Breaking News

AQSh Afg'onistondagi tomonlarni koronavirusga qarshi birlashishga chaqirdi


Kobul, Afg'oniston, 2020-yil, 13-aprel

AQSh Afg'oniston yetakchilari va Tolibondan ichki nizolarni va qurolli zo'ravonlikni bir chetga surib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga e'tibor qaratishni talab qildi.

Amerikaning ushbu mamlakatdagi tinchlik bo'yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod afg'onistonliklarni Ramazon oyi bilan tabriklab, tomonlarni o’zaro kelishuvga chaqirdi.

"Afg'oniston xalqi va mamlakatning farovonligi barchaning umumiy dushmani bo'lgan COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashga barcha kuchlarni safarbar qilish bilan bog'liq", - dedi Xalilzod.

Afg'onistonda koronavirus bilan kasallangan 1500 kishidan kamida 50 kishi vafot etgan va o'nlab yillar davom etgan urush tufayli sog'liqni saqlash tizimi rivojlanmagan mamlakatda infeksiyalar soni ko’payishda davom etmoqda.

Xalilzodning aytishicha, juma kuni boshlangan Ramazon Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdullaga "mamlakat manfaatlarini o'zlaridan ustun qo'yish imkoniyatini" berdi.

Har ikki raqib yetakchi o’tgan yili 28-sentabrda bo'lib o'tgan prezidentlik saylovida g'alaba qozonganini da'vo qiladi va o'tgan oy o’zlarining alohida inauguratsiya marosimlarini o'tkazgan.

AQShning Tolibon harakati bilan tinchlik o'rnatish to'g'risidagi kelishuvi Afg'onistonda uzoq yillar davom etgan urushni to’xtatish uchun muzokaralar olib borishga umid uyg’otgan edi, ammo siyosiy inqiroz muzokaralarni to’xtatib qo’ydi.

"Ramazon tufayli toliblar sog'liqni saqlash inqirozi tugamaguncha zo'ravonlikni kamaytirish va hujumkor harbiy operatsiyalarni to'xtatish uchun gumanitar sulhni qabul qilishadi degan umiddaman", - dedi Xalilzod.

Ammo isyonchilar guruhi yakshanba kuni qilgan chiqishida zo'ravonlikni kamaytirish yoki Ramazonda sulhni e'lon qilish haqidagi ichki va xalqaro chaqiriqlarni yana rad etdi.

Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid 29-fevral kuni Vashington bilan qo'shinlarni olib chiqib ketish to'g'risida erishilgan kelishuv 19 yillik urushiga barham berish va Afg'onistonda tinchlik o'rnatishning "yagona yo'li" ekanligini ta'kidladi.

Mujohidning aytishicha, fevral oyida imzolangan bitim asosida o'n kun ichida ikki tomondan minglab mahbuslar ozod qilinishi lozim edi, ammo bu bajarilmagan.

"Afg'onistondagi muzokaralar tinchlik, xavfsizlik va harbiy harakatlarning tugashi uchun zamin yaratishi mumkin edi va ehtimol biz bu borada katta yutuqlarga erishgan bo'lar edik", - dedi Mujohid.

Tomonlar o’rtasida 10-mart kuni boshlanishi rejalangan tinchlik muloqoti boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Tolibon vakili AQSh qo'llab-quvvatlagan Afg'oniston hukumatini bitim yo'lida to'siqlar yaratishda va mahbuslarni almashtirish masalasida kechiktirish taktikalarni ishlatishda aybladi.

U, shuningdek, Amerika va NATO qo'shinlarini kelishuvni buzishda ayblab, alyans afg'on hukumatiga mojaroni avj oldirish uchun qurol va o'q-dorilarni etkazib berishda davom etayotganini aytdi.

"Qarshi tomon o'z majburiyatlarini bajarmayotgan bir paytda sulhni to'xtatish va zo'ravonlikni kamaytirishni talab qilish mantiqsiz va imkoniyatsiz", - dedi Mujohid.

AQSh harbiy kuchlari kelishuvni buzganlik haqidagi ayblovni rad etib, kelishuvga ko'ra, Afg'oniston kuchlariga hujum qilinsa, xalqaro kuchlar ularni qo'llab-quvvatlashga majbur ekanini ta’kidladi.

AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, 5-martgacha Tolibon asirlarini va qo'zg'olonchi guruh tomonidan ushlab turilgan 1000 nafar afg'on hukumati vakillarini ozod qilish lozim edi, ammo G'ani hukumati Tolibon zo'ravonliklarni kamaytirmagani uchun mahbuslarni to’liq ozoq qilishni rad etdi.

Yakshanba kuni qilgan bayonotida Xalilzod ikkala tomonni ham mahbuslarni ozod qilishni tezlashtirishga chaqirdi.

"COVID-19 ga qarshi urush shoshilinch bo'lib, tinchlik jarayoniga yordam beradi, shu jumladan, Afg'oniston ichidagi muzokaralarga ham", - dedi u.

Tolibon kelishuv shartlariga rioya qilayotganini da’vo qiladi. Lekin guruhning hukumat kuchlariga qarshi hujumlari to’xtamagan. O'tgan hafta hukumat askarlarining 100 nafardan ortig’i isyonchilar qo’lida halok bo’lgan.

Afg'on rasmiylari, shuningdek, Tolibonni kelishuvga erishilgandan beri 800 ga yaqin tinch aholini o'ldirish yoki yaralashda ayblamoqda. Isyonchi guruh bu da’volarni inkor etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG