Breaking News

Kobul-Tolibon muzokaralari tez orada boshlanishi kutilyapti


Tolibon delegatsiyasi vakillari, Doxa, Qatar, 2019-yil, 7-iyul

Afg'onistonda Tolibon va Kobuldagi hukumat vakillari Qatarda uzoq kutilgan tinchlik muzokaralarini boshlashga rozilik bildirgani xabar qilinmoqda.

14-iyun kuni Tolibon so’zlovchisi "Amerika Ovozi"ga muzokaralar bo’yicha olg'a siljish borligini tasdiqladi, ammo muloqot qachon boshlanishini aytmadi.

Afg'oniston hukumatidagi manbaning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Prezident Ashraf G'ani Qatar poytaxti Doxada uchrashuv o'tkazish to'g'risidagi taklifni qabul qilgan.

"Afg'oniston hukumati Doxada birinchi uchrashuvga rozi bo’ldi, xolos. To'g'ridan-to'g'ri muzokaralar qayerda bo’lishi haqida hali kelishuv mavjud emas", - deb yozdi prezident so’zlovchisi Sidiq Siddiqiy “Twitter” orqali.

Yil boshida Qatar Tolibonning AQSh bilan muzokaralariga ham mezbonlik qilgan edi. Uzoq davom etgan muloqot 29-fevral kuni ikki tomon o'rtasida 19 yillik urushini tugatishga qaratilgan kelishuvni imzolash bilan yakunlandi. Ushbu bitim asosida tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi boshlanishi kutilmoqda.

AQSh-Tolibon kelishuviga binoan, Afg'oniston hukumati Tolibon tomonidan ushlab turilgan 1000 xavfsizlik xodimi qo’yib yuborilishi evaziga 5000 ga yaqin isyonkor guruhga mansub asirni ozod qilish majburiyatini zimmasiga olgan.

Kobul allaqachon 3000 mahbusni ozod qilgan. G'ani o'tgan hafta qolgan 2000 kishi "juda qisqa vaqt ichida" qo'yib yuborilishini va'da qildi.

Tolibon esa shu paytgacha 600 dan ortiq mahbusni ozod qildi va AQSh bilan kelishuvga binoan, mahbuslar almashinuvi tugashi bilan bir hafta ichida afg’onlararo muloqotni boshlashga tayyor ekanini bildirdi.

Ayni paytda afg'on rasmiylari mamlakatda Tolibon hujumlari kuchayganidan norozi. So'nggi bir hafta ichida mamlakat bo'ylab Tolibon xurujlarida 400 dan oshiq hukumat xavfsizlik kuchlari o’ldirilgani va jarohatlangani aytiladi.

Rasmiy Kobul, shuningdek, yaqinda taniqli afg'on diniy arboblari o'ldirilgan masjid portlashlarida ham Tolibonning qo’li borligini iddao qilmoqda.

Tolibon masjid portlashlariga aloqadorligini rad etdi, ammo guruh afg'on kuchlariga qarshi hujumlarni amalga oshirganini tan olib, ikkala tomon muzokaralarni boshlagandan keyin jang maydonida o't ochishni to'xtatish masalasi kun tartibiga qo’yilishini aytdi.

AQSh-Tolibon kelishuvi Vashingtonga AQShning barcha qo'shinlarini, uning ittifoqchilari va koalitsiya kuchlarini, shu jumladan, diplomatik bo'lmagan barcha xodimlar, xususiy xavfsizlik bo'yicha pudratchilar, trenerlar, maslahatchilar va yordamchi xizmat xodimlarini Afg'onistondan olib chiqib ketish majburiyatini yuklaydi. AQSh harbiy kuchlari kelishuv imzolangandan beri allaqachon bir necha ming askarni mamlakatdan olib chiqib ketgan.

Buning evaziga Tolibon "Al-Qoida" va "Islomiy davlat" kabi terrorchi guruhlarning AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi hujumlarda isyonchilar nazoratida bo'lgan afg'on hududlaridan foydalanishiga yo'l qo'ymaslik majburiyatini oladi.

Ammo AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, qo'shinlarni olib chiqish jarayoni "shartlarga asoslangan" bo'lib, ular toliblarning kelishuvda ko'rsatilgan majburiyatlarni bajarayotganini diqqat bilan kuzatib borishadi.

Prezident Donald Trump saylanishidan oldin barcha Amerika kuchlarini uylariga qaytarishga bir necha bor va'da bergan.

"AQSh harbiy kuchlarining burchi ko’pchilik eshitmagan uzoq mamlakatlardagi qadimgi mojarolarni hal qilish emas. Biz jang qilsak, bundan buyon faqat g'alaba qozonish uchun kurashamiz", - dedi Trump 13-iyun kuni Vest-Poyntdagi AQSh Harbiy akademiyasi bitiruvchi kursantlariga qilgan murojaatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG