Breaking News

Tramp: Kelasi bir oy hayot uchun kurash davri bo'ladi


Prezident Tramp koronavirusning yangi turdagi test sistemasi bilan, Oq uy, 30-mart, 2020

Millionlab amerikaliklar koronavirus pandemiyasi olib kelgan tanglik oqibatida ishidan ayrilib, kelajak haqida jiddiy xavotirda ekan, Oq uy Amerika xalqini bu baloni yengish uchun barcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda, deya ishontirishga urinmoqda. Barcha zarur vositalar, inshootlar, tizimlar ta'minlanmoqda va yangilari ham taklif qilinmoqda, deydi Prezident Donald Tramp.


"Tibbiy va iqtisodiy jihatdan nimaiki qila olsak, hammasini qilamiz", - deydi Tramp vaziyat og'ir ekanini tan olib.

"Kuniga o'nlab, yuzlab insonlar nobud bo'lmoqda. Bu holatga guvoh bo'lish hammamiz uchun birdek fojiali. Oilalarga hamdardmiz. Shifokorlarimiz va tibbiyot xodimlariga rahmat aytamiz, ular har kuni cheksiz xavf bilan yuzma-yuz", - deydi prezident.

"Kelasi bir oy hayot-mamot uchun kurash davri bo'ladi".

Virusni yuqtirganlar hozirga kelib AQShda 200 mingga yaqinlashgan, o'lganlar soni esa 4000 ga. Jahon bo'ylab kasallanganlar 845 ming, vafot etganlar esa qariyb 42 ming.

Amerika hukumati aholidan kelasi bir oy uydan chiqmaslikni va o'zaro masofani saqlashni so'ramoqda. Hozirgi sur'atda davom etsa, koronavirusdan AQShda 100 mingdan oshiq odam jon berishi mumkin, deydi mutaxassislar. Vaziyat shtatma-shtat og'irlashishi taxmin qilinmoqda. Keksalar, salomatligi zaif insonlar hayoti tahdid ostida.

Yuzlab ming savdo markazlari yopiq
Yuzlab ming savdo markazlari yopiq

Tramp ma'muriyati pandemiyaga nisbatan vaqtida chora ko'rmaganlikda va xalqqa to'g'ri ma'lumot bermaganlikda keskin tanqid ostida.

Ishsiz qolgan amerikaliklar soni o'tgan bir haftada uch yarim millionga yaqinlashgan. Aprel oyi oxirigacha 40 million odam ishidan ayrilishi mumkin. Mart oyi o'rtasida AQShda 165 million odam ishli edi. Ishsizlik darajasi 3,5 foizda edi.

Kongress o'tgan hafta ma'qullagan 2,2 trillion dollarlik moliyaviy yordamga qaramay, mamlakat bo'ylab 200 mingga yaqin savdo tarmoqlari yopilgan. "Macy’s", "Kohl’s" va "Gap" universal do'konlari jami 290 ming odamni ishdan bo'shatgan.

Aksariyat amerikaliklar yo ta'tilda, yo uydan turib ishlamoqda. Har kuni xizmatga chiqayotganlar o'ta muhim va zarur soha xodimlaridir, xususan, tibbiy muassasalar, OAV va xavfsizlik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG