Breaking News

"Human Rights Watch" O'zbekistonga qanday baho berdi?


Siyosiy ta’qib, qiynoqlar va majburiy mehnat hokimiyatga kelganiga uch yil bo’lgan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvida ham inson huquqlari buzilishiga doir asosiy ko’rsatkichlar sifatida qolmoqda. Xalqaro inson huquqlari tashkiloti ”Human Rights Watch” O’zbekistonga shunday baho berdi.

O’zining yillik hisobotida Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham baho bergan tashkilotga ko’ra, mintaqada hokimiyatlar o’zgarishi, iqtidorga yangi shaxslar kelgani siyosiy o’zgarishlarga sabab bo’lmagan. So’z erkinligi, jurnalistlar va blogerlarga nisbatan tazyiqlar to’xtamagan.

O’zbekiston misolida bu tazyiqlar maxsus xizmatlarning jurnalistlarga nisbatan qo’llayotgan ayblovlari, siyosiy ta’qiblar va qiynoqqa solish tajribasining davom etayotganida ko’riladi.

“Human Rigts Watch” Shavkat Mirziyoyev hokimiyati tomonidan hozirgacha amalga oshirilgan, umid uyg’otgan asosiy islohotlarni ham sanab o’tadi.

Bular siyosiy mahbuslarning qamoqdan ozod qilinishi, matbuotda kuzatilayotgan nisbiy erkinliklar, dindorlar doxil “qora ro’yxat” tajribasi bekor qilingani, davlat idoralarining fuqarolar oldidagi javobgarligi oshirilayotganidan iborat. Shuningdek, O’zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga erishgani o’zgarishlarga umidlarning ancha kuchayishiga sabab bo’lgan.

“Human Rights Watch” hisobotida Markaziy Osiyodagi ikki davlat Tojikiston va Turkmanistondagi vaziyat yanada og’irlashgani qayd qilinadi. Uzoq yillar diktator hukmdorlar boshqaruvida qolgan mintaqada - Qozog’iston, Qirg’iziston va O’zbekistonda hokimiyat o’zgargani qo’shni davlatlarga ijobiy ta’sir o’tkazuvchi imkoniyat ekanligi ta’kidlanadi.

Hisobotda uzoq yillar diktatorlar boshqaruvida qolgani ta’kidlangan mintaqaning ikki davlati O’zbekiston va Qozog’istonda hokimiyatlar birin-ketin almashdi; O’zbekistonda mamlakatni 27 yil boshqargan Karimovning kutilmagan o’limi ortidan hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev keldi. Qozog’istonni salkam 30 yil boshqargan Nursulton Nazarboyev esa hokimiyatni vorisi Qosim-Jo’mart Tokayevga topshirdi. Ammo elboshi asosiy boshqaruvni hamon o’z qo’lida saqlab qolayotgani ta’kidlanadi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda, xorijda, xalqaro hamkorlar, tashkilotlar tomonidan jiddiy qo’llab-quvvatlandi, olqishlandi. Shu jumladan, “Human Rigthts Watch”ning O’zbekistonga doir bayonotlarida ham.

Mirziyoyev islohotlariga doir shubhalar esa uning boshqaruviga uch yildan ko’proq vaqt o’tishi ortidan yuzaga chiqmoqda. Xususan, siyosiy sohada ham. So’z erkinligi, qiynoqlar va majburiy mehnatga doir muammolarning davom etayotgani shikoyatlarga sabab bo’lmoqda.

Mamlakatdagi so’z erkinligida nisbiy uyg’onishlar qayd etilsa-da, jurnalistlarga, blogerlarga tazyiqlar hamon to’xtamagan. Ularga qarshi turli ayblovlar deyarli muntazam kuzatiladi.

Yaqinda tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan, mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan tuhmat va haqoratda ayblangan andijonlik bloger Otabek Nuritdinov 15 kunlik qamoq jazosini o’tab chiqdi. Ammo ayni paytda uni tuhmat va haqoratda ayblagan navbatdagi ikki shikoyat arizasi bo’yicha ish qo’zg’atilgani ta’kidlanadi.

Avvalroq, dekabr oyida muxolifat a’zosi, shoir Mahmud Rajab tashkil qilgan norozilik aksiyasini jonli yoritgani uchun hibs qilingan, ruhiy kasallikar dispanseriga joylashtirilgan bloger Shabnam Olloshukurova uch oylik majburiy davolanish ortidan ozodlikka chiqarilgan edi.

O’zbekistonlik blogerlardan biri Abbos Asad so’nggi paytda mahalliy hokimiyatlar bosimining kuchayishini boshqaruv, xususan, ijro hokimiyatining o’zi islohotlardan chetda qolayotgani bilan izohlaydi.

Avvalroq mahalliy hokimiyat bosimiga uchragan, mahkamaga tortilgan blogerning ta’kidlashicha, joylarda, ayniqsa, mahalliy hokimiyatlar hamon tanqidga chidamsiz. Muammolarni kuch, ma’muriy bosimlar vositasida hal etishga o’rganib qolgan.

Mahalliy faollar iqtidordagi hokimiyatning uch yillik boshqaruv ortidan mamlakatda islohotlar sur'ati sekinlashgani, hukumat ayrim sohalarda, xususan, siyosiy erkinliklar masalasida islohot qilish niyatida emasligini aytishadi.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi a’zosi, huquq himoyachisi A’zam Turg’unovga ko’ra, hokimiyatdan siyosiy islohotlarni kutish haqiqatdan yiroq. Hukumat hozirgacha biror bir muxolif yoki mustaqil nodavlat tashkilotni ro’yxatdan o’tkazmadi.

“Mustaqil yoki muxolifatdagi faoliyat uchun bosim va ta’qibning olib tashlanmagani, maxsus xizmatlarning avvalgidek nazoratni davom ettirayotgani bu borada biror o’zgarish bo’lishidan, islohotlar rejalanganidan darak bermaydi. So’nggi yillarda aytilgan turli umidli mulohazalarga qaramasdan, amalda men aniq bir siljish ko’rayotganim yo’q. Hammasi avvalgidek ishlayapti. Jumladan, kuch ishlatar idoralarga tayanayotgan siyosiy tuzum ham. Siyosiy o’zgarishlar tizgini hamon maxsus xizmatlar qo’lida”, - degan fikrda A’zam Turg’unov.

O’zbekistonda o’tgan parlament saylovlarida siyosiy partiyalarning o’zaro debatlari jonli namoyish etilishi bilan jamoatchilik diqqatini tortdi.

Ammo tanqidchilar siyosiy muxolifat ishtirokisiz kechgan saylov kampaniyasidagi bu debatlar jilovlangan erkinlik darajasida o’tkazilgani, siyosiy raqobat taqdim etishga urinishlar samarasiz tugaganini ta’kidlamoqda.

“Human Rigthts Watch”ga ko’ra, O’zbekiston - hokimiyat o’zgarishi islohotlarga umid bergan davlatlardan. Bu umidlar oqlanishi uchun uning xalqaro hamkorlari ham vaziyatni befarq kuzatmasligi, inson huquqlariga doir talab, tavsiyalarni muntazam bildirib borishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG