Breaking News

Erdog'an ijtimoiy tarmoqlarni cheklashga chaqirdi


Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiyalik jurnalist Emre Kizilkaya 2008-yildan beri ijtimoiy tarmoqlardan foydalandi. 2013-yil Istanbulning Gezi parkidagi norozilik namoyishlari paytida va 2016-yilgi muvaffaqiyatsiz harbiy to'ntarish ortidan askarlar uning gazetasi binosiga bostirib kirishganda ham u ijtimoiy tarmoqlarda o’z o’quvchilari bilan faol aloqada bo’lgan.

Ammo endi vaziyat o’zgaryapti. Agar qonunchilar Prezident Rajab Toyyib Erdog'anning ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan chaqiriqlariga quloq tutib, taklif qilingan yangi qonunni ma’qullasa, Kizilkaya va boshqa jurnalistlar erkin muloqot qilishning so'nggi imkoniyatlaridan birini yo'qotishlari mumkin.

Dastlab aprel oyida ishlab chiqilgan va Erdog'an tomonidan qo'llab-quvvatlangan qonun loyihasi “Twitter”, “Facebook” va “YouTube” kabi yirik ijtimoiy tarmoqlardan Turkiyada qonuniy vakilga ega bo’lishni talab qiladi. Bu vakil ba’zi ma’lumotlarni tarmoqdan o’chirish yoki foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini taqdim etish bo'yicha Turkiya sudlari talablarini bajarishi kerak. Qonunchilik kuchga kirgandan keyin 30 kun ichida o'z vakilini tayinlay olmagan kompaniyalar asta-sekin oshiriladigan jarimalar va internet traffigini 90 foizgacha kamaytirish kabi jazolarga tortilishi mumkin.

Takliflar xavotir uyg’otmoqda

Mahalliy jurnalistlar va internet huquqi bo'yicha ekspertlarning ta'kidlashicha, bu takliflar mustaqil jurnalistika uchun joy kam bo'lgan va ijtimoiy tarmoqlar ommaviy axborot vositalari yangiliklarini tarqatishda muhim rol o'ynaydigan mamlakat uchun tashvishli holat.

"Men ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik fikrini o’rganaman, - deydi Xalqaro matbuot institutining Turkiyadagi milliy qo'mitasi vitse-prezidenti va notijorat yangiliklar platformasi bo'lgan “Journo” loyihasi muharriri Emre Kizilkaya. - Ijtimoiy media tarixning bir qismidir. Buni boshqarish tarixni qayta yozishni anglatadi".

1-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari prezidentning qizi va kuyovi farzandli bo’lgani haqidagi e’longa haqoratomuz izohlar bildirishidan bir kun o'tib, Erdog’an ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi. Politsiya oilani tanqid qilgan 19 ta ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining 11 tasini hibsga olgan.

“Bu platformalar bizning millatga to'g'ri kelmaydi. Biz ular to’xtatilishini, nazorat qilinishni istaymiz va imkon qadar tezroq parlamentga qonun loyihasini taqdim etish kerak", - dedi Erdog'an “Adolat va Taraqqiyot” (AKP) partiyasi a'zolariga.

Erdog'an qonunchilarni yangi loyihani tezkorlik bilan qabul qilishga chaqirdi. Deputatlarga ko’ra, seshanba kuni to'qqiz moddadan iborat qonun loyihasi parlamentga taqdim etilgan. U keyingi hafta umumiy yig'ilishda muhokama qilinadi.

Hokimiyatdagi partiya vakili Ozlem Zenginning jurnalistlarga aytishicha, qonun loyihasi "erkinliklarni huquqlar va qonunlar bilan muvozanatlashtiradi".

“Biz ijtimoiy tarmoqlar orqali bo’ladigan haqorat, so’kinish va ta'qiblarga chek qo'yishni maqsad qilganmiz", - deya qo'shimcha qildi u.

“Associated Press” xabariga ko'ra, muxolif partiyalar bu choralar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni va mustaqil yangiliklar olishni yanada cheklashidan xavotirda ekanliklarini aytishdi.

Turkiyada matbuot erkinligi yillar davomida xavf ostida qolayotgani xavotir bilan tilga olinadi. 2016-yildagi muvaffaqiyatsiz harbiy to'ntarishdan so'ng Erdog'an hukumati 150 dan ortiq axborot vositalarini yopdi va 100 dan ortiq jurnalist terrorizm bilan bog'liq ayblovlar bilan qamoqqa tashlandi.

Muxolifat tarafdori bo'lgan yoki Erdog'anni tanqid qiladigan jurnalistlar, bundan tashqari, "prezidentni haqorat qilish"da ayblanib, sudga tortilishi mumkin. Hukumat mashhur veb-saytlarga, shu jumladan, “YouTube” va “Wikipedia”ga kirishni vaqtincha to'sib qo'ydi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining aytishicha, Turkiya hukumat tanqidchilari va mustaqil jurnalistlarga qarshi "jodu ovi"ni olib bormoqda. Parijda joylashgan guruh hisob-kitobiga ko’ra, Turkiya matbuot erkinligi bo’yicha dunyoning 180 mamlakati orasida 154 o'rinni egallab turibdi.

Mamlakatning 84 million aholisi orasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish keng yoyilgan. Germaniyada “Statista” internet-tadqiqot guruhi o’tkazgan so’rovga ko'ra, Turkiyada 37 million odam “Facebook”dan doimiy foydalanadi, “Twitter” foydalanuvchilari soni esa 13,6 million.

Yangi qonunchilik loyihasi Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilishga bo’lgan birinchi urinish emas.

2019-yilning birinchi olti oyida “Twitter”ga ma’lumotni olib tashlash bo’yicha Turkiyadan 388 sud buyrug'i tushgan. Davlat idoralari, politsiya yoki boshqa tashkilotlardan 5855 so'rov olingan. “Twitter”ga ko’ra, so'rovlarning 5 foizi to'liq yoki qisman bajariladi.

O’tgan oy “Twitter” Erdog’an hukumatini qo’llab-quvvatlash uchun tashkil qilingan yoki xakerlar hujumiga uchragan 3700 foydalanuvchi sahifasi o’chirilganini ma’lum qildi.

“Propaganda mashinasi”

Bunga javoban, prezidentning kommunikatsiya bo'yicha direktori platformani "propaganda mashinasi" deb atab, o’chirilgan sahifalar hukmron partiyani qo'llab-quvvatlagani haqidagi iddaolarni rad etdi.

Huquq tashkilotlari, jumladan, Xalqaro Matbuot instituti va Matbuot erkinligi bo’yicha Yevropa markazi Turkiyada taklif qilingan qonunni "erkinliklarni yanada cheklash" deya qoraladi.

“Turkiya so'z erkinligi va axborot olish huquqini ta'minlashi shart”, - deyiladi ular chiqargan qo'shma bayonotda.

Kizilkayaning so'zlariga ko'ra, chora-tadbirlar qiyinchilik tug'dirayotgan bir paytda u mustaqil jurnalistikaning kelajagidan umidvor.

"Turkiyaning keyingi avlod jurnalistlari matbuot erkinligi uchun yaxshi muhit yaratishga intilmoqda va ular bunga qodir, - dedi u. - Ular jurnalistikaga sodiq qolishadi va buni Turkiyada jamoatchilik foydasi uchun qilishadi degan umiddaman".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG