Breaking News

Kechirim so'ragan Farg'ona viloyati hokimiga uch oy muhlat berildi


Farg'ona viloyati hokimi va senator Shuhrat G'aniyev
Farg'ona viloyati hokimi va senator Shuhrat G'aniyev

O'zbekiston Oliy Majlisi Senati komissiyasi aholini haqoratlash, soqol va ro’molga qarshiligi bilan nom qozongan Farg’ona viloyati hokimiga ogohlantirish bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa hokim e’tiqod erkinligiga tahdid qilgani uchun emas, balki bu tahdid jamoatchilikka oshkor bo’lgani uchun jazolanayotgani munozara qilinmoqda.

Farg’ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G’aniyev masalasi hokimning tahdidlar ostida o’tkazgan yig’ilishi tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanishi ortidan kuzatildi. Soqol qo’ygan va ro’mol o’raganlarni javobgarlikka tortishga ko’rsatma berilgan bu yig’ilish jamoatchilikda keskin norozilik uyg’otdi. Avvalroq qo’pol haqoratlari bilan tanilgan G’aniyevning Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanishi ham norozilik bilan kutib olingan edi.

Hokim Shuhrat G'aniyevga oid yangi mashmasha
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:04 0:00
Yuklab oling

Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyev hukumatning kadrlar siyosatidagi inqirozini ko’rsatuvchi misollardan biri sifatida ko'riladi.

Uning tahdidlar ostida o’tkazgan navbatdagi majlisi tafsilotlari jamoatchilikka ochiqlanishi ortidan viloyat hokimi tanqid va g’azab nishoniga aylandi.

Hokim bu majlisda soqol qo’ygan, ro’mol o’raganlar, ishxonalarda namoz o’qish uchun sharoit yaratganlarni javorgarlikka tortishga chaqiradi; tuman hokimlariga esa majlislarda ro’mol o’raganni ko’rsa, shu ro’molni yulib olib, ularning og’ziga tiqib qo’yishi bilan tahdid qilgan.

Farg’onada o’tgan bu majlis tafsilotlari, majlisdagi audioyozuvlar o’tgan hafta oxirida Ozodlik va BBC radiolarida tarqashi ortidan jamoatchilikda viloyat hokimiga nisbatan keskin norozilik to’lqini avj oldi. Hokimning majlisdagi tavsiyalaridan tushunilishicha, soqol qo’yish, hijob o’rash O’zbekistonda rasman taqiqlangan.

So’nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqdagi asosiy mavzuga aylangan bu mojaroga nisbatan dushanba kuniga kelib rasmiylar munosabat bildirdi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva senator Shuhrat G’aniyevning jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’agan fikrlari yuzasidan Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig’ilishi chaqirilishni e’lon qildi.

Komissiya yig’ilishida hokim Shuhrat G’aniyev yana bir bor xalqdan, jamoatchilikdan uzr so’ragan, unga qat’iy ogohlantirish berilgan.

Ta’kidlash joiz, O’zbekistonda ilk bor Senat hokim va senatorlik maqomidagi amaldorga ogohlantirish e’lon qilmoqda.

Hokimlarning aholini haqoratlashi, urib-so’kishi esa birinchi bor emas, jumladan, qat’iy ogohlantirish va uch oylik sinov muddati bilan jazolangan hokim Shuhrat G’aniyev tomonidan ham.

Shuhrat G’aniyev dastlab Qozog’istonda yonib ketgan 52 nafar mehnat muhojirlari taqdiriga oid Farg’onada o’tgan yig’ilishda Toshloq aholisini “haromilar” deb haqoratlashi bilan keskin norozilik uyg’otgan bo’lsa, keyinchalik majburiy mehnat masalasida, Rishtonda uy-joyidan ajragan aholiga va'da qilingan yordamni ko'rsatmagani, tadbirkorlarga tahdid qilgani bilan jamoatchilik diqqatida bo’lib keldi.

Hokim jamoatchilikka ovoza bo’lib ketgan bu tahdidli qilmishlariga qaramasdan, mustaqillik bayrami arafasida Prezident Mirziyoyev farmoniga muvofiq “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Prezident taqdirlagan hokimlarning aksariyati aynan zo’ravonligi, haqoratlari bilan tanilgan amaldorlar ekanligi munozaralarga sabab bo’lgan edi.

Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat G’aniyevning o’zi Senat yig’ilishida aybini tan oldi, yana bir bor xalqdan, prezidentdan kechirim so’rab, imkoniyat berilsa, chin dildan mehnat qilishga tayyorligini aytdi.

Senat Shuhrat G’aniyevga uch oylik sinov muddati bilan imkoniyat bergan, ammo so’kinishlari, zo’ravonligi bilan tanilgan hokimning o’z lavozimida qoldirilgani jamoatchilikni qanoatlantirmagan ko’rinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat G’aniyev aholining e’tiqod erkinligiga tahdid qilgani uchun emas, balki bu majlis tafsilotlari jamoatchilikka oshkor bo’lgani uchun jazoga loyiq ko’rilgani ta’kidlanmoqda.

So'nggi voqea mamlakatda ro‘molga va soqolga qarshi kampaniya mavjudligidan ham darak beradi.

Ammo senator G’aniyevning xulqi muhokama qilingan Senat majlisida e’tiqod erkinligini cheklovchi shunday ko’rsatma bor-yo’qligi yuzasidan hech narsa aytilmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG