Breaking News

G'arbiy sohil Yaqin Sharq tangligini yanada kuchaytirmoqda


Iordan daryosining g'arbiy sohilida yahudiylar o'rnashgan hudud. 26-yanvar, 2020.

2019-yilda isroilliklarning Iordan daryosining g’arbiy sohiliga ko’chib kelishi sezilarli darajada o’sgan. AQSh Prezidenti Donald Trampning Isroil manfaatlarini qo’llab-quvvatlashi vaziyatga jiddiy ta’sir ko’rsatgan.

“Peace now” monitoring guruhining ma’lum qilishicha, Tramp rahbarligi boshlangandan buyon Isroilning G’arbiy sohildagi yillik qurilishlari 25 foizga ko’paygan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu o’tgan yili sohilda minglab uylar qurish rejasini tasdiqlagan edi. Shu asosda, joriy yil avvalida ham ko’plab qurilish loyihalariga imzo chekildi.

“Nazarimda, Tramp ma’muriyatining dastagiga tayanib, yahudiylar imkoniyatdan zudlik bilan foydalanib qolishga urinmoqda. Avval G’arbiy sohilga joylashishni bu qadar quvvatlaydigan ma’muriyat bo’lmagan”, - deydi monitoring guruhi tadqiqotchisi Hagit Ofran.

Dunyoning aksariyat mamlakatlari Isroil 1967-yilgi jangda G’arbiy sohilni falastinliklardan tortib olgan deb hisoblaydi. Mazkur hududga yahudiylarning egalik qilishi mintaqada tinchlik o’rnatish yo’lidagi muhim to’siq deb biladi ular.

AQShning avvalgi rahbarlaridan farqli o’laroq, Tramp G’arbiy sohilga isroilliklarning o’rnashuviga qarshi emas. Isroilga aloqador maslahatchilari qurshovida Tramp yahudiylarning mazkur hududni o’zlashtirishini xalqaro huquqqa zid emas, deya bayonat bergan. Xususan, joriy yil avvalida Tramp ma’muriyati Yaqin Sharq Tinchlik rejasini e’lon qilib, G’arbiy sohilning katta qismi Isroil nazorati ostida bo’lishini qayd etgan.

Vashington rejasi falastinliklarning keskin e’tiroziga sabab bo’lgan. Ular 1967-yilda Isroil egallab olgan G’arbiy sohil va Quddus sharqini kelgusida qurilajak mustaqil davlatlarining hududiga qaytishini istaydi.

Ayni damda G’arbiy sohilda 500 ming, Quddus sharqida esa 220 mingdan ziyod isroilliklar yashaydi. Falastinliklar ushbu hududlarni qaytarish va mustaqillikka erishish masalasi tobora murakkablashib borayotganidan xavotirda.

“Peace now” guruhi ma’lumotlariga ko’ra, Isroil 2019-yilda G’arbiy sohilda 1917 ta uy-joy qurgan. Bu ko’rsatkich 2018-yilda 2100 ta bo’lgan. Tramp hokimiyatga kelgandan beri Isroil sohilda yiliga o’rtacha 2267 ta ko’chmas mulk qurmoqda. Barak Obama davrida bu ko’rsatkich yiliga 1807 ta uyni tashkil etgan.

Agar har bir uyda o’rtacha to’rt nafar odam yashashi taxmin qilinsa, G’arbiy sohilga yiliga 9 ming atrofida isroilliklar kelib o’rnashishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG