Breaking News

AQShda xorijiy talabalar soni keskin kamayadi


Stenford universiteti kampusi, Kaliforniya shtati

Pandemiya tufayli AQShda ba’zi universitetlar kuzgi semestrda o’qishni to’liq onlayn tartibda davom ettirmoqchi.  AQSh Immigratsiya va chegara xizmati qaroriga ko’ra, bunday universitetlarning xorijiy talabalariga viza berilmaydi.

Hozir AQShda bo’lib turgan talabalar ham o’z vatanlariga qaytishi kerak bo'ladi.

Universitetlar esa daromad keskin tushib ketishidan xavotirda. Xalqaro ta’lim bilan shug’ullanuvchi NAFSA tashkilotidan Ester Brimmer deydiki, qarorni ilm maskanlarining o’ziga qo’yib berish kerak. Ular o’z sharoitidan kelib chiqqan holda bir to’xtamga kelsin.

“Pandemiya davrida elchixona fuqarolarni qabul qilishni vaqtincha to’xtatgani uchun “F-1” vizamni yangilash uchun yurtimga ketolmagan edim. Endi bo’lsa, ketishga majburman. Ketsam, qaytib kela olmayman”, - deya tashvishlanadi Beylor universitetida doktorant irlandiyalik Eyron Kirkpatrik.

Shu paytgacha AQShdagi kollej va universitetlarning yarmi kuzda to’liq onlayn tartibda ishlashini bildirgan.

Amerika Ta’lim Kengashi yangi o’quv yilida ta’lim muassasalariga qabul 15 foizga, chet ellik talabalar qabuli esa 25 foizga kamayishini taxmin qilmoqda.

Ta’lim xalqaro ta'lim institutining may oyida 600 ga yaqin universitet va institutlar o’rtasida o’tkazgan so’rovi natijalariga ko’ra, oliy ta’lim muassasalarining uchdan bir qismi talabalarga o’qishni keyingi semestrda, ya'ni pandemiya tugagach, yuzma-yuz darslarga ko’chirish imkoniyatini bermoqda.

“Koronavirus xavfi oshib bormoqda, shu sabab vatanda qolib, o’qishni onlayn davom ettiraman”, - deydi Jorj Meyson universitetida o’quvchi koreyalik talaba Su Hyun Kim.

“Onlayn ta’lim sifat jihatdan menga ma’qul emas. Buning ustiga vatanimda internet tezligi ham yaxshi emas. Yaxshisi, o’qishni keyingi semestrda bo’ladigan yuzma-yuz darslarga qoldiraman”, - deydi Stetson universiteti talabasi braziliyalik Viter Laserda Sikvera.

“Afsuski, hukumat AQShda tahsil olishga to’g’anoq bo’luvchi qarorlar chiqaryapti. Xalqaro talabalar qabulining kamayishi mamlakatimizda talantlarning kamayishiga olib keladi. Bu esa ham akademik, ham iqtisodiy jihatdan zarar”.


AQShda tahsil oluvchi talabalarning 5 foizini xorijliklar tashkil etadi. Ularning o’qish uchun to’lovlaridan yiliga 2,5 milliard dollar daromad keladi. Xorijiy talaba uchun shartnoma puli, odatda, mahalliy talabalarga nisbatan qimmatroq.

NAFSA hisobicha, koronavirus tufayli AQSh universitetlari 5 milliard dollar zarar ko’rishi mumkin.

“Pandemiya ba’zi ta’lim dargohlariga qimmatga tushishi mumin, kerak bo’lsa, yopilish ehtimoli ham yo’q emas”, - deydi professor Dik Startz.

Yaqinda H1-B, J va boshqa vaqtincha ishlash vizalari berilishi ham Tramp ma’muriyati tomonidan to’xtatilgan edi. Qaror allaqachon viza olib ulgurganlarga ta’sir qilmaydi.

“Ixtiyoriy amaliy trening” deb ataluvchi dastur doirasida o’qishdan keyin mamlakatda 1-3 yilgacha qolib, mehnat qiladigan xitoylik talabalarga ham viza berilishi to’xtatilgan. 2017-yilda bu dastur doirasida 276 500 nafar chet ellik talaba ishlash uchun mamlakatda qolgan.

NAFSAga ko’ra, xorijiy talabalar 2018-2019-yillarda AQShga 41 milliard dollar daromad keltirgan.

2019-yilda AQShda jami 1 095 299 nafar xorijlik tahsil olgan, aksariyati Xitoydan.

“Afsuski, hukumat AQShda tahsil olishga to’g’anoq bo’luvchi qarorlar chiqaryapti. Xalqaro talabalar qabulining kamayishi mamlakatimizda talantlarning kamayishiga olib keladi. Bu esa ham akademik, ham iqtisodiy jihatdan zarar”, - deydi NAFSA rasmiysi Ester Brimmer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG