Breaking News

Tojikiston masjidlarda namoz oʻqish man etildi


Tojikistonning Xoʻjand shahridagi Shayx Maslihaddin masjidi

Tojikistonda masjidlarda namoz oʻqish taqiqlandi. Bu haqda 4-mart kuni mamlakat Islom markazi ulamolar kengashi oʻz qarorini eʼlon qildi. Unga koʻra, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ko'rilayotgan choralar doirasida jome masjidlari, boshqa masjidlar va jamoatxonalarda namoz oʻqish vaqtincha man etilgan. Mazkur qarorda faqat dafn marosimi oldidan janoza namozini masjidda oʻqishga ijozat berilgan.

Ulamolar kengashi boshqarmasi oʻz qarorini eʼlon qilish barobarida Tojikiston xalqiga murojaatnoma yoʻllab, jumladan, shunday dedi:

“Badan harorati oshganini sezgan kishilar imondorlik masʼuliyati yuzasidan zudlik bilan shifokorlarga murojaat qilib, to davo topmagunicha jamoat joylari va odam gavjum makonlarga bormasin. Bu bemorlikka uchragan kishilar uni yashirmasin, zero, musulmon kishi oʻziga va boshqalarga zarar yetkazmasligi lozim“.

Tojikiston Ulamolar kengashining besh vaqt namozni jamoat boʻlib oʻqishni man qiladigan qarori 5-mart kuni bomdod namozidan boshlab kuchga kirdi. 3-mart kuni ham mamlakatning aksariyat masjidlarida imom xatiblar odamlarga namozlarini uylarida ado etishlarini tavsiya bergan, shuningdek, bu amal koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotganini tushuntirgan edi.

Tojikiston: masjidlarning yopilishiga qanday izoh berildi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:30 0:00

Tojikiston muftiysi Saidmukarramxon Abduqodirzodaning aytishicha, Eron va Afgʻonistonda koronavirus tarqalganidan keyin odamlarni jamoat boʻlib namoz oʻqishdan qaytarish toʻgʻri qarordir.

Tojikiston Din qoʻmitasi matbuot kotibi Afshin Muqimning aytishicha, masjidlarda namoz oʻqishdan tiyilish va har kim namozini uyida ado etishiga chaqirishdan asosiy maqsad koronavirus tarqalishi xatarining oldini olish va bu Tojikiston Islom markazi tavsiyasi bilan din xodimlari va masjidga keluvchilarga tushuntirilmoqda.

Tojikiston Sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy himoyalash vaziri oʻrinbosari Mirhamuddin Kamolzoda 5-mart kuni Dushanbeda oʻtkazilgan brifingda mamlakatda koronavirus yo'qligini ta'kidladi.

Mamlakatda birorta koronavirusga chalinish holati qaydga olingani yoʻq. Bu virus Tojikistonga kelishining oldini olish uchun tobora keskin chora-tadbirlar koʻrib borilmoqda. Jumladan, bu virus keng tarqalgan Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya va Italiya davlatlari, Afgʻoniston va Eron Islom Respublikalaridan kelgan 1500 nafar odamning hammasi ikki haftalik karantin mintaqasida tibbiy nazoratga olindi. Ulardan 320 nafari karantin muddati tugamaganligi sababli hozir nazorat ostida, qolganlariga javob berildi, - deydi Kamolzoda.

6-mart kuni erta tongdan Xoʻjand shahri markazidagi, Tojikiston shimolida eng yirik hisoblangan Shayx Maslihaddin masjidining eshiklari yopildi. Masjid hovlisiga uzun lenta tortilgan va qizil harflar bilan “Koronavirusning oldini olish uchun juma va jamoat namozlari vaqtincha masjidlarda oʻqilmaydi“ degan yozuv bitilgan qogʻozlar ilingan.

Odatda, bu masjidda har kuni minglab odam besh vaqt namoz ado etadi. Juma namozlariga atrof shahar va tumanlardan ham odamlar tashrif buyurib, koʻp minglab jamoat yigʻilar edi. 6-martga kelib masjid hovlisida kabutarlaru sayyohlardan boshqa hech kim yoʻq.

Sugʻd viloyati bosh imom xatibi Hoji Husayn Musozoda
Sugʻd viloyati bosh imom xatibi Hoji Husayn Musozoda

Sugʻd viloyati bosh imom xatibi Hoji Husayn Musozodaning 6-mart kuni “Amerika ovozi“ bilan suhbatda aytishicha, kecha va bugun viloyat markaziy masjidida ham, boshqa masjidlarda ham na juma namozi va na boshqa namoz oʻqildi.

“Har bir davlat, har bir shaxs bu kasallikdan oʻzini saqlashi zarur. Eng katta jamoat joylari – masjidlar. Masjid boshqa jamoat joylaridan farq qiladi: odamlar yelkama-yelka turib namoz oʻqiydi. Bir-birining joyiga sajda qiladi. Shuning uchun islom shariati zarurat boʻlganda fatvo beradi. Ulamolar kengashi holatni koʻrib chiqib, islom taʼlimotiga muvofiq oʻzining murojaatnomasini chiqardi. Bu murojaatnomada “masjidlarda vaqtincha jamoat va juma namozlari oʻqilmaydi“, deb aytilgan. Buni xalq toʻgʻri qabul qildi. Oʻtgan kuni va bugun juma namozi ham oʻqilmadi. Lekin odamlar oʻzining uyida namozini oʻqiydi. Bu vaqtincha. Xatar oʻtib ketganidan keyin odamlar yana kelib namozini masjidda oʻqiydi“, - deydi Sugʻd viloyati bosh imom xatibi.

Tojikistonda masjidlar davlat tomonidan qaydga olinadi va faoliyat uchun ijozatnoma beriladi. Masjidlarga namoz oʻqish uchun faqat erkaklar, asosan, oʻrta va katta yoshlilar boradi. Voyaga yetmaganlarning masjidga namoz oʻqish uchun borishi taqiqlangan.

Ilgariroq mamlakat muftiysi Saidmukarramxon Abduqodirzoda Tojikistonda mustaqillik paytida masjidlar soni 4000 ga yetganini taʼkidlagan edi. Poytaxt Dushanbeda Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblangan masjid qurilib, foydalanishga topshirilish arafasida. Loyihaga koʻra, bu masjidda bir vaqtning oʻzida 100 000 nafar odam namoz oʻqishi uchun sharoit bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG