Breaking News

Liviyada AQSh va Turkiya o'zaro til topishmoqda


So'nggi yillarda mintaqaviy siyosatdagi tafovutlar va o'zaro ishonchsizlik tufayli Turkiya va AQSh munosabatlari sovuqlashgan. Anqaraning Liviya mojarosiga chuqur kirib borishi bu munosabatlarni qayta tiklash uchun imkoniyat sifatida ko’rilmoqda.

Yanvar oyida Turkiya Tripolidagi BMT tan olgan Milliy kelishuv hukumatini qo'llab-quvvatlash uchun Liviyaga harbiylarini kiritdi. Bu orada Liviya sharqida joylashgan general Xalifa Haftar boshchiligidagi kuchlar Tripolini egallash harakatlarini davom ettirmoqda. Haftarning Liviya Milliy armiyasi Misr, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan qo'llab-quvvatlanadi.

Anqaraning harbiy aralashuvi ortidan Haftar kuchlari Tripoli yaqinidan surib chiqarildi. Milliy kelishuv hukumati kuchlari endi mamlakat energiya manbalarini nazorat qilishning kaliti bo'lgan Sirte shahrini egallashga hozirlik ko'rmoqda.

Tahlilchilarga ko’ra, Turkiyaning Liviyaga aralashishi Vashington bilan til topishishga yordam bermoqda.

Rossiya munosabati

"Amerika Qo'shma Shtatlari va Turkiya Liviya masalasida yakdil ko'rinadi, - deydi Turkiyaning Qatardagi sobiq elchisi, hozir sharqiy O'rta Yer dengizidagi energiya manbalari bo'yicha maslahatchi Mithat Rende. - Liviyaning sharqiy qismiga rus jangarilarining joylashtirilishi Amerikani bezovta qildi. Turkiya va AQSh endi birga ishlashlari mumkin".

Moskva Haftarga harbiy yordam berilganini rasman rad qilmoqda, ammo AQShning may oyida e'lon qilgan bayonotiga ko'ra, Vagner guruhiga aloqador rossiyalik 1200 ga yaqin yollanma jangchi Liviyaga kirgan. Vagner guruhi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin Yevgeniy Prigojin tashkil qilgan xususiy xavfsizlik xizmati hisoblanadi.

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan beri Rossiya Liviyani o'z ta'siriga o'tkazishga intiladi. Kuzatuvchilarga ko'ra, Moskva O'rta yer dengizida Suriyadan tashqari yana bir harbiy-dengiz bazasini ochish niyatida.

"Turkiya Rossiyaning Sharqiy O'rta yer dengizidagi harbiy-dengiz kuchlariga qarshi tura oladigan yagona kuchdir. Turkiya ko’proq Qo'shma Shtatlarga qarab yaqinlashmoqda, bu ruslarni xursand qilmasligi aniq", - deydi London Energiya klubi eksperti Mehmet Ogutchu.

5-iyul kuni Haftar nazoratidagi harbiy samolyotlar Turkiya qo'llab-quvvatlovi bilan yaqinda qo'lga olingan aviabazaga zarba berdi. Natijada Al-Vatiya havo bazasi jiddiy zarar ko'rdi. Hozir Anqara baza mudofaasini kuchaytirmoqda. Mojaro avj olayotgani ortidan Anqara Vashingtonga yordam umidi bilan yuzlanmoqda. Bu esa Rossiya bilan so’nggi yillarda iliqlashgan aloqalarga yana rahna solishi mumkin.

Turkiya harbiy imkoniyatlari cheklanganmi?

Tahlilchilarga ko'ra, Turkiya so’nggi yillarda bir qator harbiy mojarolarga aralashgani bois hozir yordamga muhtoj.

"Hozirgi kunda Turkiya Shimoliy Iroqda, Suriyada, Sharqiy O'rta yer dengizi va Liviyada 3-4 ta harbiy operatsiyalarni o'tkazmoqda, - deydi Anqara universitetining xalqaro aloqalar professori Ilhan Uzgel. - Turkiya ko’payib ketgan harbiy harakatlarini davom ettira olishi uchun Rossiyadan emas, AQShdan ko’mak kutmoqda".

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anga qarshi 2016-yil muvaffaqiyatsiz harbiy to'ntarish amalga oshirilishi ortidan Turkiya AQShdan uzoqlashib, Rossiyaga yaqinlashish yo’lini tutdi. Anqara Turkiyadagi to’ntarishda AQShning ham qo’li bor degan taxminda. Vashington bunday iddaoni keskin rad etadi.

Putin AQSh-Turkiya o’rtasidagi taranglikdan foydalanishga urindi. Moskvaning “S-400” mudofaa tizimini Turkiyaga sotishi Anqara va Vashington o'rtasidagi munosabatlarni yanada yomonlashtirdi. Natijada Turkiya AQShning “F-35” qiruvchi samolyotini tayyorlash va sotib olish dasturidan chetlashtirildi.

Vashingtonning ta'kidlashicha, “S-400” tizimi “F-35” samolyotining maxfiylik texnologiyasini buzadi.

Ishonchsizlik

Mintaqaviy siyosatdagi tafovutlar Vashington va Anqara o’rtasidagi o'zaro ishonchsizlikni kuchaytirmoqda. AQSh Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi urushda kurd bo’linmalarini qo'llab-quvvatlagani Anqarani g'azablantirdi. Turkiya kurdlarning bu guruhini o'nlab yillar davom etgan kurd isyonlariga aloqador terrorchi tashkilot deb hisoblaydi.

Moskva Suriya prezidenti Bashar Assadni, Anqara esa suriyalik isyonchilarni qo'llab-quvvatlashiga qaramay, Turkiya va Rossiya Suriyadagi fuqarolar urushini to'xtatish uchun Eron bilan hamkorlik qilmoqda.

"Bu vaqtinchalik ittifoq. Rossiya-Turkiya munosabatlari hozir yaxshi bo'lsa ham, Suriyada va Liviyada taranglik yuqori”, - deydi tahlilchi Ogutchu.

O'tgan oy Istanbulda Suriya va Liviyani muhokama qilish uchun o’tkazilishi belgilangan yuqori darajali Rossiya-Turkiya diplomatik uchrashuvi so’nggi daqiqalarda bekor qilinishi tomonlar o’rtasida kelishmovchilik kuchayib borayotganining belgisi sifatida ko’rilmoqda.

Anqara Vashingtonga qaytyaptimi?

Anqara yana Vashington tevaragiga qaytishi mumkinligi haqida ishora bermoqda. Bir milliard dollarlik “S-400” raketa tizimini ishga tushirishning kechiktirilishi AQSh tomonidan Turkiyaga iqtisodiy sanksiyalar qo’yilishining oldini oldi.

Nyu-York janubiy okrugi bo'yicha prokuror Richard Bermanning o'tgan oy Tramp tomonidan ishdan olinishi Anqarada iliq kutib olindi. Berman Turkiya davlatiga qarashli Xalq bankiga qarshi Eron sanksiyasini buzgani uchun jinoiy ish qo'zg'agan edi.

Anqara ayni paytda Amerikaning suyultirilgan tabiiy gazini sotib olayotgani Vashingtonda ijobiy qarshi olinmoqda.

"Suyultirilgan gazimizning 40 foizi Amerikadan keladi. Yevropada faqat Ispaniyadan keyin ikkinchi o’rindamiz. Biz Rossiya gaziga bo'lgan qaramligimizni kamaytirishga harakat qilmoqdamiz", - deydi Ogutchu.

So'nggi oylarda Erdog'an, shuningdek, Amerikaga qarshi keskin bayonotlar qilishdan o’zini tiymoqda. U dindor saylovchilar qatlamining ko’nglini olish uchun Vashingtonga nisbatan tez-tez tanqidlar yog’dirib turardi.

Iqtisodiy vaziyat ham Anqaraning Vashingtonga nisbatan qarashlari yumshayotganida muhim ahamiyatga ega. “COVID-19” pandemiyasi allaqachon zaif turk iqtisodiyotiga katta zarar yetkazmoqda.

"Iqtisodiyotni ushlab turish uchun Erdog'an moliyaviy yordamga muhtoj, - deydi Uzgel. - Bu yil qarz to’lovlari bor. Turizm hamma joyda bo'lgani kabi Turkiyada ham kamaymoqda. Iqtisodiyot haqiqatdan ham jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Shuning uchun Erdog'anga pul kerak. Menimcha, bu Pekin yoki Moskvadan kelmaydi. Demak, AQSh Erdog’an hukumati suyanishi mumkin bo’lgan yagona mamlakat”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG