Breaking News

Istanbul xurujida ayblanayotgan o'zbekistonlik ustidan sud boshlandi


Istanbuldagi qonli hujum ijrochisi deb ko`rilayotgan Abdulqodir Masharipov
Istanbuldagi qonli hujum ijrochisi deb ko`rilayotgan Abdulqodir Masharipov

Turkiyada Istanbuldagi qonli hujum ijrochisi deb ko`rilayotgan Abdulqodir Masharipov va yana bir guruh o’zbekistonliklar ustidan mahkama boshlandi.

Shu yilning 1-yanvarida Istabuldagi tungi klubda sodir etilgan terror xurujida 39 kishi o’ldirilgan edi. Ayblanuvchi sifatida o’zbekistonlik Abdulqodir Masharipov hibsga olingan. Oradan sal kam bir yil o’tib boshlanayotgan mahkamada Masharipovdan tashqari yana bir nechta o’zbekistonlikni terror hujumiga aloqadorlikda aybdlanmoqda.

Abu Muhammad Xurosoniy nomli shaxs nomidan sodir etilgan Istanbuldagi hujumda 39 kishi otib o’ldrilgan, 70 ga yaqin odam jarohatlangan edi.

O’tgan yili 31-dekabr oqshomida yangi yilni qarshilash uchun tungi klubga yig’ilganlar o’qqa tutilgan. Voqea ayrimlar tomonidan o`zbekistonliklar ishtirokida sodir etilgan eng mudhish terrorchilik xuruji deya baholanmoqda.

Turkiya politsiyasining xuruj ortidan o’tkazgan maxsus amaliyoti natijasida Masharipov hibsga olingan. Hujumni “Islomiy davlat” guruhi o’z bo’yniga olgan edi.

Voqea yuzasidan mahkama ishi Istanbulda 11-dekabr kuni boshlandi. Sudda yana 57 nafar gumonlanuvchi borligi, ularning aksariyatini Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ekani aytilmoqda.

Masharipovning turmush o’rtog’i Zarina Nurullayeva ham ayblanuvchilar qatorida. Boshqa gumondorlarning yana qanchasi o’zbekistonlik ekani haqida aniq ma’lumot yo’q. O’lim jazosi bekor qilingan Turkiyada Masharipovga nisbatan umrbod qamoq jazosi berilishi kutilmoqda.

Istanbuldagi hujumda ayblanayotgan Abdulqodir Masharipov yuzasidan O`zbekiston huquq-tartibot idoralari biror ma’lumot oshkor qilmagan.

Asli farg’onalik deb ko’rilayotgan Abdulqodir Masharipov O’zbekistondan Afg`onistonga chiqib ketgani, shundan so’ng Turkiyaga borgani taxmin qilinadi. Turkiyada u oilasi va farzandlari bilan birga yashagan.

Masharipov sodir etgan xuruj Turkiyada o’zbekistonliklar ishtirok etgan yagona terrorchilik hodisasi emas. O’tgan yilning iyun oyida Turkiyadagi xalqaro aeroportda yuz bergan fojeada 44 kishi qurbon bo`lgan, bu xuruj ijrochilari qatorida ham o’zbekistonlik borligi xabar qilingan edi.

Turkiyada minglab o`zbekistonliklar yashaydi, so'nggi yillarda ular soni yanada oshib bormoqda. Mamlakatda o’zbeklarni muvofiqlashtiruvchi, ular haq-huquqlari bilan shug’ullanuvchi bir nechta nodavlat tashkilotlar bor.

Turkiyadagi o’zbek faollari Masharipov bilan birga mahkamaga tortilgan o’zbeklar kimligi haqida ma’lumotga ega emas, ularni Masharipovning hibs qilinishi ortidan qo’lga olingan o’zbekistonliklar deb gumon qilishadi.

Avvalroq Istanbuldagi “Turkistonliklar” jamiyati turk politsiyasi aksariyati O’zbekistondan bo’lgan 200 ga yaqin Markaziy Osiyo fuqarolarini turli ayblovlar bilan hibsda ushlab turgani, ekstremizmga aloqadorlik gumoni bilan deportatsiya qilayotgani haqida bayonot tarqatgan edi.

“Turkistonliklar” jamiyati faollaridan biri Namoz Normo’minga ko`ra, Masharipov ustidan boshlangan mahkama tafsiloti, terror xurujida ayblanayotgan yoki gumonlanayotgan boshqa o’zbekistonliklar borligi haqida ma’lumotlar yo’q.

Terror xurujlari ortidan Turkiyada mintaqaliklar, xususan, o‘zbekistonliklarga nisbatan munosabat yomonlashgani, o’zbeklar zich yashaydigan mahallalarda tintuvlar ko’paygani, qochqinlikdagi dindorlar O’zbekistonga topshirilayotgani haqidagi ma’lumotlar chiqqan edi.

Turkiyada yashayotgan o’zbek muxolifatchilaridan biri Islom Xolboyning aytishicha, mahkamadagi gumondor o’zbeklar Masharipov bilan birga ushlangan bo`lishi ehtimol, ammo jarayonni barcha o’zbekistonliklarga tegishli deyish noto’g’ri.

“Mahkama tafsilotlaridan xabarim yo`q, ammo bilaman, Masharipovni biz yashagan mahalladan uzoq bo’lmagan joyda ushlashgan. U bilan birga boshqa bir guruh o’zbeklar ham ushlanganini eshitgan edim. Lekin ularning qilmishini o’zbek millatiga hech qanday aloqasi yo`q, bunday aloqa bo`lishi ham mumkin emas. Masalan, Turkiyaning o`zida yaqinda suriyalik bir qochqin ayol zo’rlangani qizg`in munozara bo`ldi, ammo bu butun turk millati haqida yomon gapirishga asos bermaydi. Bu xurujlar ham xuddi shunday, butun bir millatga hech qanday aloqasi yo`q. Bunaqa odamlar har qanday xalq, millat orasidan chiqishi mumkin. Shuning uchun Masharipovning xuruj iortidan turklar o`zbekistonliklarga nisbatan yomon ko’z bilan qarashni boshlashdi, degan gaplar ham haqiqatdan uzoq. Men shu yerda yashayapman, munosabat avvalgidek, o`z millatdoshlariga qaragandek qarashadi”, - deydi Islom Xolboy.

Abdulqodir Masharipov terrori shu yil davomida o’zbekistonliklar ishtirokida sodir etilgan xurujlarning dastlabkisi bo’ldi. Keyinroq Shvetsiyada, Rossiyada va AQShda o’zbeklar amalga oshirgan terror hujumlari kuzatildi, aksariyatini “Islomiy davlat” guruhi o’z zimmasiga oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG