Breaking News

Tramp: Uyda o'tirib, kamida 1 million odamning hayotini saqlab qolasiz


Oq uy, Vashington, 29-mart, 2020

Kelasi bir oy hayot uchun misli ko'rilmagan darajada kurash davri bo'ladi, deydi Prezident Tramp bugun Oq uydan turib xalqqa murojaat qilar ekan.

Kecha e'lon qilingan qarorga ko'ra, Oq uy uyda o'tirish, kasallikdan saqlanish uchun o'zaro masofa saqlash, faqat o'ta zarur hollardagina tashqariga chiqish xususidagi ko'rsatmani yana bir oyga cho'zdi.

"Agar bu qoidalarga har birimiz to'g'ri amal qilsak, kamida 1 million amerikalikning hayotini saqlab qolgan bo'lamiz", - deydi Prezident Tramp.

Oq uy koronavirusga qarshi o'z vaqtida chora ko'rmaganlikda qattiq tanqid ostida.

Yuqtirganlarning soni yuqori ekani ortidagi asosiy omil, deydi prezident, Amerikada eng ko'p odam shu paytgacha test topshirganidir. Har bir kishi ko'rikdan o'tishi shart emas, lekin hukumat bu imkoniyatni kengaytirmoqda.

Yangi dori-darmonlar va muolaja turlari, yangi niqob va himoya vositalari ham taklif qilinmoqda, deydi Tramp.

Pandemiyaga qarshi kurash komissiyasi taxminicha, kelasi kunlar ichida virusni yuqtirganlar soni va o'lim hollari oshib boraveradi.


Nyu-York, kasallik keng tarqalgan shtat, diqqat markazida. Federal hukumat barcha shtatlarni zarur tibbiy anjomlar bilan ta'minlaydi va yangi inshootlar ochmoqda, deydi Tramp.

"Nyu-Yorkda uch kunda 2000 o'rinli kasalxona ishga tushdi. 1,3 milliard dollarlik mablag' ajratib, Nyu-Yorkda pandemiyaga qarshi keskin kurash olib borayapmiz", - deydi prezident.

O'tgan hafta amerikaliklarga favqulodda holatni balki 12-aprelgacha, Pasxa bayramigacha bekor qilamiz, deb turgan Tramp bugun xalqni yanada og'ir sinovlarga tayyor turishga chaqirmoqda.

Poytaxt Vashington va unga qo'shni Virjiniya va Merilend shtatlaridagi hokimiyatlar federal ko'rsatmaga qo'shimcha ravishda buyruqlar chiqarib, aholini faqat o'ta zarur hollarda tashqariga chiqishingiz mumkin, deya ogohlantirmoqda. Aks holda, odamlar jarimaga tortiladi yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Ko'chaga bozor qilish uchun, dori olish uchun yoki o'ta zarur vazifani bajaruvchi xizmatchi sifatida chiqish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG