Breaking News

Xalqaro talabalar immigratsiyaga oid yangi qarordan xavotirda


AQSh hukumati immigratsion viza va ruxsatnomalar berishni 60 kunga to’xtatib qo’ygani AQSh kollejlari va universitetlarida o’qiyotgan xalqaro talabalarni ham xavotirga solmoqda.

Qaror talabalar vizalariga bevosita ta'sir qilmasa ham, unda noimmigratsion dasturlarni "qaror e'lon qilingan kundan boshlab 30 kun ichida" ko'rib chiqish haqida band bor. Talaba vizalari AQShga vaqtincha kirishni istagan chet el fuqarolariga beriladigan noimmigratsion vizalar toifasiga kiradi.

Merilend Universitetining jurnalistika bo’limini shu yil tamomlayotgan Atiya Azim AQShda qolib malaka oshirish imkonini beruvchi OPT dasturiga murojaat qilganini, ammo viza muddati tugaguncha hujjatlari ko'rib chiqilmasligidan xavotirda ekanini aytadi.

OPT qonuniy ravishda talabalik vizalariga ega bo'lgan kollej bitiruvchilariga AQShda qolib, uch yilgacha o'z sohalarida ishlashga imkon beradi.

Talabaligida "Amerika Ovozi"da amaliyot o’tagan Azimning ta'kidlashicha, Tramp farmoni u kabi talabalarga bevosita ta'sir qilmasa ham, xavotirlarni oshirgan.

"Trampning immigratsiyani vaqtincha taqiqlash bo'yicha buyrug'i chiqqanini eshitib tashvishga tushdim. Endi nima qilaman? Qolsam bo’ladimi? Nima bo'ladi, degan savollar tug’ildi”, - deydi u.

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatiga (USCIS) ko'ra, mamlakatning qonuniy immigratsiya tizimini boshqarishga mas'ul bo'lgan idoralar va elchixonalar 4-iyun kuni qayta ochiladi.

"Mutlaqo favqulodda ofat"

AQSh hukumati barcha noimmigratsion vizalar berishni to’xtatib qo’yganiga bir oydan oshdi. Xalqaro reyslar bekor qilindi, immigratsiya idoralari yopildi va oliy o’quv yurtlari onlayn rejimda ishlashga o’tdi.

Massachusets Amxerst universitetining qabul bo'limi rahbari Rebekka Xamlinning aytishicha, xalqaro talabalar bilan bog'liq xavotirlar davom etmoqda, chunki mamlakatga kirish uchun hech kim elchixonalarga bora olmaydi, hatto AQSh institutlariga qabul qilingan talabalar ham.

“So'nggi bir oy davomida biz bu haqda qo'ng'iroqlar va suhbatlar o'tkazdik, 2020-yil kuziga qabul qilingan talabalar kela oladimi yoki yo'qmi? Hozircha buni bilmaymiz", - deydi u.

Xamlinning so'zlariga ko'ra, agar noimmigratsion vizalar ham taqiqqa uchrasa, "bu mamlakat oliy ta'limi uchun favqulodda ofat" bo’ladi.

So’nggi yillarda AQSh xorijlik talabalarni jalb qilish bo’yicha boshqa davlatlar bilan jiddiy raqobatga duch kelmoqda.

“Inside Higher Ed” onlayn nashrining ma'lumotiga ko'ra, keyingi o'quv yilida AQShda jami talabalar soni 15 foizga pasayadi; shu jumladan, xalqaro talabalar sonida 25 foiz kamayish kuzatiladi. Bu esa oliy ta’limdan tushadigan daromad 23 milliard dollarga kamayishini anglatadi.

“Chronicle of Higher Education” nashrining yozishicha, universitetlar allqachon yuzlab xodimlarni ishdan bo’shatgan va yo’qotishlar 100 million dollardan oshgan. Kichik o’quv yurtlari COVID-19 pandemiyasidan eng ko’p moliyaviy zarar ko'rishi va hatto qayta tiklanmasligi taxmin qilinmoqda.

Xalqaro Ta'lim Institutining (IIE) har yilgi "Ochiq eshiklar" hisobotiga ko'ra, AQShda 2018-19-o'quv yili davomida jami 19,8 million talaba bo’lib, ularning 1,1 millionini xorijliklar (barcha talabalarning 5,5 foizi) tashkil etgan.

Eng ko'p talaba Xitoydan – 369 548 kishi yoki barcha chet ellik talabalarning 33,7 foizi. Hindistonliklar 202 014 kishilik raqam bilan ikkinchi o'rinni band etgan. Ular barcha chet ellik talabalarning 18,4 foizini tashkil qiladi.

"Buning taassufli jihatlaridan biri shundaki, vizalari o'z vaqtida rasmiylashtirilmagan talabalar uchun masofaviy variantni ham taklif qila olmaymiz, - dedi Xamlin. – Garchi ular AQShga jismonan kirmasa ham, vatanlarida turib dars olsa ham, talabalik vizalari rasmiylashtirilmaguncha dars olishlari mumkin emas".

OPTdan keyingi bosqich

Azim iyungacha OPT ruxsatnomasini qo’lga kiritishdan umidvor.

"OPTni olganimdan keyin bu dasturdan to’liq foydalanish uchun qattiq ishlayman. Ish tajribasi to'plaganimdan so'ng kelasi yil “H-1B” ish vizasiga ariza topshiraman”, - dedi u.

“H-1B” vizasi noimmigrantlar orasida vaqtincha ishlash huquqini beradi. “H-1B” egasi bo'lish xalqaro talabalar uchun tabiiy jarayon, ya’ni ko’plab talabalar OPT dasturidan so’ng “H-1B” vizasini olib berishga qodir kompaniyalardan ish topadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG