Breaking News

Irqchilikka qarshi filmlar ko'paygan


Oskar mukofoti sovrindori Rojer Ross Vilyams yaratgan “Qora tanli yo’lovchi” hujjatli filmi 1950-60-yillarda Amerikadagi irqiy ayirmachilikka qarshi kurashga bag’ishlanadi. Film virtual voqelik uslubida ishlangan. Diskriminatsiya avj olgan yillar qora tanli yo’lovchilar afro-amerikaliklar uchun mo’ljallangan restoran, mehmonxona kabi jamoat joylarini topish uchun “Yashil kitob” nomli qo’llanmadan foydalangan. Bu kitobga kirgan joylardan biri “Bens Chili Bol” tamaddixonasi edi.

“Yashil kitob” qora tanlilar haq-huquqlari ta’minlanmagan davrni aks ettiradi. Odamlar safarga chiqqanda yotoq, ovqat, yoki yoqilg’i topish uchun uni qo’llanma sifatida ishlatgan”.

“Qora tanli yo’lovchi” hujjatli filmida XX asr o’rtalaridagi voqealar, ayniqsa, Amerikadagi qora tanlilar hayoti “Bens Chili Bol” tamaddixonasi misolida yoritiladi. U davrni ko’rganlardan biri vashingtonlik Sandra Batler-Trusdeyl. U qora tanlilar avtobusning orqasiga yoki poyezdning eng oxirgi vagoniga qanday chiqqanini, hatto hojatxonalar bo’lmaganini xotirlaydi.

“Eng qiyini –poyezd yoki avtobusda hojat chiqarishning imkoni yo’q edi”, - deydi u.

Batler-Trusdeyl “Bens Chili Bol” oshxonasiga bolaligidan kelib yurgan.

“Bir boshpana edi. Siyosat, qonunchilik, bizga yordam beradigan masalalarni muhokama qilish mumkin edi”, - deydi u.

“Qora tanli yo’lovchi” filmi ijodkorlaridan biri Bonni Nelson-Shvarts 10 yil oldin mavzuni teatr uchun sahnalashtirib, “Yashil kitob” deb nomlagan. Pyesa Vashingtonda qo’yilgan. Tomoshabin uni hayajon bilan kuzatgan edi.

“Ijro tugashi bilan tomoshabinlar o’rnidan turib, boshidan o’tkazganlarini bir-biriga gapira boshladi. Irqiy ayirmachilik davridagi sayohatlar, “Yashil kitob”dan foydalangani, qora tanlilar ovqatlanish uchun to’xtay olmasligi, safar davomida yegulik olib yurishga majburligi va boshqa xavf-xatarlar haqida gapirishardi”, - deydi Bonni Nelson-Shvarts.

10 yil o’tib, mavzu xalqaro darajada e’tibor qozondi.

“Bunga immigratsiyaning ham hissasi bor. Jamiyat yangi kelgan odamlarni qabul qilishi qiyin. Yevropaning ko’p shaharlarida immigratsiyaga qarshilik bor. Film bu kabi bo’linish va ixtiloflarga qarshi muloqot boshlashni maqsad qiladi”, - deydi Nelson-Shvarts.

Batler-Trusdeylning aytishicha, hujjatli film Amerikadagi bugungi irqchilik munosabatlariga ham nazar soladi.

“Hozir ham qora tanli yosh yigitlar bilan shunday. Hibsga olinganda, ularni to’xtatishganda o’zini qanday tutishi kerakligini kichikligidan uqtiramiz”, - deydi u.

Kartinani virtual voqelik texnologiyasi bilan ko’rayotgan tomoshabin o’zini bahs-munozaralar ichida his qiladi, voqealar qatnashchisiga aylanadi, deydi film prodyuseri Stefen Ituyi.

“Boshingizda moslama borligi esingizdan chiqib, voqelalar ichiga kirib ketasiz”, - deydi u.

“Qora tanli yo’lovchi” hujjatli filmi ham Oskar mukofotini olgan “Yashil kitob” kartinasi davriga oid. Tanqidchilarga ko’ra, “Yashil kitob” qora tanli sayohatchilarni oppoq qilib ko’rsatishga uringan. Bonni Nelson Shvartsning mavzuga yondashuvi boshqacha.

“Gollivud filmi shaxsiy hikoyadan iborat. Tasvir xolis emas deydiganlarni tushunaman. Lekin u bir inson haqida uning kitobiga asoslangan kartina. Bu filmdan olinadigan narsa shuki, u mamlakat bo’ylab jamiyatlarda, muzeylarda muhokama boshlaydi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG