Breaking News

Diniy erkinlik: AQSh komissiyasi uni qanday himoya qilmoqda, xususan O'zbekistonda?


AQSh Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi a'zolari (chapdan): Nadin Maenza, Toni Perkins, Jonni Mur, Geri Bauer, Geyl Manchin, Kristina Arriaga va Tenzin Dorji (aslida a'zolar to'qqiz nafar, bu yerda hammasi emas)

Tramp ma'muriyatida dindor rasmiylar ko'p, xususan Vitse-prezident Mayk Pens injilchi nasroniylar toifasidan. Davlat kotibi Mayk Pompeo esa yaqinda "nasroniy liderligi" haqida katta ma'ruza o'qidi. Uning fikricha, dunyoni nasroniy qadriyatlar boshqarib kelmoqda. E'tiqod erkinligi bu rahbarlar uchun nihoyatda muhim talablar. Oq uy va Davlat departamenti uch yildirki, diniy erkinlik targ'ibotiga katta urg'u berib, uni tashqi siyosatdagi eng ustuvor yo'nalishlardan biri deya eslatib kelmoqda. Vashingtonda bu borada yetakchi organ - AQSh Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi (USCIRF).

Komissiya 20 yildan oshibdiki, AQSh nomidan jahon bo'ylab e'tiqod va din bilan bog'liq huquqlarni targ'ib qiladi. Bu boradagi vaziyat davlatma-davlat tahlil qilinib, hisobotlar Kongress va tashqi siyosat amaliyoti bilan bog'liq vazirlik va idoralarga uzatiladi. Komissiya Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Tijorat vazirligi va boshqa idoralarga maslahat va tavsiyalar beradi.

To'qqiz a'zoni AQSh prezidenti va Kongressning har ikki palatasi liderlari tanlaydi. Komissiya partiyaviy siyosatdan yiroq turishi kerak, ya'ni respublikachi va demokrat a'zolar diniy erkinlik masalasini o'z partiyalari yondashuvidan ustun ko'rishi lozim.

Yaqinda O'zbekistonga borib, u yerdagi ahvol bilan tanishib kelgan Nadin Maenza bu komissiyaning raisi o'rinbosari. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda ko'plab muhim savollarga javob berdi.

Diniy erkinlik: AQSh O'zbekistondagi vaziyatni qanday baholamoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:33:36 0:00

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Maenza xonim, biz har safar komissiya a'zolari bilan gaplashganimizda, missiya haqida so'raymiz. Umuman olganda bir xil narsa eshitamiz, lekin a'zolar ulardan nima kutilishini turlicha tushuntirishadi. Sizdan ham bir eshitaylik. AQSh tashqi siyosatida qanday rol o'ynaysiz?

Hukumatlar diniy erkinlikni buzayotgani, unga to'siq qo'yayotgani uchun jazolanishi kerak, bu davlatlarning Amerika bilan oldi-berdisi qanday ekanidan qat'i nazar.

Nadin Maenza, USCIRF: Missiyamiz aniq: dunyo bo'ylab diniy erkinlik qay darajada va qay ahvolda ekanini o'rganamiz va xulosaga asoslanib, Amerika hukumatiga tavsiyalar beramiz. Davlatlar orasidagi rishtalar va hamkorlik qay tusda ketayotgani, o'zaro manfaatlar va kelishuvlardan qat'i nazar diniy erkinlik masalasini oldinga qo'yamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Strategik, geosiyosiy omillardan qat'i nazar, demak?

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, biz bor gapni aytamiz, ahvol qanday bo'lsa, shuni eslatib turamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Diniy erkinlik siz uchun oliy qadriyat va asosiy omil?

Nadin Maenza, USCIRF: Xuddi shunday. Hukumatlar diniy erkinlikni buzayotgani, unga to'siq qo'yayotgani uchun jazolanishi kerak, bu davlatlarning Amerika bilan oldi-berdisi qanday ekanidan qat'i nazar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizga o'xshagan komissiyalar boshqa davlatlarda ham bormi? Ishlaysizmi ular bilan?

Nadin Maenza, USCIRF: Yo'q, biz nohukumat tashkilotlar bilan ishlaymiz. Lekin zimmasiga aynan biznikiga o'xshagan vazifa yuklangan organlar yo'q.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yevropada ham yo'qmi hatto?

Nadin Maenza, USCIRF: Yevropa davlatlarida elchilar bor, maxsus vakillar. U bizda ham bor, Davlat departamentida.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ha, maxsus elchi Sem Braunbek. Uning faoliyati siznikidan nimasi bilan farq qiladi?

Nadin Maenza, USCIRF: Farqi shundaki, u bu masalaga davlatma-davlat aloqalarga asoslangan holda yondashadi. U ma'muriyatning odami. Siyosatni amalga oshirishda diniy erkinlik hisobga olinishini ta'minlaydi. Biz unga ham maslahat beramiz. Ko'rishib, gaplashib turamiz. Braunbek bir paytlar bizning komissiyamiz a'zosi bo'lgan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz Vashingtonda qonunchilar va mutasaddilar bilan ishlaysiz...

Muloqot - eng muhim vosita. Bizdan ijobiy baho olishni istagan davlatlar bor, ular bilan ishlaymiz. Masalan, O'zbekiston hukumati. Ular alohida xavotirga molik davlat bo'lishni, e'tiqod erkinligi sistematik toptaladigan jamiyat sifatida qaralishni istamaydi.

Nadine Maenza, USCIRF: Ha, brifinglar o'tkazib, ularni hozirgi paytda qay jamiyatda e'tiqod huquqlari qanchalik buzilayotgani, Amerika hukumati bu borada nima qila olishi mumkinligi, choralar va yordam xususida gaplashamiz. Yaqindan boshlab saytimizda maxsus ro'yxat bor. Unda diniy sababdan o'ldirilgan yoki nobud bo'lgan insonlar haqida axborot berib boramiz. Jamoatchilik ham bizga bu borada informatsiya berishi mumkin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilamiz, hisobotlaringiz keng o'qiladi, lekin tavsiyalarga har doim ham amal qilinmaydi.

Nadin Maenza, USCIRF: Afsuski, shunday, chunki qiyin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Tavsiyalaringiz amalga oshirilishi uchun nima qila olasiz? Qanday ta'sir vositalariga egasiz?

Nadin Maenza, USCIRF: Muloqot - eng muhim vosita. Bizdan ijobiy baho olishni istagan davlatlar bor, ular bilan ishlaymiz. Masalan, O'zbekiston hukumati. Ular alohida xavotirga molik davlat bo'lishni, e'tiqod erkinligi sistematik toptaladigan jamiyat sifatida qaralishni istamaydi. Lekin Shimoliy Koreya singari davlatlar ham bor. Ular vaziyatni tuzatishni xohlamaydi. Aksincha, bizdan past baho olgani bilan maqtanadi. Biz hukumatimizga ularga nisbatan chora ko'ring, deymiz. Rossiyada, masalan, kim diniy huquqlarni buzayotgan bo'lsa yoki bu muammolarga ko'z yumayotgan bo'lsa, sanksiya qo'yishni tavsiya qilamiz. E'tiqod erkinligi tomon yo'l ochmayotgan davlatlarning Amerika bilan hamkorligi cheklanadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Komissiyadan tez-tez maslahat so'rab turishadimi? Aynan kim?

Biz mustaqilmiz. Ma'lumotlar, xulosalar, tavsiyalar - barchasi faqat komissiyaniki.

Nadin Maenza, USCIRF: Doimiy ravishda. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va boshqa organlar bilan muntazam muloqotdamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hisobotlaringiz chiqishidan oldin ularni Amerika hukumati a'zolari ko'radimi?

Nadin Maenza, USCIRF: Bilasizmi, biz ularga ayrim qismlarini ko'rsatib, qo'shimcha ma'lumotlar so'rashimiz, ularning pozitsiyasi haqida savollar berishimiz mumkin. Lekin hisobotlarga ular qo'l tekkiza olmaydi. Biz mustaqilmiz. Ma'lumotlar, xulosalar, tavsiyalar - barchasi faqat komissiyaniki.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sentabr oyida O'zbekistonda bo'ldingiz.

Nadin Maenza, USCIRF: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Uchrashuvlar samarali kechgani haqida eshitdik.

Nadin Maenza, USCIRF: To'g'ri.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda bugun ahvol qanday? Umuman olganda, vaziyat ancha yaxshilandi, deb hisobot berdingiz. Hukumat ham shunday deydi. Lekin siyosatda salmoqli o'zgarish bo'ldimi? Amerika hukumati nazarida, bo'lgan. Lekin ular, yuqorida qayd etganimizdek, boshqa manfaatlarni ham hisobga olgan holda shunday xulosa qiladi.

1998-yilda qabul qilingan qonun o'zgarishi kerak. O'zgarmas ekan, O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bor, deya olmaymiz.

Nadin Maenza, USCIRF: Shunday. Bilasiz, o'tgan davrda shunday bosqich bo'ldiki, unda O'zbekiston hukumati BMTning diniy erkinliklar bo'yicha maxsus vakili Ahmad Sharif bilan yaqindan ishlab, birga yangicha yondashuv, reja tuzib chiqdi. Buni ko'rgan Davlat departamenti O'zbekistonni qora ro'yxatdan olishga qaror qildi. Respublika bu ro'yxatda turishi kerak deb biz tavsiya qilgan edik. Biz O'zbekistonda vaziyat yaxshilandi deyish uchun real asos topolmaganimizdan shoshmadik. Biz O'zbekistonda ahvol sal yaxshilandi, deya uning maqomini o'zgartirishni maslahat berdik. Ochig'i, biz O'zbekiston bu ro'yxatdan umuman chiqib ketishini istaymiz. Biroq buning uchun yetarlicha o'zgarish qilinishi kerak va ular hali bo'lmadi.

Diniy erkinlik kengaysa, O'zbekiston bundan faqat manfaat ko'radi, ayniqsa iqtisodiy. Biz shunday deb hisoblaymiz. 1998-yilda qabul qilingan qonun o'zgarishi kerak. O'zgarmas ekan, O'zbekistonda e'tiqod erkinligi bor, deya olmaymiz.

O'zbekiston ochilayotganini ijobiy baholaymiz. Biroq diniy erkinlik bo'yicha ildamroq harakat qilish kerak. Dastur va rejalar qog'ozda qolib ketmoqda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Kimlar bilan bu borada gaplashdingiz Toshkentda?

Nadin Maenza, USCIRF: Senator Safoyev va boshqalar bilan. Safoyevning roli va xizmati muhim va uni qadrlaymiz. Diniy idora vakillari va ulamolar bilan ham muloqot qildik. Diniy tashkilotlar va guruhlarning ro'yxatdan o'tishi O'zbekistonda nihoyatda qiyin. Adliya vazirligi, Ombudsman idorasi va Muftiy hamda uning boshqaruvidagi idora bilan gaplashdik. Farg'ona viloyatida bo'ldik. Mahalliy sharoit bilan tanishdik. Bundan juda mamnunmiz va O'zbekiston ochilayotganini ijobiy baholaymiz. Biroq diniy erkinlik bo'yicha ildamroq harakat qilish kerak. Dastur va rejalar qog'ozda qolib ketmoqda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hukumat dinga nisbatan siyosatiga yaqinda bir oz aniqlik kiritgandek. Hijobga qarshi ekanini ochiq bildirdi. Hijob emas, ro'molga ruxsat beramiz, deyishdi.

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, borganimizda hijob degan so'zni eshitmadim.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati hijob yoki soqolga qarshi qonunlar yo'q, ularni man etmaganmiz, deb kelar edi. Lekin mana yaqindan beri Musulmonlar idorasi ham, Prezident Mirziyoyev ham hijob O'zbekistonga xos kiyim emas, O'zbekiston ayollari ro'mol o'raydi, bunga qarshilik yo'q, deya ta'kidlamoqda. Diniy erkinlik haqida gap ketganda, bahslar asosan bosh o'rash va soqol qo'yish singari omillar atrofida aylanadi. Siz O'zbekiston hukumati bilan bu borada qanchalik gaplashasiz?

... hijobga qarshilik... soqol qo'yganlarga tazyiq... Bu ishlar O'zbekiston o'zi uchun belgilab olgan yangi yo'ldan ketmayotganini anglatadi.​

Nadin Maenza, USCIRF: Biz hijobga qarshilik haqida o'z noroziligimizni azaldan aytib kelamiz va bu borada ancha gaplashganmiz. Qizlarga hijob kiyib ilm dargohiga borishni man etish huquqni buzishdir. Soqol qo'yganlarga tazyiqlar haqida ham eshitib turamiz va yaqinda yuz bergan noxush hollardan keyin javobgarlarga nisbatan chora ko'rilibdi, deyishganida buni olqishladik. Keyin yana eshitdik, soqolni majburan oldirib tashlash hollari davom etayotgan ekan. Bu ishlar O'zbekiston o'zi uchun belgilab olgan yangi yo'ldan ketmayotganini anglatadi.​

Nadin Maenza, AQSh Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi raisi o'rinbosari
Nadin Maenza, AQSh Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi raisi o'rinbosari


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati va mintaqadagi boshqa tuzumlar sizga asosan uch nazar bilan qaraydi. Biriga ko'ra, siz amerikacha pozitsiyani olg'a surasiz va bu davlatlarning tarixi, siyosiy-ijtimoiy kelib chiqishiga befarqsiz. Siz ularni tushunmay aql o'rgatasiz. Yana bir tanqid shuki, siz vaziyatni oq va qora ranglarda ko'rasiz. Tavsiyalaringiz mamlakatlardagi real tahdidlarni hisobga olmaydi. Uchinchi bir qarash shuki, siz aslida nasroniylar jamoasi bo'lib, asosiy maqsadingiz ularning qadriyatlari va manfaatlarini targ'ib qilishdir. Sizga ham bu borada aytishar. Nima deb javob berasiz?

Nadin Maenza, USCIRF: Asossiz, deymiz. Inson Huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 18-moddasi biz uchun hamma narsadan ustun. Asosiy tamoyil mana shu modda, ya'ni vijdon va e'tiqod erkinligi, umumbashariy. Biz hech bir davlatga borib, ularga bizga o'xshang, Amerikadek yo'l tuting, bizning bosh qomusimizdan o'rnak oling, demaymiz. Biz ularga xalqaro qonunlar va me'yorlarni eslatamiz. Masalan, O'zbekistonda diniy tashkilot sifatida ro'yxatdan o'tish uchun 11 bosqichdan o'tish kerak. Bu normal hol emas xalqaro maydonda.

Bizga nasroniylar kengashi deb qaraydiganlarga kelsak, o'tgan bir-ikki yildagi faoliyatimizni kuzatsangiz, masalan, nasroniylar haqida deyarli hech narsa demaganmiz. Yaqin Sharqda nasroniylar hayoti xavf ostida qolganida albatta ogohlantirdik, xavotir bildirdik. Lekin bizning diqqatimiz Xitoyda uyg'urlar ezilayotganida, Myanmada rohinjalar azoblanayotganida. Bu musulmonlarning inson huquqlari oyoq osti qilinmoqda. Dunyoda huquqi eng toptalgan guruhlar.

Markaziy Osiyoda biz asosan musulmonlar manfaati uchun gapirib kelamiz. Eronda bahaylarning huquqlari buzilayotganini kuzatamiz. Nasroniylar ogoh va faol ekani ma'lum, lekin bizning komissiyamiz aynan ularning foydasi uchun ishlaydi, deyish o'rinsiz. Unday emas. Faoliyatimiz aslida barchaning diniy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Komissiyada musulmonlar ham bormi?

Nadin Maenza, USCIRF: Aynan hozir yo'q, lekin o'tmishda bo'lgan. Hozir hindu a'zo bor, buddist a'zo bor. Yahudiylar bo'lgan. Komissiyaga har qanday din vakili tayinlanishi mumkin.

Missionerlik, diniy targ'ibot, hamma e'tiqodlarga tegishli. Bu qonunga qarshi ish emas. Islom, masalan, keng targ'ib qilinadigan e'tiqod.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistonda, xususan, rasmiylar orasida sizning komissiyangiz haqida turli qarashlar mavjud. Ular sizga nasroniy guruh deb qaraydi. Ular sizni noxolis taraf deb hisoblaydi. Sizni nasroniylikni, missionerlarni targ'ib qilayotgan tomon deb biladi. Masalan, sentabrda Toshkent viloyatidagi nasroniy jamoalar bilan uchrashganingizni ham ular shunday talqin qildi, ya'ni ular nazarida, siz nasroniylikni yoymoqchisiz.

Nadin Maenza, USCIRF: Biz musulmonlar bilan ko'proq uchrashdik. Asosiy vaqtimiz musulmonlar bilan o'tdi. Biz nasroniylar haqida gapirganimizda O'zbekistonda bu guruhlar ro'yxatdan o'tkazilsin, deya undaymiz. Missionerlikka kelsak, bu faqat nasroniylar bilan cheklanmaydi. Missionerlik, diniy targ'ibot, hamma e'tiqodlarga tegishli. Bu qonunga qarshi ish emas. Islom, masalan, keng targ'ib qilinadigan e'tiqod. Missionerlik haqida gap ketganda, barcha dinlar targ'iboti nazarda tutiladi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Faqat nasroniylik emas?

Nadin Maenza, USCIRF: Yo'q, barcha dinlar.

... diniy ekrinlik ekstremizmga yetaklamaydi. Ekstremizmning ildizi buning aksiga borib taqaladi, ya'ni odamlarning e'tiqodini ezish va kuchli bosim bilan yashirin faoliyatlarga majburlash.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz O'zbekiston rasmiylari bilan muloqotdasiz va bu muloqotlar haqida ko'proq bilishni istaymiz. Davlat Xavfsizlik Xizmati, bilamizki, nasroniy jamoalarni va boshqa guruhlarni o'ziga xos tahdid deb biladi, chunki bu to'dalar ular nazarida ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka yetaklashi mumkin. Ular asosan musulmonlardan iborat jamiyatga yod odatlar, fikr va g'oyalarni olib kirmoqda, deyishadi. Siz bunday xavotirlar yangraganda, nima deysiz?

Nadin Maenza, USCIRF: Bilasizmi, ko'plab jamiyatlarda biz ozchilikdagi guruhlardan xavotirdamiz, chunki hukumat ularni ezayotgan bo'ladi. O'zbekistonda esa, va umuman Markaziy Osiyoda, ko'pchilik bilan bog'liq muammolar talay. Biz bu mintaqada asosan musulmonlarga bosimdan xavotirdamiz. Hukumatlar bilan gaplashganimizda ularga asosan shu haqda aytamiz. Afg'oniston bilan chegaradosh ekanliklarini eslatishadi. Ekstremizm xavotiri yangraydi. Mutaassiblikning oldini olishga harakat qilishayotganini aytishadi.

Lekin diniy erkinlik ekstremizmga yetaklamaydi. Ekstremizmning ildizi buning aksiga borib taqaladi, ya'ni odamlarning e'tiqodini ezish va kuchli bosim bilan yashirin faoliyatlarga majburlash. O'zbekistonda bizga hech kim, xususan rasmiylar va taqvodorlar ozchilikdagi guruhlardan nolimadi. O'zbekistonda etnik va diniy ziddiyatlarni kuzatmaymiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston tolerant muhit, sizningcha?

Nadin Maenza, USCIRF: Shunday va shu bois ham ayrim nasroniy guruhlarni, jumladan "Iyegova shohidlari"ni ro'yxatga olishdan qo'rqmaslik kerak. Ular tahdid emas.

Bir narsaga urg'u bermoqchiman, taqvodor fuqarolar, qay dinda bo'lmasin, namunali fuqarolar bo'ladi. Axloqli, qonunlarni e'zozlaydigan, jamiyat uchun qayg'uradigan.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Lekin rasmiylar bu guruhlar kengayib bormoqda va bu xavfli, deyishsa-chi? Nasroniylikka kirganlar g'alati odamlar, atrofdagilar ulardan qo'rqa boshlaydi, xavotirga tushadi; mahallalarda o'ziga xos vahima bor ulardan, degan gaplarni ham eshitamiz.

Nadin Maenza, USCIRF: Bizning nazarimizda bu asossiz xavotir. Hukumatdan biz bu borada eshitmadik. Bir narsaga urg'u bermoqchiman - taqvodor fuqarolar, qay dinda bo'lmasin, namunali fuqarolar bo'ladi. Axloqli, qonunlarni e'zozlaydigan, jamiyat uchun qayg'uradigan. Dindorlarni ezish, taqvodor bo'lgani uchun kimdandir qo'rqish va unga tazyiq o'tkazish hech bir jamiyatda hech qachon yaxshilikka yetaklamagan.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz, ya'ni sizning komissiyangiz diniy erkinlik himoyachisimi yoki diniy targ'ibotchi? Bularning orasidagi farqni qanday tushunasiz va chegara siz uchun qayerda?

Nadin Maenza, USCIRF: Biz biror dinni boshqalaridan ustun qo'ymaymiz. E'tiqod erkinligi - uzviy, umumbashariy huquq. Inson xohlagan dinga ishonishga va ishonmaslikka haqli. Xohlasa, dindor bo'lsin, xohlamasa bo'lmasin. Uni buning uchun jazolay olmaysiz yoki eza olmaysiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz hukumatdan tashqari no-hukumat doiralar bilan muloqotdasiz, shuningdek, diniy doiralar bilan.

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, shunday, hamma bilan.

Inson xohlagan dinga ishonishga va ishonmaslikka haqli. Xohlasa, dindor bo'lsin, xohlamasa bo'lmasin. Uni buning uchun jazolay olmaysiz yoki eza olmaysiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Ularga nisbatan ishonchingiz nimaga asoslanadi? Kim siz uchun ishonchli manba?

Nadin Maenza, USCIRF: Biz hammani eshitamiz. Ma'lumotlarni to'plab, o'zimiz tekshiruv o'tkazib, tahlil qilib, keyin o'z ekspertlarimiz yordamida xulosa qilamiz. Bizga kelgan informatsiyaning hammasiga ham ishonch bilan qaramaymiz. Mustaqil tekshiramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": [Yevropada asoslangan] "Forum 18" tashkiloti siz eng ko'p tayanadigan manba. Hisobotlaringizda ulardan ko'p ma'lumotlar keltirasiz. Markaziy Osiyoda diniy erkinlik hozir qanchalik yoritiladi, sizningcha, va bu borada progress bormi?

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, bor. E'tiqod va diniy erkinlik bilan bog'liq masalalarni tahlil qilayotgan fuqarolar, xususan blogerlar bugun ko'proq va umuman bu boradagi muammolar haqida ochiq gapira oladiganlar hozir anchagina. O'zbekistonda, masalan, oldinga siljish bo'ldi, lekin hozirga kelib yana susaygan. Ochilishda davom etish kerak.

Tashkiloting ro'yxatdan o'tmagan deya taqvodorlarni jazolash adolatdan emas. 1998-yilda chiqqan qonun o'zgarishi kerak. Siyosiy va diniy majbuslar hali ham juda ko'p. Aniq raqamlarni bilmaymiz, lekin mahbuslar orasida dindor ekani uchungina o'tirganlar talay. ​Prezident Mirziyoyev ko'plarini ozod etdi. Bu - katta ijobiy qadam. "Jasliq" yopilmoqda. Bu ham progress. ​

O'zbekiston hukumati din va e'tiqodga nisbatan ham siyosiy islohotlar qilish rejasini tuzib chiqqan, bilamiz. Shuni amalga oshirishga undaymiz.

Mana O'zbekiston bizning qora ro'yxatdan chiqishni xohlayapti-ku. Shu yo'lda harakat qilayapti-ku. Vaziyat haqiqatdan yaxshilansa, butunlay chiqaramiz. ​

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": "Alohida xavotirga molik davlat" deya tamg'alashdan nima foyda? Bir tomondan AQSh hukumatining o'zi bu tamg'ani chetga surib, O'zbekiston, Tojikiston va boshqa davlatlar bilan strategik maqsadlarga hamkormiz, deya tavsiyalaringizga ko'z yumadi. Ikkinchidan esa siz alohida xavotirga molik deb qayd etayotgan mamlakatlarda hukumatlar sizga qarshi. Foydali jihati sezilmaydi bu tamg'alashning.

Nadin Maenza, USCIRF: Biz diniy erkinlik bobida kim oldinda, kim orqada ekanini tahlil qilib, eng namunali va eng xavotirli jamiyatlarni ko'rsatamiz. Ahvol qayerda qanchalik yomon ekanini eslatib turamiz. Hukumatlar bilishi kerak: siz diniy erkinlik borasida xalqaro normalarni buzayapsiz. Xalqingiz boshqalarga qaraganda kamroq huquqqa ega. Biz faqat uyaltirmaymiz, balki vaziyatni tuzatish yo'lida tavsiyalar beramiz. Mana O'zbekiston bizning qora ro'yxatdan chiqishni xohlayapti-ku. Shu yo'lda harakat qilayapti-ku. Vaziyat haqiqatan yaxshilansa, butunlay chiqaramiz. ​

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Turkmaniston va Tojikistonda vaziyat yomonlashmoqda, deb kelasiz.

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, shunday. Ularda O'zbekistondagi singari o'zgarish, vaziyatni yaxshilash uchun iroda yo'q. Dunyoda shunday rahbariyatlar borki, ular hatto qora ro'yxatda ekani bilan faxrlanadi, chunki vaziyatni tuzatishdan manfaat ko'rmaydi. Ular xalqqa o'tkazayotgan zulmi bilan faxrlanadi. Lekin boshqalar xalqaro maydonda ishonch va hurmat qozonishga, savdo va biznes sohasida oldinga siljishga harakat qilib, farovonlik tomon qadam tashlamoqda. Diniy erkinlik bu boradagi muhim talablardan biri ekanini tushunishadi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Diniy erkinlik darajasi iqtisodiy jihatdan jiddiy omil emas, degan tushuncha ham keng tarqalgan. Ya'ni tizimga nisbatan chet ellik sarmoyador ishonchini xalqning qanchalik dindor ekani belgilamaydi, deyishadi. Bunga nima deysiz?

Ha, mayli, ro'mol bo'lsin, lekin boshini o'rashga yo'l berishsin. Tushunamiz, har bir jamiyat o'ziga xos jihatlarga ega. Lekin fuqaro erkin bo'lsin, diniy erkinlikka ega bo'lsin - bu erkinlik umumbashariy, boshqa uzviy huquqlar singari.

Nadin Maenza, USCIRF: Bizning qo'ra ro'yxatimizdagi birorta davlatda iqtisodiy vaziyat yaxshi emas, hatto Xitoyda ham, degan bo'lar edim. Xitoyning iqtisodiy qudrati oddiy xitoyliklarning kundalik hayotini yaxshilab qo'ygan deya olmaymiz. Elitaning hayoti yaxshi. Boylik ularda. Xalq uzviy erkinliklardan mahrum va turmushi ham shunga yarasha.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz boshqachamiz, bizning o'zimizga xos mentalitetimiz, yondashuvimiz, siyosatimiz bor, deyishadi. Biz hatto boshqacha musulmonlarmiz, degan argument bor. O'zbekiston musulmonlari Pokiston yoki Erondagi musulmonlardan farq qiladi. Hammani bir qarichda o'lchamang, deyishadi. Hijob emas, ro'mol, degandek, masalan.

Nadin Maenza, USCIRF: Mayli, lekin o'ray olishsin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Sizning javobingiz shu?

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, mayli, ro'mol bo'lsin, lekin boshini o'rashga yo'l berishsin. Tushunamiz, har bir jamiyat o'ziga xos jihatlarga ega. Lekin fuqaro erkin bo'lsin, diniy erkinlikka ega bo'lsin - bu erkinlik umumbashariy, boshqa uzviy huquqlar singari. O'zbekiston - go'zal bir diyor. Barcha din vakillari bemalol, erkin va farovon yashasin.

Bolalarga xususiy diniy bilim berish cheklangan. Diniy kitoblarni uyda guruh bo'lib yig'ilib muhokama qilish mumkin emas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston ahli islomiy tarixi bilan faxrlanadi. Hukumat diniy ta'limni kuchaytirayotganini qayd etib, yangi maktablar, akademiya va madrasalar ochmoqda. Siz bu o'zgarishlarni qanday baholaysiz?

Nadin Maenza, USCIRF: Ijobiy o'zgarishlar... lekin bu ilm dargohlari o'rta maktabni bitirganlar uchun, bolalar uchun emas. Bolalarga xususiy diniy bilim berish cheklangan. Diniy kitoblarni uyda guruh bo'lib yig'ilib muhokama qilish mumkin emas. Dunyoning boshqa davlatlari bilan qiyoslaganda O'zbekiston bu borada orqada. Odamlarning islomni o'zlari uchun kashf etishga, uni chuqurroq o'rganishga haqqi bor. Xususiy diniy ta'limni nega cheklayapsiz, deb so'rab kelamiz. Aniq javob yo'q. ​

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston rasmiylariga ko'ra, diniy ta'limni bu borada diplomi yoki professional hujjati bor odam berishi kerak.

Radikallashish yashirin faoliyatga borib taqaladi. Hukumat bundan manfaatdormi? Cheklovlar odamlarni maxfiy ishlarga yetaklaydi.

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, shuni eshitamiz.

Navbahor Imamova, VOA: Ruxsat bersak, ekstremistlar ko'payadi, deyishadi.

Nadin Maenza, USCIRF: Radikallashish yashirin faoliyatga borib taqaladi. Hukumat bundan manfaatdormi? Cheklovlar odamlarni maxfiy ishlarga yetaklaydi. Bizningcha, diniy erkinlikni ezish nomaqbul harakatlarga undaydi. Odamlar erkin e'tiqod qila olsin, dinini bemalol o'rgansin, yig'ilib mutolaa qilsin. Tuzum buni tushunishi kerak. Dunyoviylikni dindorlarni yoki dinga qiziqqanlarni ezib himoya qila olmaysiz. Qo'rqinch darajasi oshadi xolos.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Musulmonlar idorasi haqida qanday fikrdasiz? Aslida u nohukumat organ. Lekin odamlar uni davlatning idorasi deb biladi. Siz unga ishonch bilan qaraysizmi?

Nadin Maenza, USCIRF: Ishonch bilan qaraymiz. Ular masjidlar va imomlar uchun mas'ul. Lekin nazarimizda ular hukumat va xalq orasida noqulay bir pozitsiyada. Ya'ni o'zi qaror qilishga qanchalik harakat qilmasin, hukumat uni baribir nazorat qiladi. Masalan, hijobli va soqollilarga tegmanglar deb chiqishi mumkin. Biroq masjidlarda imomlar hukumat xohlagan mavzularda ma'ruza qilsin desa, shunday qilishadi.


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mintaqaga borib kelganingizdan keyin Vashingtonda siyosatchilar sizdan nimalarni so'raydi?

O'zbekiston - muhim sherik. Hamma bu yerda O'zbekiston oldinga ketishini istaydi.

Nadin Maenza, USCIRF: Siz hozir ko'tarayotgan masalalar haqida qiziqishadi. O'zbekiston - muhim sherik. Hamma bu yerda O'zbekiston oldinga ketishini istaydi. Qog'ozdagi rejalar amalga oshsin, belgilangan siyosat real hayotga ko'chsin, degan xohish va umid bor. Islohotlar sekinlashmasin, ildamlashsin, O'zbekistonda hayot yaxshilanaversin, degan ezgu maqsadimiz bor.

Navbahor Imamova, VOA: AQShning hozirgi vitse-prezidenti va davlat kotibi dindor odamlar. Buning sizga foydasi bormi? Ishingizni osonlashtiradimi bu?

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, ular dindor va diniy erkinlik targ'ibotiga jiddiy yondashishmoqda. Maxsus elchimiz Sem Braunbek qattiq ishlamoqda. Va aytganimdek, biz ayrimlar o'ylaganidek, faqat nasroniylar manfaati uchun ishlayotganimiz yo'q. Biz barcha dinlar va ularning vakillari uchun sharoit yaxshilansin, deymiz. Xitoyda uyg'urlarning, musulmon aholining ahvoli og'ir. Ular uchun qayg'uramiz va gapiramiz. Myanmadagi musulmonlar uchun qayg'uramiz va gapiramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Komissiya har yili Kongress tomonidan moliyalanadi, shundaymi?

Nadin Maenza, USCIRF: Ha, shunday. Komissiyamiz a'zolari oyda bir marta ko'rishadi. Barchamizning boshqa ishlarimiz ham bor. Bu yerda ko'ngilli xizmatchilarmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz yana nima bilan mashg'ulsiz?

Nadin Maenza, USCIRF: Nohukumat tashkilotda ishlayman. Oila va e'tiqod masalalari bilan shug'ullanaman. Turli diniy tashkilotlarda faoliyat yuritaman, mahalliy va xalqaro.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Musulmonlar bilan ham ishlaysizmi?

Nadin Maenza, USCIRF: Albatta, muntazam ravishda.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat suhbat uchun!

Nadin Maenza, USCIRF: Sizga katta rahmat!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG