Breaking News

Uch terrorchi guruhning onlayn moliyaviy manbalari yo’q qilindi


Xamas guruhi harbiy qanotining niqobdagi a'zolari yurishi, G'azo, Falastin, 2020-yil, 14-fevral
Xamas guruhi harbiy qanotining niqobdagi a'zolari yurishi, G'azo, Falastin, 2020-yil, 14-fevral

AQSh Adliya vazirligining xabar qilishicha, “al-Qoida”, “Islomiy davlat” va Xamasning harbiy qanotlariga tegishli millionlab dollar va yuzlab virtual valyuta hisob raqamlari aniqlangan va musodara qilingan.

Rasmiylarning ta'kidlashicha, uchta guruhga aloqador 300 dan ortiq virtual valyuta hisoblarining musodara qilinishi shu paytgacha bu yo’nalishda amalga oshirilgan eng katta amaliyotdir. Bu choralar terrorchi guruhlarning mablag’ yig’ish usullari o’zgarib borayotganini ham ko’rsatgan.

"Bizning dushmanlarimiz o'zlarining yovuz va shafqatsiz maqsadlarini yashirish uchun zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoq platformalari va kriptovalyutalardan foydalanishlari hech kimni ajablantirmasligi kerak, - dedi Adliya vaziri Uilyam Barr o'z bayonotida. - Adliya vazirligi Amerika jamoatchiligi hayoti va xavfsizligini terrorchi guruhlardan himoya qilish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanadi".

Hibsga olingan hisob raqamlari, sud hujjatlariga ko'ra, dunyodagi virtual valyuta birjalarida ishlaydigan uchta terrorchi guruhga, ularning noma'lum donorlariga va anonim pul o'tkazuvchilarga tegishli. Hisoblarning 150 dan ortig'i Xamasning harbiy qanoti bo'lgan “al-Qassam” brigadasi tomonidan mablag’ to'plash maqsadida ishlatilgan.

Ikki turk pul o'tkazmalari operatori - Mehmet Akti va Xusamettin Karatash litsenziyasiz pul o'tkazish amaliyotlari bilan shug'ullanishda va “bitcoin” xayr-ehsonlarini pul qilib "yechib olish"da Xamasga yordam berganlikda ayblanmoqda. Sud hujjatlariga ko'ra, Akti yuzlab mijozlarga, shu jumladan, AQShda yashagan yoki AQShda hisob raqamlariga ega shaxslarga xizmat ko’rsatgan.

"Ushbu shaxslar raqamli makonda o’zlarining anonim ravishda ishlay olishlariga ishonsalar-da, biz qonundan to’liq foydalangan holda ushbu ijrochilarni topish va javobgarlikka tortish imkoniyatiga egamiz", - dedi AQShning Kolumbiya okrugi prokurori vazifasini bajaruvchi Maykl Shervin.

Virtual valyuta bo’lgan “bitcoin” “blockchain” deb nomlangan texnologiya yordamida ro’yxatdan o’tkaziladi va uning foydalanuvchilari kim ekanini aniqlab bo’lmaydi. Natijada bu pullar anonim valyutaga aylanadi.

Mutaxassislar va bir qator siyosatchilarga ko’ra, terrorchi va jinoiy guruhlar ushbu anonimlikdan o'z faoliyatlarini moliyalashtirish uchun foydalanib kelmoqda. So'nggi yillarda IShID va “al-Qassam” brigadalari bitkoindan foydalanib kelayotgani ma'lum. RAND korporatsiyasining 2019-yilgi hisobotiga ko'ra, terrorchi tashkilotlar kriptovalyutalarni mablag’ to'plashdan tortib giyohvandlik va qurol savdosi kabi amaliyotlarni moliyalashtirishgacha bo’lgan keng ko'lamli faoliyat turlariga jalb qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar ishtiroki

“Al-Qassam” brigadasi raqamli valyutalardan foydalanishni 2019-yil boshida “Twitter”da "Bitcoin” orqali Falastin qarshiligiga xayr-ehson qiling" chaqirig'i bilan boshlagan edi. Keyin guruh izdoshlarini o’zining norasmiy saytlarga yo’llab, “bitcoin” ehsonlari manbalari anonym qolishini va ular “zo’ravon maqsadlar yo’lida foydalanilishi”ni targ’ib qildi.

"Ular video qo’llanma orqali har bir donor uchun yaratilgan noyob “bitcoin” manzillaridan foydalangan holda qanday qilib anonim ravishda xayriya qilish mumkinligini ko’rsatib berishdi", deyiladi Adliya vazirligi bayonotida.

Xayr-ehsonlar, shu jumladan, AQShdagi odamlar tomonidan berilgan mablag’lar fosh qilingach, Federal Qidiruv byurosi, Soliq xizmati va Milliy Xavfsizlik bo'yicha tergov xodimlari “al-Qassam” brigadasi hisob raqamlariga pul tushirgan 150 dan ortiq hisoblarni aniqlab, ularni musodara qildi.

"Yaqinda o'tkazilgan operatsiya shuni ko'rsatdiki, FQB o'z hududida va chet elda amerikaliklarga zarar yetkazmoqchi bo'lgan ushbu tashkilotlarning moliyaviy manbalarini to'xtatishga qodir", - dedi FQB direktori Kristofer Rey.

Turkiyalik Murat Chakar ismli shaxsga tegishli “Facebook” sahifalari va go’yoki niqob sotish uchun yaratilgan soxta sayt ham tortib olingan. Chakar IShID terrorchi guruhining Turkiyadagi vakili bo’lgani da’vo qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG