Breaking News

AQShda chet ellik talabalar kamayishi kutilmoqda


Chet ellik talabalar Qo’shma Shtatlar kollej va universitetlari uchun xilma-xillik va yaxshigina daromad manbaidir. Ammo kuzda ular soni kamayishi kutilmoqda. AQSh koronavirusni yuqtirganlar va o’lim hollari bo’yicha dunyoda yetakchi ekani ayrimlarni bu davlatdan uzoqlashtiradi. Viza olish va uchib kelishdagi qiyinchiliklar sabab ayrimlar o’qishini boshlay olmaydi.

AQSh va ba’zi davlatlar, xususan, xalqaro talabalarning eng katta manbai bo’lgan Xitoy o’rtasidagi savdo mojarolari va boshqa kelishmovchiliklar talabalar qarorlariga ta’sir qilishi mumkin. Aytish joizki, AQSh kollejlariga qabu qilingan chet ellik talabalar soni so’nggi ikki yilda shundoq ham kamaygan.

“Biz nazorat qila olmaydigan ko’p omillar bor”, - deydi Lina Stover, Nebraska universitetida qabul bo’limi direktori.

Koronavirus inqirozi

Shu oy Nebraska-Linkoln universitetini (NLU) bitirayotgan xitoylik Syu Zeng shu dargohning o’zida magistraturaga hujjat topshirishga qaror qilgan. Muhandislik va matematika yo’nalishini tamomlayotgan Zeng fikricha, koronavirus sabab universitetda xalqaro talabalar kamayadi.


Virusni yuqtirib olish ehtimoli uni NLUda qolishga majbur qildi. Bahorda Zeng Stenford va Kaliforniya-Deyvis universitetlarini borib ko’rishni rejalagan edi, ammo virus keng tarqalayotgani bois u samolyotda uchishni ma’qul ko’rmagan.

NLU professori Deyv Admiral Syu Zengni ishtiyoqli, yangi bilimlarni tezda o’zlashtiradigan talaba deya ta’riflaydi.

“Xalqaro talabalardan juda ko’p narsani o’rgandim. Studentlarim faqat amerikaliklar bo’lganida bunday sharoit bo’lmasdi”, - deydi u, elektron pochta orqali yozar ekan.

Syu Zeng yozda suv resurslari muhandisligi bo’yicha darslarini boshlaydi. AQSh-Xitoy o’rtasidagi savdo va boshqa masalalar bo’yicha kelishmovchiliklar haqida gap ketganda, Zeng bular uning uchun muhim emasligini aytadi.

“Shunchaki siyosatga uncha qiziqmayman”, - deydi u.

Talabalar kamaymoqda

O’tgan kuz NLUda xalqaro talabalar soni 2807 dan 2560 nafarga, ya’ni 8,8 foizga kamaydi. Pandemiya yangi o’quv yilida ham barcha universitetlarning qabul ko’rsatkichlariga ta’sir qilishi mumkin, deydi universitetning global masalalar bo’yicha vitse-kansleri Josh Deyvis.

“Xalqaro talabalar kampus hayotini boyitadi va oxirgi 10 yilda Amerika kollejlarining asosiy daromad manbaiga aylangan. NLU va Ayova Davlat universitetida ular talabalarning 10 foizini tashkil etadi. Ko’pi ta’lim uchun katta pul to’laydi”, - deya qo’shadi Deyvis.

Uning aytishicha, NLU kampusda qolgan yoki vataniga qaytgan chet ellik talabalar bilan aloqada bo’lishni istaydi, ular bilan virtual muloqotlar o’tkazadi.

Agar viza bilan bog’liq qiyinchliklar sabab talabalarning universitetga kelishi kechiksa, boshqa yo’lini topamiz, deydi Deyvis.

AQSh imiji

Ayova Siti shahrida oliy ta’lim bo’yicha konsultant Grant De Roo so’zlariga ko’ra, uch yildan oshiq vaqt davomida boshqa davlatlarni AQShga g’anim sifatida tasvirlash natijasida Amerikada xalqaro talabalar kamayib ketdi.

Uning aytishicha, Prezident Donald Trampning chegarani mahkamlash, millatchilik va ayrim davlatlarga darvozani yopish haqidagi da’vatlari AQSh imijini salbiylashtirgan.

“Bu gaplar xalqaro talabalarning AQShga bo’lgan munosabatini tubdan o’zgartirmoqda”, - deydi De Roo.

Nebraska Respublikachilar partiyasi ijrochi direktori Rayan Hamilton yuqoridagi fikrga qo’shilmaydi. Tramp ittifoqchilarning NATO kabi tashkilotlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarishini, Meksika o’z chegarasini mustahkamlashini istaydi, deydi u.

Agar ushbu talab sabab AQSh ularning ko’ziga do’stona ko’rinmasa, “aksar amerikaliklar buning oqibatlarini qabul qilishga tayyor”, deydi Hamilton.

“HighterEd Talent” konsalting firmasi xodimi Edna Chun deydiki, vizalar kechikishi ayrim chet ellik talabalarning AQShga kelishini qiyinlashtirishi mumkin.

Chun o’tgan yili Garvard universitetiga qabul qilingan livanlik talabani misol keltiradi. Bostondagi immigratsiya xizmati xodimlari uning noutbukida AQShni tanqid qilgan siyosiy yozishmalarni topgan va talabani Livanga qaytargan. Keyinroq unga AQShga kirishga ruxsat berilgan.

Nebraska universitetida ham o’tgan yili xorijiy studentlar biroz kamaygan. Xalqaro masalalar bo’yicha vitse-kansler Tim Burkink talabalarni jalb qilishda viza muammolarini eng katta to’siq deb biladi. AQSh konsulliklari va elchixonalarining aksar xodimlari pandemiya paytida vatanga qaytgani bu muammolarga hissa qo’shmoqda.

Oliy ta’lim bo’yicha konsultant Grant De Rooning aytishicha, so’nggi yillarda xalqaro talabalar uchun raqobat kuchaygan. Kanada, Britaniya va Avstraliya ham ularga yaxshi dasturlar taklif etmoqda, deydi u.

O’tgan yili hamma joyda ham pasayish kuzatilmadi. Nebraskadagi Veyn Steyt kollejida chet ellik talabalar soni 38 tadan 82 nafarga ko’paygan.

Muhandis kasbini egallayotgan Syu Zeng vatani Xitoyga qaytishida ota-onasining istagi muhimligini aytadi. Ammo AQShda ish topib, oila qurib, qolishimni ham tasavvur qila olaman, deydi u. “Kim biladi nima bo’lishini?”

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG