Breaking News

Koronavirusni yuqtirganlar bo'yicha Amerika birinchi o'rinda


Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi Oq uyda har kuni brifing o'tkazadi

Prezident Donald Tramp 26-mart kuni 50 shtat, poytaxt Vashington va boshqa hududlarning rahbarlariga murojaat qilib, koronavirusga qarshi chora-tadbirlar federal hukumat tomonidan yangilanadi, deya ogohlantirdi. Shtat, shahar va tuman hokimiyatlari pandemiyaga nisbatan o'zlari ma'qul ko'rgandek siyosat yuritadi, lekin Oq uy favqulodda choralarni yaqin orada o'zgartirmoqchi.

Prezident Trampning bu bayonotini uning qo'li ostidagilar turlicha tushuntiradi. Masalan, yaqin maslahatchisi Kelyan Konvey deydiki, prezident vaziyatga qarab ish tutadi. Hozirgi gaplar ortida umid turibdi, ya'ni davlat rahbari yaqin kunlarda ahvol yaxshilanishini xohlaydi. Yaxshilanmasa, demak, shunga qarab qaror qilinadi, deydi Konvey.

Sog'likni saqlash mutasaddilari, ekspertlar, qolaversa Oq uy bilan koronavirusga qarshi yaqindan ishlayotgan virusologlar nazarida prezident sabrsizlanmoqda.

Kundalik brifingda Trampdan keyin gapiradigan yetakchi mutaxassis, yuqumli kasalliklarga qarshi markaz rahbari Entoni Fauchi Amerika xalqini ogohlikka undab, virus tarqalishining oldini olish uchun keskin choralar ko'ring, deydi.

Koronavirusga qarshi kurash komissiyasi koordinatori, doktor Debra Birks ham hozir eng ustuvor vazifa kasallikning ko'lamini pasaytirish, deydi.

AQSh Senati, 26-mart, 2020
AQSh Senati, 26-mart, 2020

Amerika, 26-mart hisobiga ko'ra, hozir koronavirus eng keng quloch yozgan mamlakat. Qariyb 82 ming odam uni yuqtirgan. 330 million aholisi bilan AQSh dunyodagi eng katta rivojlangan tizim. Virusdan 1000 dan oshiq odam o'lgan.

Jahon bo'ylab koronavirusga chalinganlar 520 mingdan oshgan, undan vafot etganlar 25 mingga yaqinlashmoqda.

160 milliondan ziyod amerikalik hozir uyda. Mamlakat yopiq. Faoliyati to'xtamagan yoki sustlashmagan biror muassasa yo'q. Favqulodda vaziyat e'lon qilinganiga ikki hafta bo'lmoqda.

Kongressda demokratlar va respublikachilar nihoyat bir yoqadan bosh chiqarib, 2,2 trillion dollarlik yordam paketi ustida kelishib oldi.

Unga ko'ra, barcha sanoatlarga, barcha turdagi bizneslarga va deyarli har bir amerikalikka moliyaviy madad beriladi. Maxsus shkalaga binoan odamlar Kongressdan chek oladi.

Prezident Tramp aprel o'rtalarigacha "Amerika ochiladi" desa-da, mutasaddilarga ko'ra, real vaziyat yaqin kunlarda vaziyat yanada og'irlashishi mumkin. Eng qiyin davrdan hali o'tilmadi, deydi ular.

Nyu-York - virusdan eng qaqshagan shtat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG