Breaking News

O'zbekiston: haqoratlari bilan tanilgan hokimlar o'z lavozimiga qayta tasdiqlandi


Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining birinchi sessiyasi, Farg'ona, O'zbekiston, 2020-yil, 13-yanvar

Yangi saylovlar natijasida shakllangan O'zbekiston mahalliy kengashlari va siyosiy partiyalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tanlagan nomzodlarni hokimlikka tasdiqladi.

Tahdid, haqorat, zo’ravonlik bilan jamoatchilikka tanilgan hokimlarning deyarli hammasi joylardagi mahalliy kengash deputatlari tomonidan bir ovozdan o’z lavozimiga qayta tasdiqlangan.

Toshkent shahar xalq deputatlari kengashi majlisida Bosh vazir Abdulla Aripov va Senat raisi Tanzilla Norboyeva ham qatnashgan.

Kengashda so’zga chiqqan Bosh vazir Abdulla Aripov amaldagi hokimning muvaffaqiyatlarini sanab o’tgan; mamlakatdagi eng ilg’or kadrlardan biri sifatida qayd etgan.

Jurnalistlarga ko‘rsatgan tahdidi, haqoratlari uchun ishi Bosh prokuratura tomonidan o’rganilgan Jahongir Ortiqxo’jayev nomzodi mahalliy kengash deputatlari tomonidan bir ovozdan shahar hokimligiga qayta tasdiqlangan.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev Bosh vazir Abdulla Aripov bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2020-yil, 13-yanvar
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev Bosh vazir Abdulla Aripov bilan, Toshkent, O'zbekiston, 2020-yil, 13-yanvar

Jahongir Ortiqaxo’jayevning jurnalistlarga qilgan tahdidlaridan jinoyat alomatlarini topmagan prokuratura “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro hokimiyati organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” buzilganligi uchun hokimga nisbatan intizomiy chora ko’rish ixtiyorini Aripov rahbarligidagi hukumatga qoldirgan edi.

Hukumat Jahongir Ortiqxo’jayevga nisbatan intizomiy chora qo’llagan yoki qo'llamagani jamoatchilikka noma’lum. Aripovning Ortiqxo’jayev haqidagi taqdimnomasidan kelib chiqilsa, unga nisbatan biror intizomiy chora qo’llanilgani haqiqatdan uzoq ko’rinadi.

Mahalliy kengashlarning saylov ortidan o‘tkazilayotgan dastlabki yig’inlarida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Surxandaryo viloyati hokimi To’ra Bobolov, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Namangan, Toshkent viloyati hokimlari ham o’z mansablariga qayta tasdiqlangan.

Haqoratlari va zo’ravonligi uchun Senatning odob-axloq qo’mitasi tomonidan uch oylik sinov muddati bilan o’z lavozimida qoldirilgan Farg'ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev nomzodi ham hokimlikka qayta tasdiqlangan..

Mahalliy deputatlarning ijro hokimiyati uchun Prezident taqdim etgan nomzodlarni bir ovozdan tasdiqlashi saylov davomida partiyalar da’vo qilgan o'zaro raqobat hali ko'zga tashlanmaganidan dalolat qiladi.

O’zbekistonda Oliy Majlis, mahalliy kengashlar uchun saylovlar 22-dekabrda o’tdi; 5- yanvar kuni nomzodlar 50 foizdan oshiq ovoz to’plamagan 25 saylov okrugida qayta saylov o’tkazildi.

Parlament saylovlariga doir yakuniy natijalar deyarli parlamentdagi avvalgi tarkibni tasdiqladi. Hukumatdagi liberal-demokratlar Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatlik o’rnining 53 tasiga ega chiqdi va ko'pchilik sifatida bosh vazir nomzodini ko’rsatish huquqini ham qo’lga kiritdi.

Qonunchilik palatasidagi qolgan o’rinlar “Milliy tiklanish” (30 o’rin), “Adolat” (24 o’rin), Xalq demokratik partiyasi (22 o’rin) va Ekologik partiya (15 o’rin) o’rtasida taqsimlandi.

5 yil avvalgi parlament saylovidagi taqsimotni deyarli takrorlagan navbatdagi saylov natijalari Mirziyoyev yetakchiligida o’tgan uch yillik islohotlar davrida ham aholining siyosiy qarashlarida biror jiddiy o’zgarishlar bo’lmaganidan darak beradi.

Har holda avvalgi va hozirgi parlamentdagi taqsimot, siyosiy partiyalar tutgan o’rin shuni ko’rsatadi, ayniqsa, harakatdan siyosiy partiyaga aylangan Ekologik partiya avval ham, hozir ham Qonunchilik palatasida 15 o’rinni saqlab qolgani inobatga olinsa.

Saylovning yakuniy natijalari e’lon qilinishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan munosabatlarda Oliy Majlisdagi avvalgi ko’rsatkichlarni takrorlash uchun shuncha mablag’ yo’qotilgani, saylov natijasi siyosiy partiyalar o’rnida, maqomida ham hech qanday o’zgarish qilmagani munozara qilinadi.

Qonunchilikka ko’ra, prezident viloyat hokimligiga nomzodlarni mahalliy kengashdagi deputatlar guruhi, ya’ni siyosiy partiyalar bilan maslahatlashgan tarzda taqdim qiladi.

Prezidentning mahalliy kengashdagi guruhlar bilan o’tkazgan maslahati saylov kampaniyasi davomida o’zaro muxoliflik qilgan siyosiy partiyalar prezidentni shak-shubhasiz qo’llab-quvvatlashini ham namoyon etmoqda.

Deputatlar prezident taqdim etgan nomzodni rad etishi yoki qo’llashi mumkin, ko’pchilik ovoz tasdiqlangan hisoblanadi, ammo qonunchilik hokimiyatining hozirgacha bo’lgan tarixi davomida prezident ko'rsatgan nomzod Oliy Majlis yoki mahalliy kengashlar tomonidan rad etilgani hali kuzatilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG