Breaking News

Abdulqodir Masharipovga 40 ta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi so'raldi


Abdulqodir Masharipov Istanbuldagi “Reina” tungi klubiga hujum qilib, ommaviy qotillikni amalga oshirganlikda ayblanmoqda.

27-yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi 27-sonli O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudda o‘nlab kishini o‘ldirishda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov ishi bo‘yicha ayblov xulosasi e’lon qilindi.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, prokuratura Masharipovga “konstitutsion tuzumga tajovuz” va “39 kishini qasddan o‘ldirish” ayblovlarini qo‘ygan.

Asli o'zbekistonlik Abdulqodir Masharipov Istanbulning Beshiktosh tumanida joylashgan “Reina” tungi klubiga hujum qilib, ommaviy qotillikni amalga oshirganlikda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko'ra, u 2017-yil 1-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 01:15 da “Reina” klubiga kelgan va ichkariga kirib, odamlarga qarata AK-47 qurolidan o‘t ochgan. Taxminan 7 daqiqacha davom etgan hujumda turli davlatlarning fuqarolari halok bo‘lgan va yaralangan. Masharipov hujumdan keyin qochib ketgan, u va uning ayrim sheriklari 17-yanvar kuni Istanbulning Esenyurt tumanidagi uylardan birida qo‘lga olindi.

O‘shanda “Reina” klubiga hujumni IShID guruhi o‘z zimmasiga olgan. Hujumdan keyin “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan o‘zbekistonlik diniy faol Muhammadsolih Abutov Abdulqodir Masharipovni radikal shaxs sifatida ta’riflagan va IShID safida Abu Muhammad Xurosoniy taxallusi ostida faoliyat olib borganini aytgan edi.

Kechagi sudda guvohlarga so‘z berildi, xususan, Abdulqodir Masharipovni Zaytunburni mavzesidan Beshiktoshning O‘rtako‘y mavzesiga olib kelgan va hujumdan keyin uni Zaytunburniga olib borib qo‘ygan taksi haydovchilarining ko‘rsatmalari tinglandi. Taksi haydovchilaridan biri Sardor Qoratosh hodisa yuz bergan tunda mashinasiga Abdulqodir Masharipov o‘tirganini aytdi:

“Kechasi soat taxminan 01:00-02:00 edi. Ustida ko‘ylak bor edi, havo sovuq bo‘lgani uchun kiyimlaridan shubhalandim. Yuziga qaragandim, yuzida qurum ko‘rdim. Menga sigareta berdi. Sovqotmayapsanmi, havo sovuq, dedim. “Bomba portladi. Meni Zaytunburniga olib borib qo‘y, ko‘p pul beraman”, – dedi menga. Giyohvand modda qabul qilgan bo‘lishidan shubhalanib, mashinadan tushishini talab qildim. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi, ko‘zi shishaga o‘xshardi. Menga jahl bilan qarab, mashinadan tushdi. Chet ellik edi, turkchani buzib gapirardi”.

Ammo ayblanuvchi guvohlarning ko‘rsatmalarini rad etdi. “Beshiktoshda emasdim. O‘sha paytda turk tilini ham bilmasdim, turkchani qamoqxonada o‘rgandim”, – dedi u.

Ayblanuvchi o‘tgan yilgi sudda ham ayblovlarni rad etgan va tasvirlarda qurol ko‘targan shaxs boshqa kishi ekanligini aytgan edi.

Ayblov xulosasida Abdulqodir Masharipovga og‘irlashtirilgan ko‘rinishdagi jami 40 ta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi so‘ralgan. Shuningdek, unga 79 kishini o‘ldirishga uringani hamda “O‘t ochuvchi qurollar haqida”gi qonunni buzgani uchun 1500 yil ozodlikdan mahrum etish, ayblanuvchilardan Ilyos Mamasharipovga ham xuddi shu jinoyatlarni sodir etgani uchun 632 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini berish talab qilindi.

Oralarida Abdulqodir Masharipovning rafiqalari Zarina Nurullayeva va Tene Traore ham bo‘lgan 48 nafar shaxsga qurolli terror tashkilotiga a’zo bo‘lish ayblovi bilan 7,5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash, shuningdek, ulardan ayrimlari “O‘t ochuvchi qurollar haqida”gi qonunni buzgaini uchun ham jazolanishi kerakligi so'raldi.

“Reina” tungi klubiga hujum yuzasidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi joriy yilning 23-martida e’lon qilinadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG