Breaking News

Rossiyada jurnalist davlatga xiyonatda ayblanmoqda


Ivan Safronov Rossiya davlat fazo korporatsiyasiya rahbariga maslahatchi bo'lgan
Ivan Safronov Rossiya davlat fazo korporatsiyasiya rahbariga maslahatchi bo'lgan

Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati tergovchilariga ko'ra, "Roskosmos" agentligi rahbariyatiga maslahatchilik qilgan jurnalist Ivan Safronov davlatga xiyonat qilgan.

Safronovning advokati Ivan Pavlovning aytishicha esa 13-iyulda sud oldiga olib borilgan ayblanuvchi ayblarni tan olmagan.

Moskvada Safronovni quvvatlab namoyishlar o'tgan. Namoyishchilardan 20 ga yaqini politsiya tomonidan olib ketilgan.

Ayblanuvchiga ruhan dalda bo'lishga urinayotganlar jurnalistlar bo'lib, ular orasida Sofiya Rusova, Pyotr Parxomenko, Mariya Karpenko, Olga Alenova, Alla Pugachyova vaTaisiya Bekbulatova singari hamkasblari bor.

Safronov, shu yilning may oyidan beri "Roskosmos" rahbari Dmitriy Rogozin bilan ishlagan. Aslida u "Kommersant" va "Vedomosti" kabi yetakchi gazetalarning muxbiri. Safronov Rossiya harbiy va xavfsizlik sohasini yoritib tanilgan.

Rossiyani 20 yildan oshibdiki, boshqarib kelayotgan Vladimir Putin tanqidiy ovozlarni jazolash uchun xavfsizlik xizmatlarini ishga solmoqda, degan shikoyat azadan yangrab keladi
Rossiyani 20 yildan oshibdiki, boshqarib kelayotgan Vladimir Putin tanqidiy ovozlarni jazolash uchun xavfsizlik xizmatlarini ishga solmoqda, degan shikoyat azadan yangrab keladi

Jurnalist 7-iyul kuni hibsga olinganida 2017-yilda Chexiya hukumatiga Rossiyaning Yaqin Sharq bilan qurol savdosi haqida maxfiy ma'lumotlar uzatganlikda gumon qilinayotgani aytilgan.

Safronov bu ayblovni inkor etib kelmoqda. Jurnalistlar, xususan kasaba uyushmalari va huquq tashkilotlari darhol uning himoyasiga chiqqan. Ular nazarida hukumat kuchli jurnlalistning ovozini o'chirishga urinmoqda. Soxta ayb bilan uni qamash rejasi kecha yoki bugun emas, ancha oldin tuzilgan, deydi faollar.

Rossiya Jurnalistlar Ittifoqi raisi Vladimir Solovyov deydiki, uning tashkiloti bu ishdan ko'zini uzmaydi va a'zosi uchun tish-tirnog'i bilan kurashadi.

Safronovning otasi ham taniqli jurnalist edi, Ivan Safronov. U 2007-yilda baland uyning derazasidan yiqilib, vafot etganida hamkasblari u Rossiyaning Belarusga noqonuniy qurol sotgani xususidagi kuchli materiallari sabab o'ldirildi, deya xulosa qilgan.

1997-yilda Rossiyada Grigoriy Pasko ismli jurnalist Yaponiyaga maxfiy ma'lumot berganlikda ayblanib, josuslikda ayblangan. Uch yil qamoqda o'tirib chiqqan jurnalist fikricha, Safronov ishi orqali Rossiya Xavfsizlik Xizmati hozir barcha matbuot xodimlarini ogohlatirmoqda. Davlatni savolga tutish, xavfsizlik va harbiy masalalarni titkilash OAV va uning a'zolariga qimmatga tushadi, qadamni o'ylab bosing, degan signal bu, deydi Pasko.

"Safronov haqiqatdan ham josuslik qilmagan bo'lsa, agentlar unga qo'yilgan aybni sudda qanday asoslashga urinadi, shuni ko'rish kerak", - deydi u.

Shu oy yana bir jurnalist, "Ozodlik" radiosi muxbiri Svetlana Prokoyeva hukumatni tanqid qilgan maqolasida terrorizm kayfiyatini targ'ib qilganlikda aybdor deb topildi. Sud uni yetti ming dollarlik jarima bilan jazolashni buyurgan.

Rossiyani 20 yildan oshibdiki, boshqarib kelayotgan Vladimir Putin tanqidiy ovozlarni jazolash uchun xavfsizlik xizmatlarini ishga solmoqda, degan shikoyat azadan yangrab keladi.

Hukumatga ko'ra esa jurnalist va ziyolilarga qo'yilayotgan ayblovlarning ularning kasbiga aloqasi yo'q. Gap ularning qilmishida, deydi tergovchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG