Breaking News

Toshkentda Gulnora Karimova ustidan navbatdagi sud ishi 


O'zbekistonda Gulnora Karimova ustidan yopiq sud jarayoni boshlangan. Navbatdagi ayblov uning sobiq hamkori Mirodil Jalolov ko’rsatmalariga asoslangani taxmin qilinmoqda. Mahkama majlisi Toshkent shahar jinoyat ishlari sudida 8-yanvar kuni o’z ishini boshlagan.

Sud Gulnora Karimova, uning yetakchiligidagi jinoiy guruhga aloqador ko‘rilayotgan bir nechta shaxs ustidan o’tmoqda. Ayblanuvchilar ayni paytda Gulnora ishi bo’yicha qamoq jazosini o’tayotgan safdoshlari ekanligi ehtimol qilinadi.

Karimovaga davlatga qarashli korxonalar aksiyalarini arzonlashtirilgan tarzda sotib olgani, davlat manfaatiga zid bitimlar imzolash, o’zgalarga tegishli mulkni qo’rqitish orqali tortib olish, tahdid va tazyiq o’tkazish, jinoiy guruh tuzish kabi holatlar bo'yicha aybnoma o’tgan dekabr oyida e’lon qilingan edi.

O’zbekiston bosh prokuraturasi navbatdagi ayblov doirasida Gulnora Karimova davlatga 165 million dollar va 85 milliard so’m miqdorida zarar yetkazganini aniqladi.

Toshkent shahar jinoyat ishlar sudida boshlangan mahkama yopiq o’tmoqda, Oliy sud buning sababini izohlamagan. Bu katta ehtimol bilan unda Gulnora Karimova qatnashishi, sudda hukumatdagi amaldorlar ham guvoh sifatida ko’rsatma berishi bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi ochilishiga fuqarolardan tushgan shikoyat-arizalar bo’yicha o’tkazilgan tekshiruvlarni asos qilib ko’rsatgan edi.

Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova yuritishi ta’kidlanayotgan ijtimoiy tarmoqdagi sahifada yozilishicha, Karimova ustidan o’tayotgan navbatdagi mahkama yaqinda qamoqdan chiqqan, bir paytlar Gulnoraning eng yaqin biznes hamkori bo'lgan, faoliyati bankrotlik bilan yakunlangan “Zeromaks” kompaniyasi rahbari Mirodil Jalolovdan olingan ko’rsatmalarga asoslanishi kutilmoqda.

Avval Imon Karimova, keyinchalik Gulnora Karimovani himoya qiluvchi jamoa nomidan yuritilishi e’lon qilingan Instagramdagi bu sahifada Mirodil Jalolovga ochiq murojaat ham joylashtirilgan.

Gulnora Karimova va Mirodil Jalolov o’rtasidagi avvalgi hamkorlik, qalin munosabatlar eslangan bu murojaatda nega bugunga kelib Mirodil Jalolov Gulnora Karimovga qarshi “urush” ochayotgani haqida savol qo’yiladi.

Ta’kidlanishicha, Gulnora Karimovaga nisbatan surilgan “zo’rlik, tahdid orqali o’zgalar mulkini qo’lga kiritish” da’vosi ortida aynan Mirodil Jalolov turibdi.

Ayni paytda Instagram sahifasida mahkama Karimovani jismonan yo’qotishga qaratilayotgani, advokatlarga nisbatan bosim kuchaygani, ulardan biri ishdan chetlanishga majbur qolgani iddao qilinadi.

Avvalroq prokuratura Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manjaning O’zbekistonga kirishiga taqiq qo’ygan edi. Bosh prokuratura Manja advokaturaga doir talablarni buzgani, O’zbekistondagi qamoqxonalar haqida, qamoqxona sharoitlari haqida yolg’on xabarlar tarqatganini ta’kidlagan edi.

Prokuraturaga ko’ra, ayni paytda qamoqxonada saqlanayotgan Gulnora Karimova yuzasidan qilingan shikoyatlar o’rinsiz, mahkumaning salomatligi yaxshi, 7 nafar advokat uning himoyasi bilan shug’ullanmoqda.

Karimova hozirda Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida jazo o’tamoqda, unga nisbatan belgilangan jazo muddati, jazoni o’tash tartibi ham bir necha bor o’zgardi.

Ayni paytda uning jazo muddati qanchaligini aniq aytish qiyin, so’nggi bor 10 yillik qamoq muddati besh yilga tushirilib, jazo o'tash tartibi uy sharoitiga ko’chirildi.

Ammo biroz o’tib, xorijdagi mablag’lar qaytarilishiga faol qarshilik qilishi, jazo o’tash shartlarini buzishi ortidan u yana qamoqxonaga jo‘natildi. Jazo muddatida o’zgarish bo’lganmi, yo’qmi, mavhum.

Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyada ochilgan dastlabki ish tashabbuschilaridan bo’lgan o’zbek faollaridan biri, yozuvchi Safar Bekjon uning qamoqdan ozod etilishini shubhali baholaydi.

Bekjonga ko’ra, O’zbekiston hukumati Gulnoraga tegishli mablag’lar qaytarilishini ortiqcha ovozalarsiz hal etishni istaydi, chunki Gulnoraning qilmishlari ayni paytda mansabda bo’lgan aksariyat rahbarlarning bevosita ishtirokida amalga oshgan.

Prezident Islom Karimovning to’ng’ichi bo’lgan Gulnora Karimova tomonidan o’marilgan, ayni paytda xorijda saqlanayotgani, muzlatilgani ta’kidlanayotgan mablag’ miqdori bir necha milliard dollar atrofida baholanadi.

Bu mablag’ning bir qismini O’zbekistonga qaytarish yuzasidan xorijda mahkama boshlangan, Bosh prokuratura bu borada dunyoning bir necha davlatlari huquq-tartibot idoralari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotganini ta’kidlab keladi.

Ammo hozircha bu mablag’larning O’zbekistonga qaytarilishi yuzasidan aniq bir natijalar ko’zga tashlanmadi.

Xorijdagi o’zbek faollari o’marilgan bu pullar iqtidordagi hukumatning aniq islohotlaridan so’ng O’zbekistonga qaytarilishi zarurligi yuzasidan tashabbus ko’tarib kelishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG