Breaking News

Yangi parlamentning ikkinchi ish kunida nimalar bo'ldi?


O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Toshkent, 21-yanvar, 2020

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi ziddiyat ortidan chegaralarda xavf ortib borayotganidan ogohlantirmoqda. Prezident bu haqda hukumat rahbari qayta tasdiqlangan parlament majlisida bildirgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat iste’fosini qabul qilgan parlament ikkinchi ish kunida o’tgan qo’shma majlisda uni yana bosh vazirlikka tasdiqladi.

Aripov nomzodi parlament saylovlarida ko’pchilik ovoz to’plagan Liberal demokratlar partiyasi tomonidan qo’yildi.

Oliy Majlis Senati 20-yanvar kuni o’tkazgan birinchi majlisida Senat raisligiga Tanzila Norboyevani, raisning birinchi o’rinbosari lavozimiga Sodiq Safoyevni saylagan edi.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi 21-yanvar kungi qo’shma majlisini hukumatni tasdiqlashdan boshladi. Majlisda Abdulla Aripov nomzodi Prezident Mirziyoyev tomonidan deputatlarga taqdim qilindi.

Prezident o’z chiqishida hukumat ishini keskin tanqid qildi. Xususan, energetika va ta’lim sohasida korrupsiya hamon keng ildiz otganiga to’xtab o’tgan. Bundan tashqari, qurilish, transport va ichimlik suvi ta’minoti bo’yicha hukumat o’z vazifasini uddalay olmagani ta’kidlangan.

Saylov kampaniyasi davomida siyosiy partiyalar bosh vazirlikka turli nomzodlarni e’lon qilish rejasini bildirgan edi. Biroq Abdulla Aripov bosh vazirlikka mutlaq yakdillik bilan tasdiqlangan.

Yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkazilgan tasdiqda bir necha ovoz betaraf qolgan, ammo nomzodga qarshilar qayd qilinmagan.

O’zbekistonda parlament saylovlari ortidan hokimiyat jiddiy o’zgarishlarga yuz tutdi deyish qiyin. Boshqaruvdagi asosiy rahbarlar Senat, Qonunchilik palatasi raislari, o’rinbosarlari, shuningdek, bosh vazir ham o’z lavozimini saqlab qoldi.

Hokimiyatda, hukumat tarkibida jiddiy o’zgarishlar qilmagan parlament saylovlari, prezident chaqiriqlaridan qat’iy nazar, deputatlar faoliyatiga jiddiy yangilik kiritishi ham qiyin ekani aytilmoqda.

Saylov ortidan hokimiyat bo’g’inlarini, hukumatni shakllantirib olgan mamlakat rahbari yangi marralar, rejalar haqida gapirmoqda.

Prezident ta’kidiga ko’ra, O’zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy iqttifoqiga qo’shilmaydi. Hozircha kuzatuvchilik maqomi bilan cheklanadi.

“Mustaqilligimizni berib qo’yamiz degan gaplar shunchaki gaplar. Kim berib qo’yadi mustaqillikni? Bunaqa bo’lmaydi. Bundan tashqari kuzatuvchi degani – a’zo degani emas. Biz kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz. Asosiy o’rinda xalq manfaati turadi”, - dedi prezident.

Mirziyoyev, shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazgan uchrashuvi davomida tomonlar ko’p narsalarni o’zaro kelishib olishganini ham ta’kidlab o’tgan.

O’zbekiston prezidenti parlamentdagi chiqishida xalqaro maydondagi ahvolni, xususan, Yaqin Sharqdagi ziddiyat, Afg’onistondagi vaziyatga ham to’xtaldi.

“Yaqin Sharqdagi voqealar bizga ta'sir qilmaydi deb o‘ylaysizlarmi? Shamoli yetib kelyapti, shamoli! Chegaralarimiz atrofida xavf ortib boryapti. Afg‘onistondan bizga yaqin chegaralarni tozalab berishni so‘radik. Ular ham o‘zaro hamkorlik shartnomalari yuzasidan qandaydir harbiy operatsiyalar qilganday bo‘lishdi. Ammo bu bilan xavfsizlik ta'minlanib qolmaydi. Biz o‘zimiz xavfsizlikni ta'minlashimiz kerak. Biz yer tagida ilon qimirlasa bilamiz. Xavf yo‘q emas, vaziyat murakkabligini yaxshi tushunib turibmiz”, - dedi prezident.

Bu xalqaro hamjamiyatda keskin munozaraga sabab bo’lgan AQSh-Eron keskinligi, Yaqin Sharqdagi vaziyat bo’yicha O’zbekiston prezidenti tomonidan bildirilayotgan dastlabki bayonot.

Avvalroq rasmiy Toshkent vaziyat yuzasidan bayonot tarqatgan, ziddiyat Markaziy Osiyoda tashvish va xavotir bilan qabul qilinganini bildirgan edi.

Bosh vazir nomzodi tasdiqlangan qo’shma majlisda uning vakolatlariga ham to’xtab o’tilgan. Bosh vazir ijro organi nazoratini ham o’z zimmasiga olishi zarurligini ta’kidlagan Mirziyoyev prezident uchun tashqi siyosat masalasi ustuvor bo’lishini ta’kidlagan.

Abdulla Aripovning nomzodi bosh vazirlikka tasdiqlanishi jamoatchilik uchun kutilayotgan hodisa edi. Shu boisdir bu tasdiq keskin munozaralar uyg’otgani kuzatilmadi.

Prezident Mirziyoyev Aripov nomzodini deputatlarga taqdim etar ekan, uni turli tuhmatlarga uchragan, biroq sinmagan kadr sifatida tanishtirgan.

“Nega desangiz, Abdulla Nigmatovichni men 20 yildan buyon yaxshi bilaman. Ko’p yillar yonma-yon bo’lib ishlaganmiz. Hayotida ko’p og’ir tuhmatlar bo’ldi. Bu tuhmatlarni o’zidan o’tkazib, hech qachon singani yo’q. Shuning uchun ham men lavozimga o‘tirganimdan keyin, adolat nuqtai nazaridan, Abdulla Nigmatovichni qaytardim”, - dedi prezident.

Ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston rahbari Oliy Majlisda navbatdagi murojaat bilan chiqish qilishga hozirlik ko‘rmoqda. 24-yanvar kuniga belgilangan bu murojaatda prezidentning davlat va yangi shakllangan hukumat oldida turgan muhim masalalar bo’yicha bayonot qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG