Breaking News

Ochiq Texnologiya Fondi kelajagi savol ostida


AQSh Global Media Agentligi quvvatlaydigan Ochiq Texnologiya Fondi senzuraga qarshi kurashadi

AQSh Global Media Agentligi tomonidan moliyalanadigan Ochiq Texnologiya Fondi o'z ishini to'xtatishi mumkin, chunki mablag' qirqiliadi degan xavotir kuchaymoqda. 2012-yilda tuzilgan nohukumat tashkilot repressiya kuchli mamlakatlarda mustaqil ovoz va liberal qadriyatlarni olg'a surgan faollar va mutaxassislarga raqamli texnologiya sohasida moddiy va professional yordam berib keladi.

2020-yil uchun fondga 21 million ajratilgan. Yaqinda AQSh Global Media Agentligi rahbariyati yangilandi va fond boshlig'i ishdan olindi. Tashkilot bilan ishlayotgan tomonlar xavotirda: faoliyatda o'zgarishlar bo'lishi va mablag' kamayishi mumkin.

Chunki Maykl Pek, agentlikning yangi rahbari, vaqtincha moliya oqimini to'xtatgan. Yangi boshqaruvga o'tilar ekan, bu zarur chora, deya tushuntiradi mutasaddilar.

Pekning qarorlariga qarshilik kuchayib, bir necha sobiq elchi, agentlikning oldingi boshqaruv kengashi a'zolari va boshqalar federal sudga arz qilgan. Sudya murojaatni qabul qilmadi, lekin shikoyatchilar apellyatsiya tartibida murojaat qilib, javob kutmoqda.

Ochiq Texnologya Fondi ishi to'xtab qolmasligini talab qilib, 500 dan ortiq tashkilot, xususan "Mozilla" singari yetakchi internet kompaniyalari AQSh Kongressidan yordam so'ragan.

Murojaatda AQSh Global Media Agentligi fondga atalgan pulni boshqa maqsadlar uchun sarflaydi, deya xavotir bildirilgan.

Maykl Pek, AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari
Maykl Pek, AQSh Global Media Agentligining yangi rahbari

Agentlik bu boradagi savollarga hali javob bermagan. Pek sal oldingi intervyularida fond faoliyati tahlil ostida ekanini aytib, uning kelajagi xavf ostida emas, degan.

Ochiq Texnologya Fondi nafaqat agentlik orqali Kongressdan, balki xususiy manbalardan ham moliya oladi. Ochilganidan beri 50 dan ortiq tashkilotga 50 mingdan 200 ming dollargacha grant bergan.

Axborot oqimi cheklangan muhitlardagi erkin ovozlarni rag'batlantirish bilan birga fond senzuraga qarshi treninglar ham olib boradi. Texnik va yuridik choralar ko'rishni o'rgatadi. Bloklarni chetlab o'tish sirlarini ulashish bilan birga 200 dan ortiq tilda maxsus programmalar taklif qiladi.

2013-2016 yillarda fond OTF "Signal" aloqa tizimi uchun 3 million dollar ajratgan. Yana 3 million dollar "Tor" degan tarmoqqa berilgan. "Tor" bloklangan muhitda anonim tarzda istagan sayt va platformaga kirish imkoniyatini beradi.

"Let’s Encrypt", bizneslarni xakerlar va kiber hujumlardan asrovchi sistema, "WireGuard" singari VPN, ya'ni bloklarni hatlab o'ta oladigan programmalarga ham Ochiq Texnologya Fondi homiylik qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG