Breaking News

Tolibon va Kobul: kim qancha mahbusni ozod etdi?


Bagrom qamoqxonasidan ozod etilgan toliblar, 26-may, 2020

Afg'oniston hukumati qamoqdagi 5000 tolibdan 600 nafarini ozod etmoqchi emas. Tolibon esa unga tegishli barcha asirlar chiqishi kerak, deya bong urmoqda.

Prezident Ashraf G'anining matbuot kotibi Sidiq Sidiqiy deydiki, ayrim mahbuslar tolib bo'lgani uchun emas, qabih jinoyatlar qilgani uchun panjara ortida. Qurollangan og'rilik, qotillik, korrupsiya va qoradori savdosi bilan bog'liq jinoyatlar haqida gap ketmoqda, deydi Sidiqiy.

Tolibon va AQSh bu borada kelishganida 5000 gacha mahbus ozod etiladi, deyilgan, aynan 5000 nafar emas.

Shu yilning fevral oyidagi bitimga ko'ra, Amerika qo'shini kelasi yilning iyuligacha Afg'onistonni tark etishi kerak, agar Tolibon qonli xurujlarni tamoman to'xtatsa.

Shuningdek, bitimga binoan, Tolibon 1000 gacha asirni qo'yib yuborishi, markaziy hukumat esa 5000 gacha mahbusni.

Kobulning so'nggi bayonoti toliblarni g'azabga keltirib, o'zini qurollangan muxolifat deb biladigan harakat tinchlik muzokaralaridan uzoq ekanini ta'kidlamoqda.

“Mahbuslar bo'yicha shartlar bajarilmas ekan, hech qanday muzokara bo'lmaydi", - deyiladi Tolibonning rasmiy javobida.

Hozirgacha hukumat 4015 tolibni qo'yib yuborgan. Tolibon ham shartni bajarsin, deya undamoqda prezident idorasi

Tolibonga ko'ra, harakat 737 mahbusni chiqargan, ular asosan afg'on xavfsizlik xizmatchilari bo'lgan odamlar. Hukumat hisobicha, chiqqanlar buncha emas.

Tolibon esa hukumat atigi 3500 asirni qo'yib yuborgan, deya Kobul bergan raqamni inkor etmoqda.

AQSh maxsus vakili Zalmay Halilzod deydiki, afg'on tinchlik muzokaralari shu oy Qatarda boshlanishi kerak. Hozirgi vaziyatda masala yanada murakkablashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG