Breaking News

Gulnora Karimova 686 million dollar pulidan voz kechishga tayyorligini bildirdi


Gulnora Karimova
Gulnora Karimova

25-fevral kuni O‘zbekiston marhum prezidentining qamoqda qolayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning prezident Shavkat Mirziyoyevga yozgan maktubi paydo bo‘ldi.

Maktub Karimovaning Londonda yashayotgan qizi Imon Karimovaning Instagram sahifasida e’lon qilindi.

Imon Karimova professional advokatlar tomonidan yurg‘izilishini bildirgan bu sahifaga qo‘yilgan ikki yarim betlik maktub boshida Gulnora Karimova Shavkat Mirziyoyevga “uzoq yillar davomida shaxsan tanigan odam” sifatida murojaat qilayotganini yozadi.

Karimova maktubida Mirziyoyevga o‘zining tinimsiz ravishda bir qamoqxonadan ikkinchisiga ko‘chirilayotgani¸ o‘z ustidan ochilgan jinoyat ishlarining tugamayotgani¸ bu jarayonlarning konstitutsiya va qonunlarning qo‘pol ravishda buzilishi bilan borayotganidan shikoyat qiladi.

Hozirga qadar o‘zi va bolalariga tegishli bo‘lgan 1 milliard 200 million dollarlik ko‘chmas mulk va pullar musodara qilingani holda¸ Karimova iddaosicha¸ bu boyliklar o‘ziga qo‘yilgan “yetkazilgan moddiy zararni qoplash” uchun o‘tkazilmagan.

“Oilam va sog‘lig‘imni saqlab qolish uchun¸ risoladagiday sharoitda¸ pul mablag‘lariga nisbatan har qanday da’vodan voz kechishga tayyorman”¸ degan Gulnora Karimova o‘zi va bolalari ixtiyorida qolgan boylikning Shveysariya banklarida muzlatilgan 686 million dollar ekanini aytadi.

Bu pullardan voz kechish uchun Karimova “ishni soddalashtirilgan tartibda yopish” va omma e’tiboridan xoli sud qilinishini so‘ragan.

Shavkat Mirziyoyevga qilgan murojaatida Gulnora Karimova¸ o‘z taqdiriga to‘g‘ri yondashuvdan O‘zbekiston davlati manfaat ko‘rishi¸ xususan¸ katta miqdordagi pullarni mamlakat uchun zarur bo‘lgan gumanitar loyihalarga sarflash imkoni tug‘ilishini alohida ta’kidlaydi.

O‘zbekiston prezidentiga o‘zi yaxshi tanigan ikki farzandning onasi sifatida murojaat qilayotganini aytgan Gulnora Karimova¸ sog‘lig‘iga jiddiy putur yetgani¸ zudlik bilan operatsiyaga muhtojligi va ozodlikka chiqarilishini so‘raydi.

Hozirgacha qilgan murojaatlari Mirziyoyevga yetib bormagani bois unga ochiq murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytgan Karimova ¸ O‘zbekiston prezidentiga “o‘z ustozi” deb atagan otasi xotirasiga hurmat ko‘rsatishni eslatadi.

“Biz uning (Islom Karimovning) farzandlari va nabiralari oradan 7 yil o‘tib¸ yana birga yashashga ishonamiz va buning uchun sizdan minnatdor bo‘lamiz”¸ deb tugatadi Gulnora Karimovaning prezident Shavkat Mirziyoyevga yozgan ochiq maktubi.

Bundan oldin Gulnora Karimovaning Londonda yashayotgan o‘g‘li Islom Karimov ham Shavkat Mirziyoyevga "bobosining shogirdi" sifatida murojaat qilib¸ onasini ozod etishni so‘ragan edi.

Zangiota qamog‘ining VIP mahkumasi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan qator og‘ir jinoyatlarda ayblangan 47 yashar Gulnora Karimova maxfiy sud hukmi bilan hozirda Zangiota koloniyasida qamoq jazosi o‘tamoqda.

Karimova va yaqinlari iddaosicha¸ u hozirga qadar kamida besh marta sud qilingan.

Joriy yil yanvarida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi "jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan G.Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlangani" haqida xabar qilgan edi.

Karimovaning shveysariyalik advokati Ozodlik bilan suhbatda¸ Karimovaga jami qancha jazo tayinlangani¸ unga nisbatan O‘zbekistonda yana nechta jinoyat ishi ochilgani va uning qachon ozodlikka chiqishi hatto o‘ziga ham ma’lum emasligini aytib keladi.

Gulnora Karimova dunyoning o‘ndan oshiq davlatida ochilgan jinoyat ishlarining bosh figurantidir. Karimovaning qator G‘arb davlatlari¸ xususan¸ AQSh¸ Shveysariya¸ Shvetsiya¸ Gollandiya¸ Fransiya va ayrim Boltiqbo‘yi davlatlaridagi ko‘chmas mulklari va yuzlab million dollarlari bu jinoyat ishlari doirasida muzlatib qo‘yilgan.

Bu mulk va pullarga Gulnora Karimovaning korrupsion sxemalaridan aziyat chekkanini aytayotgan qator davlatlar da’vogarlik qilmoqda.

Mirziyoyev hukumati uch yildan beri Gulnora Karimovaning xorijdagi pullari O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan boyliklar ekanini aytib¸ ularni o‘ziga qaytarishni so‘rab kelayotgan bo‘lsa-da¸ hozircha bu so‘rovning kichik qismigina qondirildi.

Xususan¸ 2019-yilning 24-iyun kuni Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan 850 million dollarlik pulining 133 millionini O‘zbekistonga qaytarilishini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG