Breaking News

Delaver - prezidentlikka demokrat nomzodning ona shtati


Delaver shtati

100 ming ham chiqmaydigan aholisi bilan Delaver AQShning eng kichik shtatlaridan biri. Atlantika okeani bo'yida joylashgan. Sanoatlashgan hudud. 17-asrda shakllana boshlagan. 1787-yilda AQSh konstitutsiyasi qabul qilinishi bilanoq uni ratifikatsiya qilgan va ittifoqqa kirgan. Shu bois uni birinchi shtat deyishadi.

Delaver odatda katta voqealar markazida emas. Okeandan to'fonlar kelsa, e'tibor oshadi, yangiliklarda ko'proq yoritiladi. Asosan ishchi-mehnatkashlardan iborat aholi dunyo bilan u qadar bog'lanmagan. Muhojirlar ko'p, biroq odamlar tirikchilik dardi bilan ovora, xalqaro hayotga qiziqish past.

Biroq shtat sobiq senatori Jo Bayden prezidentlik uchun nomzod ekan, omma hayajonda.

"Delaverga e'tibor oshgan. Pandemik vaziyat bu yerda og'ir emas, ammo saylovda bizning odamimiz bor", - deydi Jozlin ismli ayol.

"Bizni mitti, arzimas shtat deb kelishgan. Ahamiyati past shtat deyishadi. Ammo, o'qimishli, mehnatkash xalq yashaydi bu yerda. Shtatimiz boshqalardan kam emas", - deydi Janis ismli suhbatdosh.

Vitse-prezidentlikdan keyin Bayden Delaverga qaytdi. Aholi keksa siyosatchi yana shu yerda ekanidan xursand.

"O'zimizdan chiqqan odam. Senatorlik paytida Jo Bayden poyezdda qatnar edi va ko'rib turardim. Kamtarin inson. Shahrimizda ham ko'rinib turadi. Oddiy odamlardan uzoqlashmagan, xushmuomala, taniymiz", - deydi Jeff ismli amerikalik.

2008-yilda Bayden vitse-prezidentlik uchun tanlanganida Delaver ahlining boshi osmonga yetgan edi. Hozir ham shunday, deydi jamoatchilik.

"Albatta boshimiz osmonda! Prezident Obama va Vitse-prezident Bayden birga kelib, saylovchilar bilan uchrashgani kechagidek esimda. Delaverni aylanishgan, xalq bilan gaplashishgan. Endi mana Bayden prezident bo'lishi mumkin. Shtatimiz bundan juda mamnun", - deydi Melanie ismli amerikalik.

Partiyaviy qurultoylar onlayn o'tmoqda. Prezidentlikka nomzod va vitse-prezidentlikka nomzod arboblar virtual murojaatlar qilmoqda. Demokratik partiyaning yulduzlari minbarda. Delaver shtati ham boshqalar singari uydan tomosha qilmoqda, dardu fikrini ijtimoiy tarmoqlarda bayon etmoqda. Pandemiya davridagi saylovoldi tadbirlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG