Breaking News

O'zbekistonda 65 mahbus afv etildi


2003-yilda Jasliq qamoqxonasida olingan surat

Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillik bayrami munosabati bilan navbatdagi afvga imzo chekkan. Afv etilgan 65 nafar fuqaroning 39 tasini noqonuniy diniy tashkilotlarga a’zolikda ayblanganlar tashkil etadi. Bu marhamat soqol bilan bog’liq mojaroning jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo’lishi ortidan kuzatilmoqda.

Savdo majmusida xizmat qilayotgan yigitlar soqolining majburan oldirilishi so’nggi paytda yumshab borayotgan diniy siyosatga doir haqli e’tirozlarga sabab bo'lgan edi. Toshkentda esa ikki blogger diniy ekstremistik adabiyotlar saqlashda ayblanmoqda.

27-sentabr kuni, mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident Mirziyoyev tomonidan imzolangan navbatdagi afv so’ngi uch yil davomida e’lon qilinayotgan yettinchi afv.

Navbatdagi farmon bilan ozodlikka chiqqanlarning aksariyatini avvalgilari kabi asosan diniy mahbuslar tashkil etadi. afv etilgan 65 kishidan 39 tasi noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda ayblangan.

O’zbekiston qamoqxonalaridagi diniy mahbuslar soni qanchaligi aniq emas. afv haqidagi dastlabki farmonini imzolagan Prezident Mirziyoyev 10 mingga yaqin kishini ozodlikka chiqarishni o’ylagani, ammo aksariyat mahbuslar aybiga chin ko’ngildan pushaymonlik izhor qilmaganini, adolatsiz siyosat tufayli jamiyat dushmaniga aylanib qolganini aytgan edi. Prezidentning bu fikrlari diniy mahbuslar soni bir qadar ko’pligidan ham dalolatdek.

Ta’kidlash joiz, Mirziyoyev e’lon qilgan dastlabki afv 2,5 ming fuqaroga tegishli bo’lgan edi. Keyingi afvlarning qo’llov miqyosi esa tobora torayib borayotgani kuzatiladi.

Bu qamoqdagi diniy mahbuslar soni ozaygani bilan bog’liqmi yoki aybiga “chin ko’ngildan pushaymonlik” bildirayotganlar kamaygani bilanmi, noma’lum.

Diniy siyosatda qilingan o‘zgarishlar, “qora ro’yxat” tajribasini bekor qilish ortidan qamoqxonalardagi diniy mahbuslar, adashganlar bilan ishlash uchun ham maxsus komissiya tashkil etildi.

O’zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari kiritilgan bu komissiya dindorlarni “chin ko’ngildan pushaymonligi” darajasiga qarab afv etish yoki etmaslikka tavsiya beradi.

Mirziyoyevni diniy siyosatda islohotlariga baho berayotgan sharhlovchilar, maqsad e’tiqod erkinligini ta’minlashga emas, balki ayricha diniy oqimlarga qo’shilganlarni an’anaviy islomga qaytarish haqida borayotganini ta’kidlashadi.

“Kim, qanday, qaysi dinga, qaysi oqimga e’tiqod qilishiga davlat ham, musulmonlar idorasi ham aralashmasligi kerak. Bu konstitutsiyada belgilangan, kafolatlangan huquq. E’tiqod erkinligining ta’minlanishining o’zi har qanday ekstremizmning oldini oladi. Dinni kim qanday tushinishi va tanlashi fuqaroning shaxsiy ishi. Bunga davlat aralashishi kerak emas hanafiy mazhabga qaytasan deb”, - deydi xorijda yashayotgan diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov.

O’zbekistondagi diniy erkinlik bilan bog’liq muammo faqat mazhabga bog’liq emas. Islomning barcha oqimlari uchun oddiy amal bo’lgan hijob va soqol masalasi o’zbek jamiyatini davomli tarzda to’lqinlantirib keladi.

Avvalroq umumta’lim maktablarida hijobga qo’yilgan taqiq masalasi jamoatchilikni larzaga solgan bo’lsa, yaqinda poytaxtdagi savdo majmusida xizmat qilayotgan yigitlarning IIB boshqarmasiga olib borilishi, majburiy ravishda soqollarining olib tashlanishi jamoatchilikning qizg’in muhokamasiga sabab bo’lgan yana bir voqelikka aylandi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda bu amaliyot ortida Ichki ishlar vazirligi emas, Davlat xafvsizlik xizmati turgani, diniy siyosatdagi nisbiy erkinliklar nihoyasiga yetayotgani haqidagi tanqidlarni ham uchratish mumkin.

Jamoatchilik munozarasiga chiqayotgan ayrim holatlardan tashqari so’nggi paytdagi diniy vaziyat bir qadar barqaror ko‘rinadi. Har holda, noqununiy guruhlarga a’zolik, ekstremizm aybi bo’yicha mahkamalar soni, avvalgi yillarga nisbatan kamaygan, ammo to’xtamagan.

Ayni paytda Toshkentda ikki bloger Rustam Karim va To’lqin Astanov ustidan sud ishi boshlangan. Dastlab, diniy idorada bezorilik uyushtirish aybi bilan hibs qilingan blogerlar ishi keyinchalik DXX vakolatiga o’tkazildi. Bunga hibsga olingan blogerlarning telefoni xotirasidan diniy ekstremizmga oid adabiyotlar chiqqani asos qilib keltiriladi.

Hibsga olingan blogerlardan biri To’lqin Astanov ijtimoiy tarmoqlarda hijob himoyasiga oid chiqishlari bilan ham tanilgan. Diniy erkinlik mavzusida yozgan blogerlarning ommaviy hibsga olinishi ortidan Astanov ham 10 kunlik ma’muriy qamoq jazosini o’tab chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG