Breaking News

AQSh kiber jinoyatchilikka qarshi qanday kurashmoqchi?


AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Kiber jinoyat global maydonda eng tez o’sib borayotgan jinoyat turi sanaladi. COVID-19 pandemiyasi kiber tahdidning yanada chuqurroq ildiz otishiga zamin yaratdi. Federal qidiruv byurosi ma’lumotlariga ko’ra, global pandemiya davrida kiber jinoyatlar soni 400 foizga oshgan.

Kiber xurujlar tobora ortib, og’irlashib, xavfli tus olib, xususiy va davlat sektorini bir xilda nishonga olmoqda. Bizneslar va kompaniyalarga tegishli tijoriy sirlar va maxfiy axborotlar o’g’irlanmoqda. Universitet va laboratoriyalarga tegishli ixtirolar o’zlashtirib olinmoqda. Fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarini boy berib, firibgarlik qurboniga aylanmoqda.

Joriy yilning iyul oyida AQSh davlat departamenti Ukraina fuqarolari Artyom Vyacheslavovich Radchenko va Aleksandr Vitalyevich Yeremenkolarni qo’lga olish yoki sudga tortishga xizmat qiladigan axborot evaziga 1 million dollar miqdorida mukofot pulini e’lon qilgan edi. Qidiruvdagi bu ikki shaxs transmilliy uyushgan kiber jinoyatchilikda ayblanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko’ra, Radchenko va Yeremenko AQShning Qimmatbaho qog’ozlar va birjalar komissiyasining kompyuter tizimidan maxfiy ma’lumotlar va hujjatlarni o’g’irlagan. 16 modda bo’yicha e’lon qilingan ayblovga ko’ra, ular minglab maxfiy hujjatlarni o’zlashtirib, katta pul evaziga sotib yuborgan.

Yuqorida qayd etilgan mukofot puli Davlat departamentining transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi maxsus dasturiga muvofiq e’lon qilingan. 1986-yilda joriy etilgan bu dastur va narkotik savdosiga qarshi dastur vositasida 75 ta transmilliy jinoyatchi sudga tortilgan.

Radchenko va Yeremenkolar amalga oshirgan kiber jinoyatga doir ma’lumotlarni AQSh Maxfiy xizmatiga tegishli quyidagi elektron manzilga yo’llashingiz mumkin: Rewards@usss.dhs.gov.

Ushbu jinoyat ishi, xakerlarga qarshi ayblov va mukofot dasturi bilan quyida batafsil tanishing: https://www.state.gov/artem-viacheslavovich-radchenko/.

“Kiber jinoyatchilar davlatlardagi qonun ustuvorligini pisand qilmaydi. Ularning dunyo bo’ylab tahdid uyg’otayotganidan kelib chiqib, barcha hukumatlarni kiber jinoyatchilarga qarshi kurashda hamkorlik qilishga, aybsiz fuqarolarni birgalikda himoya qilishga chaqiraman”, - deyiladi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning yozma bayonotida.

Bosh diplomatning ta’kidlashicha, AQSh hukumati kiber va boshqa transmilliy jinoyatlarga qarshi hamkorlikda kurashish tashabbusi doirasida boshqa davlatlarni qo’llab-quvvatlaydi. Xususan, bu jarayonda Davlat departamentining Transmilliy jinoyatlarga qarshi kurash dasturi muhim rol o’ynaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG