Breaking News

Tolibon tinchlik bitimi shartlariga rioya qilyaptimi?


Qamoqdan ozod qilingan Tolibon mahbuslari avtobusda olib ketilmoqda, Bagram, Afg'oniston, 2020-yil, 26-may.

AQSh harbiylariga ko’ra, Tolibon fevral oyida tuzilgan tinchlik bitimi shartlariga to’la rioya qila olishi haqida hamkorlarini hanuz ishontira olgani yoq.

AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) qo'mondoni general Kennet Makkenzi agar jiddiy o'zgarishlar bo'lmasa, AQSh kuchlari yaqin kelajakda Afg'onistonda qolishda davom etishi haqida ogohlantirdi.

"Menimcha, Afg'oniston hukumati muzokaralarga yaxshi mavqeda kirishga imkon beradigan sharoitni hozirlamoqda, - dedi MakKenzi Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq institutida bo'lib o'tgan forumda. - Toliblar ham ishonchli sherik bo'la olishlarini namoyish etishlari kerak".

"Ular oldinga siljishga tayyor ekanliklari hanuz menga noma'lum", - deya qo'shimcha qildi u.

Fevral oyi oxirida Vashington va Tolibon o’rtasida imzolangan bitimga ko’ra, AQSh iyul oyi o'rtalariga qadar Afg'onistondagi kuchlari sonini 8600 ga tushirishi, 2021-yil maygacha esa askarlarni butunlay olib chiqishi belgilangan. Ammo buning uchun Tolibon bir qator xavfsizlik shartlarini bajarishi kerak.

"Al-Qoida" kabi terror guruhlarining AQShga qarshi hujumlar uchun mamlakat hududidan foydalanishiga yo’l qo’ymaslik ana shunday shartlardan biri.

Va’dalar o’z vaqtida bajarilishi bo’yicha general Makkenzining umidlari yuqori emas.

"Bizga qarshi hujumlar qilinmaydi deb ishonishimiz mumkinmi? - deb so'raydi u. - Agar mening fikrimni so'rasangiz, hozircha bu shartlar to'liq bajarilmagan."

AQSh rasmiylari Tolibonning "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi Afg'onistonning Nangarhor viloyatida keskin kurash olib borganini olqishladi, ammo bu masalada ham savollar yo’q emas.

AQShning yaqinda e'lon qilingan hisobotiga ko'ra, Tolibonning IShIDni Nangarhordan surib chiqarish harakatlari giyohvand moddalar savdosi bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

"Manbalarning ta'kidlashicha, ko'knor yetishtirishga qarshi bo'lgan IShIDning yo’q qilinishi Tolibon ilgari foydalangan giyohvand moddalar kontrabandasining qayta ishga tushishini bildiradi", - deyiladi hisobotda.

AQSh harbiylari Tolibonning afg'on hukumat kuchlariga qarshi hujumlarni to'xtatishdan bosh tortayotgani yuzasidan ham xavotir bildirishda davom etmoqda.

Hayit bayramida qisqa muddatli sulhni hisobga olmaganda, Tolibon kuchlari tobora tajovuzkor tus olib, afg'on xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda.

O'tgan hafta AQSh qo'shinlari Afg'onistonning Qandahor va Farah viloyatlaridagi nazorat-o'tkazish punktlarini himoya qilish uchun Tolibonga qarshi bir nechta havo hujumlarini amalga oshirdi.

Shunga qaramay, so'nggi haftalarda diplomatik doiralar Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasidagi muzokaralar kelajagidan umidini uzgani yo’q.

Dushanba kuni Milliy yarashish bo'yicha Afg'oniston Oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla Doxada toliblar bilan muzokaralarning yangi bosqichi yaqin orada boshlanishini kutayotganini aytdi.

Ammo Tolibonning bosh muzokarachisi Afg'oniston hukumati 5000 tolibni to’liq ozod qilishni tugatmaguncha muzokaralar boshlanmasligini ta’kidladi.

Koronavirus pandemiyasining muzokaralarga ta'siri haqida ham xavotirlar mavjud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG