Breaking News

Pandemiyaga qarshi kurashga ko'ngillilar armiyasi qo'shildi


Ko'ngillilar ehtiyojmandlar uchun xayriya paketini hozirlamoqda. Belgrad, Serbiya.

Britaniyada Bosh vazir Boris Jonson ham koronavirusga chalindi. Izolyatsiya holatidagi Jonson mamlakatni video-konferensiya yo’li bilan boshqarishda davom etmoqda.

Hukumat 25-mart kuni Britaniya aholisiga murojaat qilib, COVID-19 pandemiyasi davrida yordamga muhtoj qatlamga xizmat qiladigan ko’ngillilar armiyasiga qo’shilishga chaqirgan edi. Ko’ngillilar soni qisqa fursatda 500 mingdan oshib ketdi.

Britaniya ekspertlari pandemiya mamlakatda Italiya va Ispaniyada kuzatilgan sur’atda o’sishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Pandemiya tufayli kafesini yopishga majbur bo’lgan londonlik Amira Gajiya ham ko’ngillilar safiga kirdi.

“Karantin paytida nima qilsam ekan, deb o’ylayotgan edim. Uydan taom yetkazib berishni reja qilgan edim. Biroq sog’liqni saqlash xizmati ko’ngillilarga ehtiyoj sezayotganini ma’lum qilib qoldi. Men ham qo’shilishga qaror qildim. Mana shunday dahshatli davrda odamlar matonat ko’rsatmoqda. Aholi yordam qo’lini cho’zishga bel bog’lagan. Shifokor, hamshiralarning ish soatlari uzayib ketgan. Biz dastak bo’lishimiz lozim ularga”, - deydi Gajiya.

Bosh vazir hukumat chaqiriqlariga labbay deb javob bergan ko’ngillilarni olqishladi.

“Shu tahlikali davrda ko’ngillilar aptekalardan bemorlarga dori-darmon yetkazib beradi. Kasallanganlarni shifoxonalarga eltadi. Uy karantinida qolgan ehtiyojmand odamlar holidan telefon orqali muntazam xabar olib turadi”, - dedi Bosh vazir Boris Jonson.

Ko’ngillilar dunyo bo’ylab faol xizmatga kirishgan. Qariyalar va bemorlar ularning diqqat markazida.

Gruziya poytaxtida xayriya fondlari himoyaga muhtoj qatlamga bepul issiq taom yetkazib bermoqda.

Nairobi ko’ngillilari qariyalarga dastyorlik qilmoqda. Virusdan himoyalanish bo’yicha muntazam ma’lumot tarqatmoqda.

Polshada ko’ngillilar ijtimoiy tarmoqlar orqali o’z xizmatini taklif etmoqda. Mahsulotlar xarididan tortib kuchuklarni sayr qildirishgacha.

Dunyo bo’yicha eng ko’p o’lim qayd etilgan Italiyada cherkovlar ehtiyojmandlarga bepul taom ulashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG