Breaking News

"Amerika Ovozi" direktori ishdan bo'shadi, uni boshqaruvchi agentlikda yangi rahbar


Amanda Bennett 2016-yilning bahoridan beri "Amerika Ovozi" direktori edi

"Amerika Ovozi" teleradiosini to'rt yildan beri boshqarib kelayotgan Amanda Bennett 15-iyun kuni ishdan bo'shadi. Oq uy tashkilotni Xitoy propagandasiga o'ynayotganlikda ayblagan. Teleradio buni keskin inkor etadi. "Amerika Ovozi" 47 tilda xolis axborot beradi, deya qayd etadi Bennett.

Direktor va uning o'rinbosari Sendi Sugavara ishdan bo'shayotgani haqida xodimlarni boxabar qilar ekan, lavozimlarni o'z xohishi bilan tark etayotganini aytgan. Tramp ma'muriyati AQSh Global Media Agentligi (USAGM) rahbari etib tayinlagan, Senat tasdig'idan o'tib, o'tgan hafta ish boshlagan Maykl Pek ularning o'rniga kimlarni olib keladi, noma'lum.

AQSh Global Media Agentligi "Amerika Ovozi" qatorida yana to'rt xalqaro OAVni boshqaradi, jumladan "Ozodlik" radiosini.

“Sizning kasbiy sadoqat va mehr-muhabbatingiz, tashkilot missiyasi va irodansiz o'zgarmas va har doimgidek kuchli", - deydi Bennett va Sigavara "Amerika Ovozi" jamoasiga yozgan xatida.

Maykl Pek, AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari
Maykl Pek, AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari

“Maykl Pek Kongress oldida so'z berdi: "Amerika Ovozi" mustaqil axborot vositasi bo'lib qoladi va hukumat tashkilot faoliyatiga aralasha olmaydi. Qonun ham bunga yo'l qo'ymaydi", - deyiladi maktubda.

"Amerika Ovozi" Kongress tomonidan moliyalanadi lekin davlat, biror organ yoki rasmiy uning ishiga ta'sir qila olmaydi. Federal qonun buni kafotlaylaydi.

Bennett nazarida tashkilotni boshqa OAVlardan ajratib turadigan jihati ham shu: soliq to'lovchidan tushgan mablag'ga ishlaydigan media hukumat iznida emas. Tashkilot 1942-yildan beri dunyo bo'ylab ishonch va shuhrat qozongan, deya eslatadi Bennett.

Prezident Donald Trampning "Amerika Ovozi" Xitoydagi koronavirus bilan bog'liq vaziyatni ijobiy ruhda yoritmoqda, deya tanqid qilgani tashkilot nazarida asossiz. Bennett Oq uyga javoban Xitoy axborotni cheklashga usta davlat ekani, tashkilot jurnalistlari hayotini har dam xavf ostiga qo'yib u yerdan ma'lumot uzatishi, maqsad real vaziyatni ko'rsatish ekanini uqtirgan.

Amanda Bennettning Oq uyga ochiq javobi

"Amerika Ovozi" xartiyasiga ko'ra, tashkilot xolis, ishonchli va serqirra axborot berishga intilishi lozim. Teleradio Amerikani boricha yoritadi, biror qismi yoki biror idoraning xizmatida emas.

Oq uy "Amerika Ovozi" Xitoyni maqtayapti deya namuna sifatida ko'rsatgan video aslida "Associated Press"dan olingan. Ikki tashkilot yaqindan hamkorlik qiladi.

Shuningdek, Oq uyga yoqmagan faktlar aslida AQShning Jons Hopkins Universitetidan berilgan. U esa koronavirus pandemiyasi davrida eng ishonchli sanalgan manba.

Bennett Oq uyga javoban keng ommaga "Amerika Ovozi"ning Xitoydan bergan materiallarini birma-bir taqdim etgan.

Biroq Prezident Tramp ularni chetga surib, tashkilotni qoralashda davom etdi. Tramp Maykl Pekdan najot kutmoqda lekin Pek qonunga binoan tashkilot mustaqilligini himoya qilishi kerak.

Oq uy
Oq uy

Amerika Xitoy emas

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi rahbariyati o'z matbuot xizmatiga "Amerika Ovozi" bilan professional hamkorlik qilmaslikni buyurgan. Bennett buni axborot va matbuot erkinligini cheklash deb atadi.

"Amerika Ovozi" jurnalistlari Amerika hukumatini xuddi boshqa hukumatlar singari savolga tutadi va muammolar haqida tanqidiy materiallar beradi.

300 millionga yaqin haftalik auditoriyaga ega "Amerika Ovozi" 100 dan ortiq davlatda tomosha qilinadi, tinglanadi va o'qiladi.

Tashkilotning bosh maqsadi - axborot oqimi cheklangan jamiyatlarga zarur ma'lumot yetkazish. Xitoy va Rossiya, masalan, shunday mamlakatlar qatorida, chunki hukumatlar matbuot erkin faoliyat yuritishi uchun yo'l qo'ymaydi.

Bennet xonim nazarida AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi va Oq uy o'z xodimlariga "Amerika Ovozi" bilan ishlamaslikni uqtirib, axborotni cheklashga urinmoqda.

'Biz propaganda bilan shug'ullanmaymiz'

Amanda Bennett 2016-yilning bahorida Prezident Barak Obama tomonidan tayinlangan. Jurnalistika olamidagi eng yuksak mukofot - Pulitzer sovrindori bo'lmish Bennett "Bloomberg News" kabi yirik OAVlarni boshqargan, nufuzli nashrlarga bosh muharrirlik qilgan. Undan oldin esa "The Wall Street Journal" singari katta gazetalarga Amerikadan va chet eldan turib ishlagan.

Bennett Milliy Press Klub tomonidan Amerikaning eng ilg'or jurnalistlaridan biri deya e'tirof etilgan. Matbuot erkinligi uning nazarida har bir davlat va jamiyat uchun eng ustuvor talablardan.

“Mening hamkasblarim matbuot erkinligi yo'q muhitlarga ishonchli axborot olib kiradi", - deydi Bennett "Amerika Ovozi" jurnalistlariga ishora qilib.

"Faoliyatimiz aslo propaganda emas va hech qachon bo'lmaydi ham".

Bennettning o'rinbosari bo'lib ishlagan Sendi Sugavara oldin "The Washington Post" va boshqa nufuzli OAVlarda chiniqqan mutaxassis.

AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari "Amerika Ovozi" direktori va muovini ishdan bo'shayotganiga nisbatan munosabat bildirar ekan, ularga xizmati uchun minnatdorchilik bildirib, omad tilagan.

Maykl Pek tayinlanish uchun Senatda demokratlarning ovozini ololmagan. Uni quvvatlaganlar respublikachilar, ko'pchilik. Vakillar palatasida ham unga qarshilar ko'p. Lekin Kongress a'zolari ham, "Amerika Ovozi" jamoasi ham, qolaversa butun agentlik uning jurnalistik tamoyillar, oshkoralik va mas'uliyat bilan ishlashiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG