Breaking News

Turkiyada jurnalistlar ishsiz


Istanbul ko'chalarida jurnalistlar namoyishda. Ular hukumatni tinimsiz bosimda ayblaydi.
Istanbul ko'chalarida jurnalistlar namoyishda. Ular hukumatni tinimsiz bosimda ayblaydi.

Bugun Turkiyada Ishlayotgan jurnalistlar kuni. Bayram uchun bu kunning tanlanishiga sabab bor: 1961-yilning aynan 10-yanvarida turk jurnalistlarining huquqlarini belgilab bergan va ular uchun qonuniy kafolatlarni ko‘zda tutuvchi qonun kuchga kirgan edi.

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog‘anning bayram munosabati bilan jurnalistlarga yo‘llagan tabrigida turfa ovozli, ta’sirchan va hech bir cheklovlarsiz jamoatchilikni xabardor qilib boradigan ommaviy axborot vositalari demokratiya va shaffof jamiyatning asosiy sharti ekani aytiladi. Biroq turk hukumati so‘nggi yillarda mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat va jurnalistlarning huquqlari buzilayotgani uchun xalqaro tashkilotlarning tanqidiga uchrab kelmoqda. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Turkiyani matbuot erkinligi ro‘yxatida 180 davlat orasida 157-o‘ringa qo‘ygan, prezident Erdog‘anni esa “matbuot dushmani” deya ta’riflagan.

Turk jurnalistlari Erdog‘an boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot partiyasi”ning hukmronligi yillarida matbuotga bosim ortganini va ommaviy axborot vositalarining ko‘pchiligi hukumatga xizmat qila boshlaganini aytmoqda.

Zamondosh jurnalistlar uyushmasining Istanbuldagi vakili Ug‘ur Guchga ko‘ra, aksar gazetalar faoliyatini davom ettira olishi uchun suv va havodek zarur bo‘lgan Matbuot-e’lon tashkiloti hukumat tomonidan qo‘rqitish mexanizmi sifatida foydalanilmoqda. Aslida mazkur tashkilotning asosiy vazifasi rasmiy e’lon-xabar va reklamalarning chop etilishi uchun rasmiy idoralar va matbuot o‘rtasida vositachilik qilishdir.

“Sektorning 95 foizi hukumatning nazoratida manipulyatisiya va propaganda vositasi sifatida ishlatilyapti. Qolgan 5 foizi esa Matbuot-e’lon tashkiloti solgan jarimalar bilan sohadan chetlatishga harakat qilinyapti. Rasmiy e’lon-xabarlar bilan faoliyatini davom ettira oladigan mahalliy gazetalarga tahdid qilinib, ular kuchsizlashtirilyapti. Hukumatga yaqin pudratchilarning milliardlab qarzi kechib yuborilyaptiyu, yuzlab gazeta “soliqdan 3 qurush qarzi bor” degan bahona bilan yopishga majburlanyapti. Adliya vazirligi ma’lumotiga qaragadanda, 2003-2018 yillarda 12 mingga yaqin jurnalist sudga tortilgan. Faqatgina 2019-yilda 59 jurnalist jami 200 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ikki yuzga yaqin jurnalist qidiruvga berilgan. Jurnalistlarga qarshi har kuni yangidan-yangi ishlar ochilyapti”, – deydi Guch.

Turkiyada jurnalist sifatida ishlash yanada qiyinlashgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:50 0:00
Yuklab oling


Turkiya jurnalistlar jamiyati rahbari Turgay Oljayto jurnalistlar orasidagi yana bir muammoga – ishsizlikka e’tibor qaratdi.

“Hozirga kelib ishsizlik jiddiy tus oldi. Gazetasi sotilmagan, telekanali tomoshabin topolmagan xo‘jayinlar zararni qoplash uchun jurnalistlarni ishdan bo‘shatyapti. Oxirigi kunlarda “Hurriyat” gazetasidan 45 kishi bo‘shatildi, ko‘pgina gazetalarda ham qisqartirishlar bo‘ldi. Oila, mehmat va ijtimoiy xizmatlar vazirligining 2019-yil iyuldagi ma’lumotiga ko‘ra, ishsiz jurnalistlar soni 11.157 nafarga yetgan, – deydi Oljayto. – Matbuot va axborot bosh boshqarmasining o‘rniga (Prezident ma’muriyati huzurida) tuzilgan Kommunikatsiya boshqarmasi xuddi razvedka tashkilotidek ishlayapti. 685 nafar hamkasbimizning akkreditatsiyasi tuzuk-quruq sabab ko‘rsatilmagan holda, xavfsizlik bahonasida bekor qilindi. Bir qancha hamkasbimiz hali ham akkreditatsiya kutyapti”.

Shuningdek, Turkiya jurnalistlar jamiyati rahbari turk matbuotida senzura, o‘z-o‘zini senzuralash va manipulyativ xabarlar soni ortganini ta’kidladi.


Izmir shahridagi gazetalardan birida ishlayotgan Pelin Dog‘an esa turk matbuotining bugungi og‘ir ahvolini xalq orasida mutolaa darajasining pasaygani bilan ham bog‘laydi. Uning fikricha, internet rivojlangani sari odamlarning kitobga va gazetaga rag‘bati kamaydi.

“Gazetalar birin-ketin yopilyapti, chunki iqtisodiy jihatdan o‘zini-o‘zi qoplamayapti. Odamlar gazeta o‘qimay qo‘ygani sababli reklama agentliklari gazeta-jurnallarga reklama berishni istamayapti. Qolaversa, qog‘oz va matbaa xizmatlari narxi ham oshib ketdi”, – deydi u.

Turkiya yozuvchilar kasaba uyushmasi bosh kotibi Hakki Zarich Turkiya tarixidagi hukumatlar matbuotning tanqidiga nisbatan toqatsiz bo‘lib kelganini aytadi.

“Tanzimatdan (XIX asrdagi islohotlar davri) beri hukumatning aytganini yozishni muammo deb hisoblamagan matbuot tariximiz bor. Ammo ayni paytda bu qarshilik ko‘rsatish, dosh berish tarixi hamdir. Bu tarix davomida jurnalistlar, yozuvchilar sifatida hukumatning tortiqlarini rad etib, o‘z kuchimiz va g‘ururimiz bilan yashab keldik. Minglab ishsiz jurnalist bor, hukumatning eshigini taqqilatayotgani yo‘q ular”, – deydi Zarich.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG