Breaking News

Suriyada turk askarlari o‘ldirildi. Anqara endi qanday yo‘l tutadi?


Suriyaning Idlib viloyatida bombardimon. 27-fevral, 2020.
Suriyaning Idlib viloyatida bombardimon. 27-fevral, 2020.

27-fevral kuni Suriyaning shimoli-g‘arbidagi aviahujum oqibatida Turkiyaning kamida 33 nafar harbiysi halok bo‘ldi. Suriyaga chegaradosh Xatay viloyati rahbari Rahmi Dog‘an yaralangan askarlardan ayrimlarining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi.

Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an shu kuni Anqarada xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Askarlar halokati haqida xabar tarqalgach, Turkiyada ijtimoiy tarmoqlar ishlamay qoldi.

28-fevralga o‘tar kechasi Rossiyaning Istanbuldagi bosh konsulligi oldida yig‘ilgan o‘ttiz chog‘li kishi “Rossiya – qotil! Putin – qotil!” degan hayqiriqlar bilan norozilik namoyishiga chiqqan. Rossiyaning Anqaradagi elchixonasi atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Turk hukumati hujumni Rossiya emas, balki Suriya armiyasi amalga oshirganini aytmoqda. Ammo Anqaraning Moskvaga ham ginasi yo‘q emas. Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akar Rossiyaning “Hududda turk harbiylarning borligidan bexabar edik” degan bayonotiga javob qaytardi. U Rossiyaga xabar berilganini, shunga qaramay hujum davom etganini, hatto askarlar uchun jo‘natilgan tez tibbiy yordam mashinalari ham nishonga olinganini, turk harbiylari atrofidagi hududda hech qanday qurolli guruh bo‘lmaganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir Idlibda Suriya armiyasiga javob zarbalari berilganini va 300 dan ziyod askar yo‘q qilinganini bildirdi.

Turkiya Suriyadagi urushda anchadan beri muxolifatni qo‘llab-quvvatlayapti. Suriya prezidenti Bashar Assad esa Rossiya va Eronning yordamida isyonchi harakatlarni bostirib kelyapti. Xususan, Suriya armiyasi Rossiyaning harbiy aviatsiyasi qo‘llovida isyonchilarning so‘nggi tayanchi bo‘lgan Idlib viloyatida nazorat o‘rnatishga urinmoqda. Natijada, oxirgi uch oyda hududni qariyb bir million kishi tark etdi. Turkiya bilan chegarada gumanitar inqiroz kelib chiqdi.

Vaziyatning bunday tus olishi, o‘z navbatida, Turkiya va Rossiya o‘rtasida tanglikka sabab bo‘ldi. Tomonlar bir-birini o‘zaro kelishuvlarga amal qilmaslikda ayblayapti. Rajab Toyyib Erdog‘an 28-fevrl kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda Idlibdagi vaziyatni muhokama qildi. Ikki prezidentning yaqin fursatda uchrashishi kutilmoqda.

Idlibni tark etayotgan mahalliy aholi. 20-fevral, 2020.
Idlibni tark etayotgan mahalliy aholi. 20-fevral, 2020.


AQSh Davlat departamenti bayonotida Vashington turk askarlarining Idlibda hujumga uchraganidan xavotirda ekanini va NATOdagi ittifoqdoshini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

AQShning NATOdagi elchisi Key Beyli Xatchison esa Anqara tez orada Rossiyaning aslida kimligi, Turkiyaning ishonchli hamkori kimligilini bilib olishiga umid bildirdi. U Turkiyaning Rossiyadan S-400 mudofaa tizimini sotib olishi Anqara va Vashington o‘rtasida sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lganini eslatdi.

Idlibda turk askarlarining halok bo‘lishi munosabati bilan bugun NATOning elchilar darajasidagi favqulodda yig‘ilishi o‘tkazildi. Alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg NATO a’zolari Turkiya bilan birdam ekanliklarini bildirib, Rossiya va Suriyani Idlibda hujumlarni to‘xtatishga hamda BMTning hududda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini dastaklashga chaqirdi.

Turkiya qochqinlar uchun Yevropaga eshiklarni ochdi

Idilibda turk askarlarining hujumga uchrashi ortidan Turkiya bundan buyon Yevropaga yo‘l oladigan qochqinlarni to‘xtatib qolmasligini e’lon qildi. Shundan so‘ng Turkiyadagi suriyalik qochqinlar chegara tomon yo‘lga tushgan.

Turkiya Idlibda vaziyatning og‘irlashishi qochqinlarning yangi to‘lqinini keltirib chiqarishini avvaldan aytib keladi. Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi matbuot kotibi Umar Chelik Turkiya yangi qochqinlarni qabul qilolmasligini bildirdi.

“Amalga oshirilgan hujumlar tufayli Turkiyadagilar Yevropa tomonga, ham Suriyadagilar esa Turkiya tomonga intilyapti. Qochqinlar bo‘yicha siyosatimiz o‘zgargani yo‘q, lekin hozirgi vaziyatda qochqinlarni to‘xtatib tura oladigan holatda emasmiz”, – dedi u.

Turkiyadagi ba’zi qochqinlar va migrantlarning G‘arb sari yo‘lga tushganini Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham tasdiqladi. Vazirlik matbuot kotibi Hami Aksoy Idlibda vaziyatning yanada yomonlashishi qochqinlarning Yevropaga harakatini kuchaytirishidan ogohlantirdi.

Hozir Turkiyada qariyb 3,6 million suriyalik qochqin bor. Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida 2016-yilning 18-martida tuzilgan bitimga ko‘ra, Anqara Yevropaga noqonuniy migratsiyaning oldini olishga, Yevropa Ittifoqi esa Turkiyadagi qochqinlar uchun 6 milliard yevro ajratishga kelishib olgan edi.

Izmir shahrida qochqinlarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan advokat Irem Gechmez “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasidagi kelishuv boshidanoq xato bo‘lganini aytdi. “Birgina Turkiyaning zimmasiga bunchalik katta yukni yuklash to‘g‘ri emas edi. Mana, shu pulni olinglar-da, qochqinlarni to‘xtatinglar degan bilan ish bitmaydi-ku. Bunchalik ko‘p sonli qochqin bilan bog‘liq muammolar shunga yarasha katta bo‘lishi tabiiy”, – deydi u.

Irem Gechmez Turkiyadagi suriyalik qochqinlarning aksari qisqa fursatda vataniga qaytmaydi degan fikrda. Qochqinlar Suriyaga qaytgani bilan u yerda vayronadan boshqa hech narsa yo’q. Insonlarning yashashi uchun esa shart-shrorit kerak, deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG