Breaking News

O'zbekiston xorijdagi 11 fuqarosini javobgarlikdan ozod etdi


O'zbekiston bayrog'i Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar bayroqlari qatorida. Shanxay, 12-iyun, 2006.

O’zbekiston noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblangan xorijdagi 11 nafar fuqarosini jinoiy javobgarlikdan ozod qilgan.

Javobgarlikdan ozod qilinganlar diniy ayblov bo’yicha qidiruvda bo’lganlarmi yoki mahkama qaroriga ko’ra jazoga tortilgan shaxslarmi, noma’lum.

O’zbekiston tomonidan diniy ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan yuzlab fuqarolar hamon xorijda.

Ularning aksariyati O’zbekistonga qaytishdan hadikda. Diniy sohadagi islohotlarga shubha bilan qarashadi. Ayrimlari mamlakat ichkarisida vaziyat yomonlashayotganiga doir ishoralar olishmoqda.

Xorijdagi 11 nafar fuqaroni javobgarlikdan ozod qilish qarori terorristik, ekstremistik guruhlarga qo‘shilgan fuqarolar murojaati bilan shug’ullanuvchi Respublika komissiyasining navbatdagi yig’ilishida qabul qilingan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash uchun javobgarlikdan ozod etilgan fuqarolarni mamlakatga qaytarish, ularga ijtimoiy-huquqiy yordam ko’rsatish choralari ko’rilmoqda, deb xabar beradi bu komissiya yig’ilishi haqida Bosh prokuratura.

Respublika komissiyasining javobgarlikdan ozod etishga doir qarori fuqarolar xorijdaligida yoki mamlakatda ekanligi davomida ekstremizmda yoki noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblanganidan darak beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning noqonuniy diniy guruhlarga qo’shilgan fuqarolarni javobgarlikdan ozod qilish tartibiga doir farmonidan so’ng tashkil etilgan Respublika komissiyasi diniy ekstremizm, terrorizm, noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblanganlarni jazodan, javobgarlikdan ozod qilish vakolatiga ega.

Komissiyaga o’tgan yil davomida 70 ta murojaat tushgan. Ulardan 10 tasiga jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibi qo’llangan. 15-yanvar kuni 12 ta murojaatni ko’rib chiqqan komissiya ularning 11 tasini javobgarlikdan ozod qilgan, bittasini qo’shimcha o’rganishga yuborgan.

Huquq himoyachilari diniy motivlar bois mamlakatdan chiqib ketgan, qidiruvga berilgan, turli davlatlarda boshpana ilinjida yurgan fuqarolar soni yuzlab ekanligini ta’kidlashadi.

O’zbekistonda hokimiyat o‘zgarar ekan, Prezident Mirziyoyev muqaddam “qora ro’yxat”ga kiritilgan dindorlarga nisbatan siyosatni o’zgartirdi, chin dildan pushaymonlik bildirganlar afv etilishini ma’lum qildi.

Bu ro’yxatga kiritilganlarning ko’pchiligi diniy tazyiqlar bois xorijga chiqib ketgan dindorlar edi. Hukumat tashabbusiga ko’ra, diniy ayblovlar bois qidiruvda bo’lgan fuqarolarni mamlakatga qaytarish harakati boshlandi.

Bu tashabbus doirasida qancha fuqaro hozirgacha mamlakatga qaytgani noma’lum. Ammo “qora ro’yxat”dan chiqarilishi ortidan xorijdan mamlakatga qaytgan ayrim dindorlar, faollar hibsga olinishi qaytish qaroridagilar uchun ham xavotirli ishoraga aylandi.

Bir necha yillardan buyon Rossiyada qochqinlikda yurgan Havasbek Alijonov O’zbekiston tomonidan noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda, ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan.

Prezident Mirziyoyev diniy islohotlarni boshlar ekan, O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari Alijonov bilan muloqotga chiqishgan. Qaytishga da’vat qilishgan, xavfsizlik va’dasini berishgan. Ammo uning nomi qidiruvdan olib tashlanmagan.

“Rossiyadagi taniqli huquq himoyachilari mening masalamda O’zbekiston hukumatiga ham xat bilan chiqishdi. Ya’ni to’qima ayblovlar bilan qidiruvga berilganim, men hech qanday jinoyatchi emasligim, qaytgan taqdirimda hukumat mening xavfsizligimni qanchalik kafolatlashi mumkinligi haqida. Ammo bu murojaatga hech qanday javob kelmadi”, - deydi Alijonov.

Alijonov O’zbekistondagi o’zgarishlarga ishonmaydi. Mamlakat ichkarisidan qaytish maslahat berilmagan, vaziyat o’zgarishsiz ekanligiga doir ishoralar olayotganini aytadi.

Rossiyada Alijonovni O’zbekistonga deportatsiya qilishga doir sud qarori mavjud. Ayni paytda bu qaror ustidan kiritilgan shikoyat bo’yicha sud ishi kutilmoqda.

Diniy motivlar bois Ukrainada qochqinlikda yurgan boshqa bir o’zbekistonlikka ko’ra ham, mamlakatdagi vaziyatda siljish yo’q, dindorlar ustidan noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikka doir hibslar davom etmoqda. U shaxsan, huquq-tartibot idoralari tomonidan qarindoshlariga murojaat qilinganiga qaramasdan, qaytish fikrida emas.

So’nggi paytda matbuotda mamlakat huquq-tartibot idoralari tomonidan noqonuniy diniy guruhlarga a’zo guruhlar faoliyati fosh qilingan amaliyotlar o‘tkazilayotganiga doir xabarlar ko’paygan.

Turli noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib hibs qilinayotgan bu fuqarolarning kimligi, shuningdek, ular a’zo bo’lgan, noqonuniy, ekstremistik deb ko’rilayotgan mazkur diniy guruhlar haqida ham ma’lumotlar kam.

Mamlakatda diniy mahkumlar, diniy ayblov bilan qidiruvda bo’lgan fuqarolarga doir statistika mavjud emas. Ammo Prezident afvi yoki amnistiyaga ko’ra, diniy mahbuslarning qamoqdan ozod etilishi muntazam kuzatiladi.

Noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib qamalgan bir guruh mahbuslar so’nggi bor o’tgan dekabr oyida, Konstitutsiya bayrami munosabati bilan chiqarilgan afvga ko’ra ozod qilingan edi.

AQSh hukumati O’zbekistonni muqaddam diniy erkinliklar keskin cheklangan, alohida tashvishga molik davlatlar ro’yxatiga kiritib kelayotgan edi.

O’zbekistondagi so’nggi o’zgarishlar, Prezident Mirziyoyevning diniy sohaga doir tashabbuslari ortidan AQSh hukumati O’zbekistonni ana shu ro’yxatdan chiqardi. Ammo diniy erkinlik cheklangan davlatlar qatorida qoldirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG