Breaking News

Tramp: Pandemiyaning eng qaqshatqich pallasidan o'tdik


Oq uy, 15-aprel, 2020

AQShda koronavirusni yuqtirganlar qariyb 615 ming, bu kasallikdan o'lganlar esa 30 ming, tuzalganlar 50 mingga yaqinlashib qoldi. Jahon bo'ylab esa vafot etganlar 135 ming, virusga chalinganlar 2 milliondan oshgan, undan sog'ayganlar esa 510 mingdan ziyod.

Oq uy koronavirus pandemiyasining eng og'ir davri o'tdi, deya xulosa qilmoqda. Shtatma-shtat ko'rsatkichlar shundan dalolat bermoqda, deydi rasmiylar.

Hozirgacha 3,3 million test o'tkazilgan va 48 turdagi test ma'qullangan. Dori-darmon, vaksina va muolaja usullari ustida dadil harakatlar ketmoqda. AQSh kasalxonalari bemorlarga qarash uchun yetarlicha ta'minlangan, deydi Prezident Donald Tramp.

Davlat rahbari Amerika qachon va qay tarzda ochilishi haqida bu hafta e'lon berishi kutilmoqda.

"Kasallik avjiga chiqqan kunlar ortda qoldi va raqamlar buyog'iga pasayib boraveradi deb umid qilamiz", - dedi u bugun Oq uydagi kundalik brifingda.

Prezident Kongressdan norozi, chunki u ta'tilda. Vashington ahliga uyda o'tirish buyurilgan va bu buyruq 15-maygacha amalda. Qonunchilar yo o'z shtatlariga ketgan yoki poytaxtdagi uylarida. Kongress faoliyati tor miqyosda davom etmoqda.

Tramp deydiki, uning takliflari o'z vaqtida ko'rib chiqilib, ovozga qo'yilmasa, mamlakat hayoti osonlashmaydi. Agar qonunchilar Vashingtonga qaytib, masalalarni ko'rib chiqishni boshlamasa, deydi prezident, "konstitutsion vakolatlarimdan foydalangan holda ishni o'zimiz hal qilamiz".

Oq uy norozi masalalardan biri turli yuqori lavozimlarga nomzodlar Senat tomonidan ma'qullanmayotgani va ko'p hollarda hali ko'rib chiqilmaganidir, xususan "Amerika Ovozi"ni boshqaruvchi AQSh Global Media Agentligiga rahbarlik uchun ko'rsatilgan Maykl Pek ham tasdiqlanishni ikki yildan beri kutmoqda. Qonunchilar vazifasini bajarmasa, prezident o'z nomzodlarini bir yilgacha bu lavozimlarga tayinlashi mumkin. Tramp shu yo'ldan bormoqchi.

Tramp "Amerika Ovozi"ni koronavirus pandemiyasini yoritishda Xitoyga yon bosayotganlikda ayblamoqda. "Amerika Ovozi" rahbari Amanda Bennett Oq uyning bu tanqidiga o'tgan hafta javob bergan edi. Tramp bugun bu masalada yana gap ochdi. Tashkilot esa betaraf ekanini qayd etib, har kuni dunyo bo'ylab millionlab insonlarga 40 dan oshiq tilda ishonchli axborot yetkazish bilan mashg'ul ekanini eslatmoqda.

Kechagi brifingda Amerika rahbari Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) uchun moliya to'xtatiladi, deya e'lon qilgan edi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bu qarorni qoralab, Vashingtonda hozirgi og'ir damlarda bunday qarorlar qilmaslikka undamoqda.

Trampga ko'ra esa JSST faoliyati ko'rib chiqilmoqda va bu tashkilot o'z missiyasini to'g'ri ado etayotgani aniqlansa, AQSh unga yana mablag' ajrata boshlashi mumkin.

Bu orada hukumat koronavirus davridagi zararni qoplash uchun fuqarolarga moliyaviy yordam bera boshladi, ya'ni aholiga Moliya vazirligidan cheklar yuborilmoqda. Cheklarda tarixda birinchi marta prezident ism-sharifi yozilgan.

Bu borada savolga tutilganida Prezident Tramp cheklarda uning nomi bitilayotganini bilmasligini aytgan.

"Lekin odamlar davlat berayotgan yordamda mening ism-sharifimni ko'rib xursand bo'lishi aniq", - deydi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG