Breaking News

Belarusda "shippak inqilobi" boshlanmoqda


Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishchilar. Minsk, Belarus, 2020-yil, 24-may
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishchilar. Minsk, Belarus, 2020-yil, 24-may

Yarim yil oldin ham Belarusni chorak asr davomida “temir musht” bilan boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko hokimiyatiga tahdidlar paydo bo’lishini tavassur qilish qiyin edi. Sobiq kolxoz raisi, yordamchilari va tarafdorlari tomonidan "ota" deb ardoqlangan Lukashenkoni endi tanqidchilari "suvarak" deb atamoqda. Muxolifat vaillari avgust oyida bo’ladigan prezidentlik saylovida “chorak asrlik zararkunanda”ni yo’q qilishga va'da bergan.

Xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, Lukashenko shu paytgacha saylovlarni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin singari o’tkazgan: jiddiy raqiblarini poygadan chiqarib yuborgan va mustaqil ommaviy axborot vositalarining ovozini o'chirgan. 2015-yilda bo'lib o'tgan so'nggi saylovda ko'plab belarusliklar qo'shni Ukrainadagi tartibsizliklardan qo'rquvga tushib, beqarorlik evaziga qo’lga kiritiladiga erkinlikdan ko’ra, Lukashenkoning “temir boshqaruvi”ni afzal ko’rdi, deydi kuzatuvchilar.

Lukashenkoga bu safar "rangli inqilob" emas, balki "shippak qo'zg'oloni" tahdid solmoqda. O'tgan oy politsiya xodimiga hujum qilganlikda ayblanib hibsga olingan mashhur blogger Sergey Tixanovskiy “suvarak”ni shippak bilan zararsizlantirishga chaqirgandan beri “shippak qo’zg’oloni” atamasi mamlakatda mashhur bo’lmoqda.

Tixanovskiyga ko’ra, Lukashenko "Suvarakboy" nomli mashhur bolalar she'ridagi hasharotga o'xshaydi. Bloger Belarus bo'ylab sayohat qilib, mashinasining tomiga bog'lab qo'yilgan ulkan shippak bilan kelayotgan saylovda Lukashenkoni “tekislab qo’ymoqchi” ekanini da’vo qiladi.

Xavfsizlik xizmati xodimlariga ko’ra, Tixanovskiyning uyi tintuv qilinganda, u yerdan 900 000 AQSh dollari miqdorida naqd pul topilgan. Namoyish paytida tarttibbuzarlikka qo’l urgani uchun Tixanovskiy nomzodi ro’yxatdan chiqarib yuborilgach, uning o’rniga 38 yoshli rafiqasi Svetlana Lukashenkoga qarshi poygaga qo’shildi.

Juma kuni Lukashenkoning yana bir raqibi - 56 yoshli sobiq bankir Viktor Babariko ham moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan va saylovdan chetlatilgan.

Davlat nazorat qo’mitasi rahbari Ivan Tertelga ko’ra, Babariko moliyaviy jinoyatlarga qo’l urishdan tashqari, saylovda yutib chiqish uchun Rossiyaning "qo'g'irchoqlari" bilan til biriktirgan.

Tixanovskiy, Babariko va boshqa muxolifat vakillarining hibsga olinishi Belarus poytaxti Minsk ko'chalarida norozilik namoyishiga sabab bo'ldi. Yevropa Ittifoqi ham bu hibslarni qoralagan.

Ushbu voqealar ortidan asosiy mustaqil nomzod sifatida Svetlana Tixanovskaya ko’pchilikning e'tiboriga tushdi.

Tut.by yangiliklar saytida o'tkazilgan norasmiy so'rov natijalariga ko'ra, Babariko hibsga olinishidan oldin ham belarusliklarning 16 foizi Svetlana Tixanovskaya nomzodini qo'llab-quvvatlagan. Politsiya veb-saytga boshqa so'rovlarni e'lon qilmaslik talabini qo’ygan. Tixanovskayaning aytishicha, noma'lum shaxslar unga qo'ng'iroq qilib, agar saylovdan nomzodini olmasa, o'n yashar o'g'li va to'rt yoshli qizi yo’qolib qolishi mumkinligi haqida tahdid qilgan.

Svetlana Tixanovskaya ortga chekinish niyatida emas. U kutilmaganda Belarusdagi inqilobiy harakatning old qatoriga chiqib qoldi. Shu paytgacha u o’zining, asosan, uy bekasi bo’lganini aytadi.

“Bu mitinglarga chiqayotgan odamlar meni emas, Sergeyni qo'llab-quvvatlayapti", - deydi u turmush o'rtog'ining ishini davom ettirayotganini aytib.

Svetlana Tixanovskaya jamoasida boshqa mashhur blogerlar ham bor.

O'tgan hafta yuz bergan hibslarga qaramay, Minskda odamlar Lukashenkoga qarshi bo'lgan nomzodlarning varaqalariga imzo qo'yish uchun yig'ilmoqda, deya xabar beradi belaruslik jurnalist Xanna Lyubakova.

“Lukashenkoning uchta yetakchi raqibi bir oy ichida 730 000 dan ortiq imzo to'pladi. Yana boshqa uch muqobil nomzodni qo’shsangiz, hisob bir milliondan oshadi. Ushbu kampaniya shundan dalolat beradiki, siyosiy faollik darajasi nihoyatda yuqori”, - deb yozdi u “Twitter” orqali.

Nomzod ro’yxatga olinishi uchun kamida 100 000 imzo to'planishi kerak.

Lukashenkoga qarshi muxolifatni tobora yomonlashib borayotgan iqtisodiy vaziyat va koronavirus inqirozi kuchaytirmoqda. Prezident boshida pandemiyaga e’tiborsiz munosabatda bo’lib, aholiga kasal bo'lmaslik uchun saunaga borishni va aroq ichishni tavsiya qilgan edi. Norozilik, ayniqsa, yoshlar orasida yuqori. Ular “sovetcha” barqarorlikdan ko’ra beqaror erkinlikni afzal ko’rishini aytadi.

Qo'shni Rossiya siyosiy kurashida Lukashenkoga yordam bermayapti. Lukashenkoning Vladimir Putin bilan munosabati sovuqlashgani bunga sabab sifatida ko’rsatiladi. Minskda yashagan yuqori martabali rus diplomatining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Rossiya va Belarus rahbarlari o’zaro telefon muloqotida hatto bir-biriga qichqirganiga guvoh bo’lgan.

Tahlilchilarga ko'ra, Putinning asosiy maqsadi Rossiya chegaralarida Ukraina kabi G'arbga yaqin yana bir anklavning paydo bo’lishiga yo’l qo’ymaslik. Belarus Rossiyaning 2014-yilda Qrim yarimorolini anneksiya qilishini betaraf pozitsiya bilan kuzatgan va Minskda Ukraina sharqidagi urushga yechim topishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilgan.

Mamlakat shu paytgacha Rossiya moliyaviy yordamga tayangan. So'nggi oylarda subsidiyalar va neft ta'minoti bilan bog'liq muammolar yuz berishi ortidan Lukashenko-Putin do’stligiga putur yetgani aytiladi.

9-avgust kuni bo'lib o'tgan saylovda Lukashenkodan boshqa biror nomzodning g’alaba qozonishi ehtimoli juda kam.

Mahalliy OAV va inson huquqlari tashkilotlarining xabar berishicha, Lukashenkoga qarshi muxolifat kuchaygani sari norozilik namoyishlari Belarus bo'ylab tarqalishda davom etmoqda. Juma kuni sobiq sovet respublikasining 10 dan ortiq shaharlarida o’tgan namoyishlarda xavfsizlik kuchlari tomonidan o'nlab faollar hibsga olingan. "Viasna" mustaqil inson huquqlari guruhiga ko’ra, qamoqqa tashlanganlar soni kamida 120 ta.

Lukashenkoning da’vo qilishicha, Babariko va boshqa o'nlab siyosiy faollarni hibsga olish orqali "G'arb va G'arbning fitnachilari tomonidan Ukraina uslubida inqilob qilishga uringanlarning fitnasi” fosh qilingan.

Prezidentning sobiq yordamchisi va siyosiy tahlilchi Aleksandr Fedutaga ko’ra, Lukashenko hokimiyatda qolish uchun kuch ishlatishga tayyor. Hibsga olishlar shundan dalolat beradi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG