mahalla ahli o'z uylarini chiroqlaru-o'yinchoqlarga burkash bo'yicha kimo'zarga o'tishgan. Bayram kunlari 250 dan ortiq uy bezatiladi. Uy egalari dekoratsiyalarga o'z hamyonidan minglab dollar sarflaydi.

Italiyaliklar mahallasi sanalmish Dayker Haytsda asosan katoliklar yashashadi. Bu betakror bezakli chiroqlar avvaldan Rojdestvo bois yoqilgan. Shuning uchun bezaklar orasida nasorolar diniga oid mavzudagi chizgilar ko'p. Hozirga kelib u ko'p millatli Nyu-York va uning mehmonlarining umumiy tomoshasiga aylangan. Mana bu uy bezaklari bunga bir misol. Uy egasi uni diniy emas, balki amerikaliklarning yangi yil dasturxoni shirinliklari ramzlari bilan bezatib qo'yibti. Chiroqlar tomoshasi kechki 5 da boshlanib 2 gacha davom etadi.

Nyu-York atrofida yashovchi yuzlab o'zbekistonlik amerikaliklar ham bayram ta’tillarida bu joylarni aylanishga farzandlari bilan kelishadi.

“2020-yilda men maktabni muvaffaqiyatli bitirib kollejga kirishni istayman.

Barchaga Yangi yil va “Christmas” muborak bo'lsin. Barchaga baxt, sog'liq-salomatlik tilayman. Tilagan orzularingiz amalga oshsin”, - deydi o'quvchi qiz Marjona.

“Christmas” ayyomi va Yangi 2020-yil barchaga qutlug' bo'lsin. Barchangizga sog'lik-salomatlik tilayman. 2020-yil hammaga baxt keltirsin. Mening yangi yildan orzuim o'rta maktabni a'lo baholarga bitirib, nufuzli kollejga o'qishga kirish. Samarqandga ham borib kelmoqchiman” - deb tilaklari bilan bo'lishadi Anisa.

“Yangi yil barchaga muborak bo'lsin! Yangi yilda ham oilamizda hamma salomat bo'lishini tilayman. Yaxshiroq maktabga o'qishga borsam deyman. Singlim kasal bo'lmasdan, baxtiyor ulg'ayishini tilayman”, - deydi Shaxrina.

“Barchaga “Christmas” muborak bo'lsin!” - deydi yana bir jajji qizaloq.

“Istagim Santa Klaus hammaga sovg'alar bersin va shirinliklaringizni tatib ko'rsin!”, - degan orzuda o'yinqaroq Akmal.

“Yangi yil bilan tabriklayman! Omad sizlarga yor bo'lsin!”, - deydi Ansor.

“Yangi yil va “Christmas” qutlug' bo'lsin! Barchaga uzoq umr tilayman. 2020-yil quvonchga to'lsin, hamma sog'-salomat bo'lsin”- deydi Azimbek hamda “Fast-food yemanglar va sog'lom yuringlar”, - deya bolalarga xos samimiyat ila nasihatomuz tilagini qo'shib qo'yadi u.

Maktab o'quvchisi Akmalning orzusi hammaga birday tegishli. “Ajib Yangi yil, uzoq umr va salomatlik tilayman!”, - deydi u.

“Hammani samarqandlik xotin-qizlar nomidan Yangi yil bilan tabriklaymiz. Hammaga baxt-omad, quvonch tilaymiz!”, - deya qutlaydi o'zbekistonlik oila bekasi Zamira.

“Yangi yilda barcha-barcha o'z orzusiga yetsin. Hammaga sog'lik-salomatlik tilaymiz. Sog'lik eng avvalo. Kim nima niyat qilgan bo'lsa, albatta ularga yetsin. Yangi yilingiz bilan tabriklayman!”, - qo'shiladi Kvinsda yashovchi Xurshida.

Yangi yil AQShdagi o'zbekistonliklar uchun vatandoshlari bilan o'zaro yaqinlashish uchun ham bir imkoniyat. Bu kecha hamshaharlar bir-birini qarindosh kabi qarshilaydi. Chunki o'zbekistonlik hozirgi immigrantlarning ko'pchiligi Amerikaga ko'chgan birinchi avlod. Demak ularning qarindoshlari okeanning u tomonida qolishgan. O'zbekistonda esa ular Yangi yil oqshomini oila davrasida nishonlashga o'rgangan.

“Ilohim Yangi yil hammaga omad keltirsin. Ota-onalarimiz ilohim sog'-salomat yursinlar. Bolalarimizga esa xudo insof berib, mavjud imkoniyatlardan foydalanib katta odam bo'lishsin. Xudoga shukur, bizlar katta oila bo'lib har yili Yangi yilni birgalashib nishonlaymiz. Bundan biz juda ham xursand. Hammaga ham inoq bo'lib yashash nasib qilishini niyat qilamiz”, - deya tilaklarini bayon qiladi Lola.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG