Breaking News

Koronavirus: AQShda xitoyliklar tahdidga uchramoqda


Kaliforniya shtatining xitoyliklar ko'p yashovchi Alhambra shahri

Lyu Pin smartfon orqali koronavirusga qarshi kurashmoqda.

Har kuni ertalab oltidan yarim kechagacha niqob, tibbiy jihozlar va pul shaklida qilingan ehsonlarni do’stlari bilan AQShdagi kasalxonalarga tarqatadi. Shu maqsadda “Xitoylik amerikaliklar shifoxonalarni qo’llab-quvvatlaydi” deb nomlangan kampaniya tashkil etgan.

Guruhning maqsadi poytaxt Vashington atrofidagi kasalxonalarni zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlashga ko’maklashish.

“Bu mening uyim. Yordam berishim kerak”, - deydi Lyu.

U yolg’iz emas. AQSh bo’ylab asli xitoylik bo’lgan ko’plab amerikaliklar shifokor va hamshiralar uchun zarur bo’lgan tibbiy anjomlarni to’plab, kerakli joylarga ehson qilish aksiyalarini tashkil qilmoqda. Huquq-tartibot organlari koronavirus tufayli osiyoliklarga qarshi nafratga asoslangan jinoyatlar soni ortgani haqida ogohlantirishiga qaramay, ular xayrli ishdan to’xtagani yo’q.

Xitoydagi Chjeszyan universiteti Tibbiyot fakultetini bitirgan Lyu 1998-yil AQShga kelgan. Hozir uy bekasi, lekin boshqa ko’plab vatandoshlari kabi atrofida yuz berayotgan voqealarga befarq emas.

“Xitoydan butunlay ajrala olmaymiz. Xitoyda nimadir yuz bersa, bu bizga ta’sir qiladi. Shu bois biz hozir xavotirdamiz. Xitoyni yoqtirmaydigan odamlar bizni nishonga olyapti”, - deydi Merlilend shtatidagi Xitoylik nasroniylar cherkovi ruhoniysi Vey Vu.

Tanqidchilarning aytishicha, Prezident Donald Tramp koronavirusni “Xitoy virusi” deb atab, jamiyatda ziddiyat va bo’linishlarga sabab bo’ldi.

O’tgan yil oxirida Xitoyning Uxan shahridan topilgan “COVID-19” virusi dunyoning 209 mamlakatiga yoyilib, bir yarim milliondan ortiq odamga yuqdi. 9-aprel holatiga ko’ra, kamida 90 ming odam o’lgan. AQShda esa yarim millionga yaqin odam xastalanib, 15 mingga yaqin odam halok bo’ldi.

Kaliforniya shtatida xitoyliklar va osiyoliklar tomonidan tuzilgan ikki guruh nafratga asoslangan jinoyatlarni monitoring qilish kengashini tashkil etdi. Ularga ko’ra, bir oyning o’zida yuzlab nafrat va ayirmachilik holatlari qayd etilgan.

Nyu-York shtatida ham koronavirus davrida nishonga tutilgan osiyoliklarning shikoyatini qabul qilish uchun ishonch telefonlari yo’lga qo’yildi.

Merilendlik Rayn Lin bir emas, ikkita qurol sotib oldi.

“Xotinim qurol sotib olishimga qarshi chiqardi, lekin bu safar e’tiroz bildirmadi”, - deydi u.

100 ming dollarlik ehson

31-martgacha Lyu va uning do’stlari “WeChat” ijtimoiy tarmog’i orqali 100 ming dollarga yaqin xayriya mablag’i yig’di. Ular bu ehsonni AQShdagi kasalxonalarga tortiq qildi.

O’tgan hafta Xitoydan dastlabki yordam yetib keldi: 112 ming tibbiy niqob, 3000 dona N95 niqobi, 1000 dan ortiq himoya kiyimi va 360 yuz qalqoni 12 ta mahalliy kasalxonaga tarqatildi.

“Biz amerikalikmiz”

Lyu Chjeszyan universiteti bitiruvchilarining poytaxt Vashington atrofidagi assotsiatsiyasiga ham rahbarlik qiladi.

“Biz amerikalikmiz, - deyiladi assotsiatsiya saytida. – Vatanimizni himoya qiling va epidemiyaya qarshi kurashing”.

Ammo bunday chaqiriq ularni hujumlardan himoya qila olgani yo’q.

Taniqli xitoylik amerikaliklardan iborat “Committee of 100” tashkiloti 25-mart kuni e’lon qilgan bayonotga ko’ra, osiyolik va xitoylik amerikaliklarga qarshi irqiy motivga ega haqorat, harakat va zo’ravonlik holatlari sodir bo’lmoqda.

Linning aytishicha, ikki yigit do’konda yuziga niqob taqib olgan singlisiga og’zaki tahdid qilgan.

“Ular singlimdan Xitoyga qaytib ketishini so’rab, boshqalarga virus yuqtirmaslik uchun koc’ha chiqma, deb baqirishgan”, - deydi u.

Shundan so’ng qurol sotib olishga majbur bo’ldim, deydi Lin.

32 yildan beri Amerikada yashashimga qaramay, vatanim qayer ekani haqida menda shubha paydo bo’ldi, deya qo’shimcha qiladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG