Breaking News

Afgʻonistondagi vaziyat: bir qadam oldinga, bir qadam orqaga


President Ashraf Ghani

Prezidenti Ashraf Gʻani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdulla orasidagi kelishuv Afgʻoniston tinchligi yoʻlida oldinga qoʻyilgan bir qadam, ammo bu yangi bir qadam emas, balki ortga chekinilgan qadamning qayta qoʻyilishidir. Asosiy muammo hukumat va toliblar orasidagi ziddiyatlar dolzarbligicha qolmoqda.

Markaziy Osiyoda ijtimoiy-siyosiy masalalar boʻyicha mustaqil tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidovning fikricha, Gʻani va Abdulla bitim imzolashiga ham toliblar sabab boʻldi.

“Abdullo Abdullo va Ashraf Gʻani bitim imzolashdi va Abdulla ham hukumat tarkibiga kirdi. Chunki ular toliblardan qoʻrqishdi. Agar Abdulla ajralib ketsa, Ashraf Gʻani yolgʻiz qolar edi va toliblarning imkoniyati koʻpayar edi”, deydi Mirsaidov.

Oʻtgan yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin Ashraf Gʻani va Abdulla Abdulla orasidagi tortishuvlar – Kobul hukumatida yuzaga chiqqan inqiroz kelishuv yoʻli bilan bartaraf etilgan boʻlsa ham, zarar keltirmay qolmadi.

Avvalo Kobul hukumati va toliblar orasidagi muzokaralarga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Qolaversa, hukumat ichidagi tortishuvlar toliblar qayta qoʻzgʻalishiga olib keldi.

Afgʻoniston masalasi boʻyicha tahlilchi Irshod Sulaymoniyning “Amerika ovozi”ga aytishicha, “Kobul hukumatidagi ikki yetakchi nomzodlarning ichki kurashi tinchlik uchun yaxshi imkoniyatlarni barbod qildi. Tolibon ham bundan foydalandi”.

Amaldagi Prezident Ashraf Gʻani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdulla orasidagi kelishuvi faqatgina olti oylik muammoning yechimi emas, kamida olti yillik muammo bu.

Tojikistonlik tahlilchidan “Bu kelishuv qanchalik ustuvor” ekanligi toʻgʻrisida soʻradik.

“Gʻani va Abdullaning yangi hukumat tarkibini shakllantirishdagi kelishuvi ham juda murakkab jarayon. Chunki 2014-yil Qoʻshma Shtatlarning oʻsha vaqtdagi Davlat kotibi Jon Kerrining koʻmagi bilan erishilgan kelishuvi yaxshi natijalar bermadi va aksincha ham jamiyatda va ham Afgʻoniston siyosiy hayotida koʻplab muammolarni keltirib chiqardi. Bu safar ham ularning kelishuvi mustahkam asosga ega emas. Ammo bir nuqta muhim, Afgʻoniston xalqi va koʻplab siyosiy shaxslar ham tinchlik istaydi. Balki shu iroda bu safar kelishuvni muvaffaqiyatli boʻlishiga sabab boʻlar”, - deydi suhbatdoshimiz.

Irshod Sulaymoniyning aytishicha, Gʻani va Abdulla orasidagi kelishuv ijobiy holat, ammo Afgʻonistonda tinchlikka erishish yoʻlida erishilgan katta yutuq emas.

“Koʻplab muammolar mavjud. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish afgʻonlarning oʻz qoʻlida emas. Bu yerda AQSh, Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston va Britaniya kabi mintaqa va dunyoning qudratli davlatlari turibdi. Tinchlik oʻrnatilishi uchun ular kelisha olishi kerak”, - deydi tahlilchi.

Uning fikricha, mamlakatda tinchlik begonalar qoʻlida boʻlishi bilan birga ichkaridagi kuchlar geopolitik oʻyinlarning qurboniga aylanib kelyapti va bunga oʻzlari ham aybdor.

“Toliblar ham rasmiy hukumat ham koʻplab kamchilik va xatoliklarga yoʻl qoʻymoqda. Shuning uchun ham Afgʻonistonda tinchlikka erishish choʻziladi”, deydi tahlilchi.

Tahlilchi Irshod Sulaymoniy
Tahlilchi Irshod Sulaymoniy

Tahlilchi yaqin orada Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishiga kafolat beradigan hech nima koʻrmayotganligini aytadi.

“Toliblar hokimiyatga erishishni istaydi va bugungi amaldagi Kobul hukumatini eʼtirof etmaydi. Har ikki tarafning oʻz shartlari bor. Shuning uchun bu yerda muvaqqat hukumat tashkil etishdan to adolatli saylovlar oʻtkazish va hatto siyosiy boshqaruv tizimini oʻzgartirishgacha juda uzoq yoʻl”, - deydi Sulaymoniy.

Tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov ham muammo toliblarning murosasizligida ekanligini taʼkidlaydi.

“AQSh avvalida toliblar tinchlik kelishuvi imzolaydi, deb oʻyladi. Ammo maʼlum boʻldiki, toliblar kelishuvni emas, mutlaq hokimlikni istamoqda”, - deydi Mirsaidov.

Maʼlumki, Afgʻoniston siyosatida maʼlum shaxslarning mavqesi katta. Ular orasida oʻzbek millatiga mansub qoʻmondon Abdurashid Doʻstum va tojiklar vakili Ato Muhammad Nur alohida ajralib turadi. Abdurashid Doʻstum 2019-yilning 28-sentabrida oʻtkazilgan prezidentlik saylovlarida Abdulla Abdullaga tarafdorlik qildi. Gʻani va Abdulla kelishuvida Doʻstumga marshal unvonini berish va uni ham Milliy Yarash Oliy Kengashiga kiritilishi haqida aytilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, bu takliflar Abdulla tomoni tavsiyasi bilan kiritilgan. Tahlilchilardan bu ikki shaxsning yangi hukumat tarkibidagi mavqesi haqida ham soʻradik.

“Doʻstim Afgʻonistondagi muhim shaxslardan biri. Mamlakatdagi oʻzbeklar, turkmanlar va boshqa turkiy xalq vakillari hisobidan koʻplab tarafdorlarga ega. Siyosiy oʻyinlarda Doʻstum ham muhim rol oʻynaydi.

Ato Muhammad Nur hozir Ashraf Gʻani tarafdori va uning qarashlarini himoya qilib chiqmoqda. Himoya qilmagan holda ham Ashraf Gʻaniga qarshi chiqmaydi”, deydi Sulaymoniy.

Boshqa bir tahlilchi Stanislav Tarasovning fikricha, Doʻstumning Abdulla Abdulla tomonidan marshal unvoni va Oliy Komissiya aʼzoligiga tavsiya etilishi mahalliy oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning qoʻllab-quvvatlashiga erishish maqsadida qilingan amal boʻlishi mumkin. Chunki mamlakatda Ashraf Gʻani mansub boʻlgan pushtular koʻpchilikni tashkil etadi. Abdulla Abdulla esa soni jihatidan ikkinchi oʻrinda turadigan tojiklar vakili hisoblanadi.

Tahlilchi Nematillo Mirsaidov
Tahlilchi Nematillo Mirsaidov

Neʼmatullo Mirsaidovning fikricha, kim tomonidan taklif qilingan boʻlishiga qaramay yangi hukumat tarkibida Doʻstimning boʻlishi Kobul hukumati uchun foydali amaldir.

“Abdurashid Doʻstumga marshal unvonini berishlaridan asosiy maqsad ham uni ragʻbatlantirib, oʻzlari tomonga ogʻdirish va shu yoʻl bilan rasmiy Kobul hokimiyatini mustahkamlashdir”, - deydi Neʼmatullo Mirsaidov.

Koʻrib turganimizdek, Afgʻonistondagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Tinchlik yoʻlida bir qadam oldinga ilgarilanmoqda va kutilmaganda yana bir qadam ortga chekinilmoqda. Kobul hukumatidagi ichki inqiroz bartaraf etildi, ammo oxirgi haftalarda toliblar tomonidan qoʻporuvchilik va qurolli hujumlar avj oldi. Ammo shunga qaramay AQSh tomoni Kobul hukumati va toliblar orasida tinchlik kelishuviga erishish uchun qayta va qayta harakat qilmoqda. AQShning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili

Zalmay Xalilzod rasmiy Kobul va toliblar orasidagi muzokaralarning yangi davrasini boshlamoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG